PISAga tayyormisiz?
Ma’lumki, O‘zbekiston 2021-yilda PISA xalqaro baholash dasturida ishtirok etadi. Bu dasturda 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasi aniqlanadi. Dasturda muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rish o‘qituvchi va o‘quvchilar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Har bir dars va to‘garak mashg‘ulotlarida tadqiqotda ishtirok etgan davlatlarning tajribasi, 2015-yilda tushgan PISA materiallari bilan muntazam tanishib borish zarur. Ayniqsa, o‘quvchilarning matematik savodxonligini oshirishga alohida urg‘u berish kerak.
Dars jarayonida an’anaviy savollar o‘rniga o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga undaydigan, fanlararo bog‘liqlikka e’tibor qaratadigan tabiiy-ilmiy savollarga urg‘u berish darkor.
Masalan:
1) “Kamalakda qanday ranglar bor?” degan savol o‘rniga “Nima uchun kamalakda qora rang yo‘q?” (Qora rang tabiiy holatda mavjud emas, boshqa ranglar aralashmasidan iborat).
2) “Ikki nuqtadan nechta to‘g‘ri chiziq o‘tkazish mumkin?” degan savol o‘rniga “Kiyim ilgich mahkam bo‘lishi uchun kamida nechta joyiga mix qoqiladi?”
3) “Aks-sado nima?” degan savol o‘rniga “Nima uchun katta konsert zallari qalin pardalar va yumshoq o‘rindiqlar bilan bezatiladi?”
4) “Ritmiklik” deb nimaga aytiladi?” degan savol o‘rniga “Nima uchun insonlarning faolligi kunduzi soat 12 dan 14 gacha pasayadi?” kabi savollarni berish zarur.
O‘quvchilarda kreativlik sifatlarini rivojlantirish, ular tomonidan ko‘proq savollar berilishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish shart. Mavzuga oid g‘ayrioddiy savollar berib yechimi ochiq qolgan muammo, g‘oyalarni aniq dalillar asosida muhokama qilishga o‘rgatish lozim. O‘quvchilarning fanga oid biror narsa ixtiro qilishlari, yangilik yaratishlariga motivatsiya (turtki) berish kerak. Kompyuterda biror muammoning foydali va zararli jihatlarini ochib berishga oid rasmlar chizdirishga e’tibor berish maqsadga muvofiq. Masalan, “Giyohvandlik” mavzusi berilganda giyohvandlikning zararli jihatlari, oqibatlarini ochib berish bilan birga, sog‘lom turmush tarzini ham rasmlar orqali
ifodalay olish kerak. Biror narsaning logotipini yaratish o‘quvchini ijodkorlikka undaydi.
Darslarda DOK (Bilim chuqurligi) va BLOOM TAKSONOMIYASI darajasidagi savollarni berib borish lozim. Masalan, 8-sinf geografiyasidagi “O‘zbekiston tabiiy sharoiti va boyliklarining milliy iqtisodiyotdagi ahamiyati” mavzusi yuzasidan quyidagicha savol va topshiriq bilan murojaat qilish mumkin:
1. O‘zbekiston yer boyliklariga qanday yerlar kiradi?
2. Obikor yerlar lalmikor yerlardan qanday farq qiladi?
3. Obikor va lalmikor yerlardan O‘zbekiston sharoitida qanday foydalaniladi?
4. Nima uchun cho‘llarda obikor yerlar samarasi lalmikor yerlardan 1000 marta ortiq?
5. O‘zbekiston cho‘l, adir, tog‘ va yaylov mintaqasidagi yerlardan unumli foydalanish uchun qaysi sohalarni rivojlantirish zarur, deb o‘ylaysiz? Sizningcha, yerlarning unumdorligini oshirish uchun
qanday tadbirlarni amalga oshirish zarur?
6. Ma’lumki, O‘zbekistonning umumiy yer maydoni 44,4 mln gektarni tashkil etadi. Buning qariyb yarmi qishloq xo‘jaligiga tegishli maydonlardir. Qishloq xo‘jaligiga tegishli bo‘lmagan maydonlarga qayerlar kiradi va ulardan qanday foydalanilsa milliy iqtisodiyot rivojlanadi, deb o‘ylaysiz? O‘z loyihangizni yarating.
Shu bilan birgalikda, 2015-yilda berilgan topshiriqlarni qo‘llab, monitoring qilish, har bir o‘quvchi bilan muntazam shug‘ullanib borish darkor.
Yurtimizdagi barcha o‘qituvchi va o‘quvchilarni, Jahon bankining 1% mablag‘i kiritiladigan PISA tadqiqotlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishini istagan barchani tinimsiz izlanishga chaqiraman.
Shahzodaxon NURBUVAYEVA, Marhamat tumanidagi 24-maktabning geografiya fani o‘qituvchisi