“O‘qituvchilarimiz bilimi repetitorlarnikidan kam emas!”
Ma’lumki, Xalq ta’limi vazirligining 2019-yil 28-dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ o‘quv rejalarini tajriba-sinovdan o‘tkazish tog‘risida”gi buyrug‘i asosida ayrim ta’lim muassasalarining 10-11-sinflarida tanlov sinflari tajriba-sinov sifatida joriy etildi. Bu orqali o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarini ko‘tarish, ota-onalarni moddiy qiyinchiliklardan qutqarish, yuqori malakali o‘qituvchilarning nufuzini yanada oshirish ko‘zlangan. Mazkur yo‘nalishda o‘quv jarayonlarini boshlagan ta’lim muassasalarining faoliyati bilan qiziqdik. Ular tajriba-sinov jarayonida qanday muammolarga duch kelmoqda?
— 2019/2020-o‘quv yilining 3-choragidan boshlab 10-11-sinflarda variativ o‘quv rejalarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha maktab rahbariyati, kuzatuv kengashi va o‘qituvchilardan iborat ishchi guruh tashkil etildi, — deydi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Dildora Abdullayeva. — Avvalo, ishni o‘quvchilardan so‘rovnoma olishdan boshladik. Qolaversa, ota-onalar majlisga chaqirilib, yangi tizimning maqsad-vazifalari tushuntirildi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 10-sinflarda o‘qiyotgan 108 nafar o‘quvchining 30 nafari, 11-sinflardagi 80 nafar o‘quvchining 29 nafari xorijiy til va filologiya yo‘nalishini tanladi. Qolgan yo‘nalishlarda esa o‘qishga xohish bildirganlar kamchilikni tashkil etdi. Maktabimizning xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgani sabab o‘quvchilarning katta qismi mana shu yo‘nalishni tanladi. Barcha tashkiliy ishlar hal qilingach, dars jarayonlarini boshladik. Ushbu sinflarga haftasiga ingliz tilidan 4 soat qo‘shimcha (jami 8 soat), ona tilidan 3 soat qo‘shimcha darslar o‘tilmoqda. Qolgan o‘quvchilar o‘z ixtisosligi bo‘yicha an’anaviy sinflarda ta’limni davom ettirmoqda. O‘quv mashg‘ulotlarini yanada sifatli olib borish, oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlariga tayyorlash maqsadida bu sinflariga oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar biriktirildi. Ularga qo‘shimcha soatlari uchun maosh belgilandi.
Tanlov sinflarida dars o‘tish o‘qituvchilardan ikki karra mas’uliyat talab etadi. O‘quvchilar, ota-onalarning ishonchini oqlash va kelgusida natijaga erishish pedagoglarning oliy maqsadiga aylandi. Yangicha kuch-g‘ayrat bilan ishlayotgan ustozlardan birining fikrlariga quloq tutdik.
― Ushbu tizim o‘quv yilining boshidan joriy etilganda yana ham yaxshiroq bo‘lardi deb o‘ylayman, deydi 11-sinflarga biriktirilgan ingliz tili fani o‘qituvchisi Sabohat Mahmudova. — Bitiruvchi sinflar uchun biroz qiyin. Chunki imtihonga vaqt kam qoldi. Lekin imkon darajasida bo‘shliqlarni to‘ldirishga harakat qilyapmiz. Yana bir muammoli tomoni — biz doim til o‘rganishda mashg‘ulotlarni ikki guruhga bo‘lingan holda olib borganmiz. Yangi tizimda dars jarayonlari bir sinfda o‘tilmoqda. Ba’zida o‘quvchilarning savollariga javob berishga ulgurmay qolyapman. Shu jihatdan biroz qiyinchilikka uchradim. Albatta, tizimning ijobiy tomonlari ko‘p. O‘quvchilar o‘zi tanlagan oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarida zarur bo‘lgan fanlar bilan ko‘proq shug‘ullanadi. Natijani ko‘rish maqsadida o‘quvchilardan har hafta yakunida test olinmoqda. Qo‘shimcha soatlarda 2019-yilda kirish imtihonlarida tushgan test variantlari hamda Test Masterdan foydalanyapmiz.
Maktab rahbariyati va o‘qituvchilar bilan gaplasha turib, jarayon ko‘ngildagidek olib borilayotganini angladik. Albatta, ushbu tizimning ijobiy natija ko‘rsatishi o‘quvchilarga bog‘liq. Bu haqida ular nima deydi?
― Biz tabiiy fanlardan fundamental bilimga ega bo‘lganmiz, — deydi 11-sinf o‘quvchisi Husniddin Najimov. — Bu tizim tashkil etilgani hammamizga birdek ma’qul bo‘ldi. Sinfdoshlarimiz bilan bor kuch-g‘ayratimizni faqat o‘z yo‘nalishimizda asqotadigan fanlarga qaratayotgan edik. Endi maktabdagi o‘quv jarayonlaridan qoniqyapmiz. Hattoki, shu kunga qadar borayotgan o‘quv kurslarimni biroz qisqartirdim. Maktabdagi o‘qituvchilarimga ishonchim ortmoqda. Ularning bilim darajasi repetitorlarimizdan kam emas degan fikrga keldim.
Butun xayoli repetitorlarida, maktabga faqat davomat uchun kelib-ketib yurgan o‘quvchilarning quvonchi cheksiz. Ayniqsa, 10-sinf o‘quvchilarining omadi keldi. Ular endi 1 yildan ko‘proq vaqt davomida faqat o‘zlariga kerakli fanlarni o‘qish imkoniga ega.
— 10-sinflar uchun tanlov sinflarini ochishga qaror qildik. So‘rovnomadan ma’lum bo‘ldiki, aksariyat o‘quvchilar moliya va iqtisod yo‘nalishiga qiziqarkan, — deydi Uchtepa tumanidagi 81-maktab direktori Ziyoda Haydarova. — Dars jarayonlari qizg‘in olib borilmoqda. Mazkur sinfga oliy ta’lim muaassasalariga kirish imtihonlari bilan yaxshi tanish, tajribali o‘qituvchilarni jalb qildik. Boshqa fan o‘qituvchilarining darslari 1-2 soatga qisqardi. Noroziliklar bo‘lmadi. Quvonarlisi, boshqa o‘qituvchilar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ldi. Hozir bizga tanlov sinflarida darslarni yanada qiziqarli olib borish uchun texnik vositalar yetishmayapti. Elektron doska hamda ingliz tili fani uchun lingafon xonasiga ehtiyojimiz bor. Kelgusida bu muammolarni bartaraf etish niyatidamiz. O‘quvchilarning bilimini sinash maqsadida tuman, shahar miqyosida bir yo‘nalishda o‘qiydigan o‘quvchilar o‘rtasida bilimlar bellashuvi tashkil etish taklifini bermoqchiman.
— Yo‘nalishli sinfga o‘tgach, bolamning o‘qishida o‘zgarish sezdim, — deydi Surayyo Mahmudova. — Sinfdoshlaridan qolib ketmaslikka harakat qilyapti. Barcha uy vazifalarini jon kuydirib bajarmoqda. Ota-onalar farzandlarining bilimidan xabardor bo‘lishi uchun “Telegram” messenjerida guruh tashkil etildi. U orqali har hafta yakunida farzandlarimizning bir haftalik natijalari bilan tanishib boryapmiz. Qo‘shimchaga borganda repetitoridan bolamning bilim darajasini so‘rash imkoni yo‘q edi. Uyda ham talabni kuchaytirdim. O‘glim maktabda olgan bilimlari bilan oliygohga o‘qishga kirishini juda xohlar edim.
Yangi tizim o‘qituvchilarning ham, o‘quvchilarning ham, ota-onalarning ham ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Dars jarayoniga kirganda o‘quvchilarning ko‘zlari yonib, yangicha shijoat, yangicha kuch bilan bilim olishga intilayotganini payqadik. Albatta, tajriba-sinov jarayonlari muvaffaqiyatli yakun topib, mutasaddilar ko‘zlangan maqsadga erishadi, degan ummiddamiz.
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri