Tanlov sinflarida jarayon qizg‘in
Oliy ta’lim muassasalari qoshidagi akademik litseylarda o‘quvchilar ta’lim yo‘nalishlarini tanlab, shunga oid fanlarni ko‘proq o‘qiydi. Akademik litseyning 1- va 2- kursi maktabning 10-11-sinfiga to‘g‘ri keladi. Akademik litseyning aniq fanlar (fizika va matematika) yo‘nalishida 1-kursda fizika fani haftasiga 6 soat o‘qitiladi. Shundan 2 soati ma’ruza, 4 soati amaliy dars bo‘lib, shu 4 soat dars ham 2 guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Maktabning 10-sinfida esa fizika fanidan haftalik dars 2 soat. Maktablarda ham xuddi akademik litseylaridek ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish mumkinmi?
Xalq ta’limi vazirining 2019-yil 28-dekabrdagi 405-buyrug‘iga asosan maktablarning 10–11-sinfida variativ o‘quv reja joriy qilindi. Bu loyiha ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Chunki o‘quvchi hamma fanlarni to‘liq egallay olmaydi.
Ma’lumki, tanlov sinflar uchun quyidagi yo‘nalishlar tanlab olindi:
1. Xorijiy til va filologiya yo‘nalishi.
2. Moliya-iqtisod yo‘nalishi.
3. Texnologiya yo‘nalishi.
4. Tabiiy fanlar yo‘nalishi.
5. Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalish.
Tanlov sinfi uchun variativ o‘quv rejani tuzishda 2019/2020-o‘quv yiliga mo‘ljalangan tayanch o‘quv rejada 10-11-sinflarga ajratilgan umumiy dars soatlari miqdori asos qilib olindi. Bunda, haftalik umumiy soatlar miqdori 10-sinfda 30 soatni, 11-sinfda 31 soatni tashkil etadi. Tayanch o‘quv rejada 10–11-sinflarda 15 ta fan o‘qitiladi. Tavsiya etilayotgan variativ o‘quv rejada 10–11-sinflarda 8 ta fan o‘qitiladi. Variativ o‘quv rejada majburiy fanlar va tanlov fanlar o‘tiladi.
Maktabimizda tanlov sinfi yo‘nalishini aniqlash maqsadida 10–11-sinf o‘quvchilari orasida so‘rovnoma o‘tkazganimizda, faqat bir nafar o‘quvchi boshqa yo‘nalishni tanladi. Ko‘pchilikning talabiga muvofiq fizika va matematika fanlari ilmiy va amaliy jihatdan chuqur o‘rgatiladigan tanlov sinflari tashkil etildi.
Xo‘sh, bu tanlov sinfning an’anaviy sinfdan farqi nimada? An’anaviy 10-sinfda fizika fanidan haftalik dars 2 soatni tashkil etadi. Bu davrda fizika fanidagi mavzularni to‘liq egallash uchun vaqt kamlik qiladi. Ochig‘ini aytganda, mavzularni to‘liq tushuntirishga imkon bo‘lmaydi. Bundan tashqari, bu sinfda fizika va matematika fanlarini o‘rganishga layoqati bo‘lgan o‘quvchilar soni ozchilikni tashkil etadi. An’anaviy 10-sinfda 26 nafar o‘quvchi o‘qiydigan bo‘lsa, ularning har qaysisi turli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga boradi. An’anaviy sinfda birorta fan bo‘yicha chuqur bilim berilmaydi. Texnologiya yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv rejada majburiy fanlar 10-sinfda haftalik dars soati 19 soat. Tanlov fanlari esa (matematika va fizika) haftada 11 soatni tashkil etadi. Shu tanlov sinfida fizika fani haftasiga 7 soat o‘qitiladi. Bu vaqt davomida fizika fani ilmiy va amaliy jihatdan chuqur o‘rganiladi. Tanlov sinflarida fizika fanidan murakkab mavzular o‘rganiladi. O‘quvchilarga fizikadan viloyat, respublika va xalqaro olimpiada masalalari dars jarayonida yechib ko‘rsatiladi. Bularni amalga oshirish uchun dars soatlari yetarli. Qolaversa, tanlov sinflarida o‘qiydigan o‘quvchilarning hammasida yo‘nalishga oid fanlarni o‘qish ehtiyoji va layoqati bor. Tanlov sinflarida fizika va matematika fanidan ta’lim berishda o‘quvchilarning qobiliyati, salohiyati va iqtidori rivojlantirib boriladi. An’anaviy sinfda o‘qiydigan o‘quvchilar darsdan so‘ng fizika va matematika fanlaridan repetitorga borishga majbur bo‘lardi. Tanlov sinfida esa bunga hojat qolmaydi. Variativ sinflarni tanlagan o‘quvchilar orasida iqtidorlilari ko‘p. Tashkil etilgan tanlov sinflarida o‘quvchilar fizika va matematika fanlarini chuqur o‘zlashtirmoqdalar. Bu jarayon, albatta, o‘z natijasini beradi, deb o‘ylayman.
Isroil JO‘RAYEV, Shofirkon tumanidagi 4-maktabning fizika fani o‘qituvchisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi