Xalqaro tadqiqotlarda o‘quvchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholash
Yunusobod tumanidagi 70-umumta’lim maktabida Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan “Xalqaro tadqiqotlarda o‘quvchilarning tabiiy fanlar savodxonligini baholash bo‘yicha metodik qo‘llanmalaridan samarali foydalanish usullari” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminarda boshqarmaning tabiiy fan metodistlari va tayanch maktab o‘qituvchilari ishtirok etdi. Tadbirda ishtirokchilar PISA dasturi va xalqaro tadqiqotlarda o‘quvchilarning tabiiy fanlar savodxonligini baholash bo‘yicha metodik qo‘llanmadan foydalanish usullari haqida batafsil ma’lumot oldi.
Xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish, bevosita ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liqdir. Unda ishtirok etish, nafaqat O‘zbekiston, balki, jahon hamjamiyatida o‘quvchilarning o‘quv dasturlarini yodda saqlab qolganligini baholashdan ularning kompetensiyalarini baholash, ya’ni maktabda egallagan bilimlarini real hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olishi, ijodiy va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va uni baholashga o‘tishda muhim vosita bo‘lib hisoblanadi.
Seminarda “Xalqaro tadqiqotlarda o‘quvchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholash” nomli metodik qo‘llanma xalqaro baholash dasturlari haqida umumiy tushunchalar, asosiy tamoyillar haqida ma’lumotlar berish va o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga mo‘ljallangan topshiriqlardan namunalarni hamda ularni baholash mezonlarini o‘z ichiga olishi haqida gapirildi.
Seminar o‘qituvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Lola BOLTAYEVA, Yunusobod tumanidagi 273-maktabning geografiya fani o‘qituvchisi