Bilim bo‘lsa, mas’uliyat ortadi
Geografiya darslarida juda ko‘plab mavzular borki, ularni bolalarga tanishtirish barobarida tabiat ne’matlarini asrash, undagi hodisalarga befarq qaramaslik, ona tabiatning ertasi uchun javobgarlik hissini ham uyg‘otib borish mumkin. 5-sinfda “Gidrosfera”, “Dunyo okeani”, “Okean suvining harorati va sho‘rligi” mavzulari, 6-sinfda “Dunyo okeanining xususiyatlari”, “Hind okeani”, “Tinch okeani”, 7-sinfda “O‘rta Osiyoning daryolari, ko‘llari va suv omborlari”, “Yer osti suvlari” kabi mavzularda suvga bo‘lgan munosabat, hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirib borish mumkin. Darslarda videoroliklar orqali o‘quvchilar bilan Orol ko‘li yoki dunyo okeanlariga va boshqa joylarga sayohat qilish imkoniyatiga egamiz. Eng muhimi, o‘quvchilarga Yer sharida suvning o‘rnini ko‘rsata olishimiz kerak bo‘ladi.
Hayotni suvsiz tasavvur etib ko‘raylik, inson necha kun suvsiz yashay oladi? Organizmimizning 60 foizi suvdan iborat, agar inson hujayralarini har kuni suv bilan ta’minlab turmasa halok bo‘ladi. Suvning Yer sharida joylashuv, tabiatda tarqalishi, shundan qanchasi inson hayotida foydalanish uchun yaroqli ekanligi haqida o‘qituvchi o‘quvchilarga ma’lumot beradi. Tabiatda tarqalgan chuchuk suv bor-yo‘g‘i 1,7 foizni tashkil etadi. Bularning ham asosiy qismi muzliklarda to‘plangan. Qor va yomg‘irlarning yog‘ishi natijasida hosil bo‘ladigan daryo suvlarini tozalab ichimlik suvi sifatida xalqqa yetkazib berish uchun esa qancha mablag‘ zarur.
Tabiat bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan uzviy zanjirni tashkil etadi, agar bog‘larda uzilish yuz bersa, bunda yana bog‘ hosil qilish uchun uzoq vaqt va mablag‘ kerak bo‘ladi. Barchasini me’yorda ushlab turish uchun esa insoniyat ongini tarbiyalash, tabiatga mehr uyg‘otish zarur.
Mohira TOHIROVA, Samarqand shahridagi 40-maktab o‘qituvchisi
Zebo ALIMOVA, Samarqand shahridagi 29-maktab o‘qituvchisi