“Nafing agar xalqqa beshakdurur…”
Alisher Navoiy insonni shu qadar ulug‘laydiki, uning ko‘nglini olishni Makkatulloga borib ziyorat qilishdan ham afzal deb hisoblaydi. Shoirning bir g‘azali to‘g‘ridan to‘g‘ri quyidagi misralar bilan boshlanishi bejiz emas:
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay .
Shoir ko‘ngil atalmish mo‘jaz olamni muqaddaslik bobida Ka’baga tenglashtiradi. O‘zligini axtarib, Haqqa yetishish uchun Ka’baga sig‘inayotgan insonga o‘z siyratini maskan tutgan ko‘nglini unutib qo‘ymaslikni, unga Ka’badek sig‘inmoq darkorligini eslatib o‘tadi. Zero, Olloh nazargohi bo‘lmish ko‘ngil insonning o‘zligi, kamolot cho‘qqisi yashiringan yagona mas-kandir:
Ka’baki, olamning o‘lub qiblasi,
Qadri yo‘q andoqki, ko‘ngul Ka’basi.
Odamlar bir-birlariga qanchalik yaxshilik qilsalar, el-yurtga qancha ko‘p foyda keltirishni ko‘zlab yashasalar, mehnat qilsalar, bu sa’y-harakatidan o‘ziga o‘n chandon ko‘proq naf keladi .
Nafing agar xalqqa beshakdurur,
Bilki, bu naf o‘zungga ko‘prakdurur.
Oygul YOMATOVA, Beshariq tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi