Qobiliyatini sezdingizmi, ixtisoslashtiring!
Umumiy o‘rta ta’lim maktabida chorak asrdan buyon boshlang‘ich sinflarga dars berib kelaman. Kezi kelganda maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarning boshlang‘ich sinflaridayoq bolada kasb-korlarga havas uyg‘otish, tasavvur va ko‘nikma hosil qilishga erishish zaruriyatiga to‘xtalmoqchiman. Endilikda aksariyat bolalar maktabga boshlang‘ich tayyorgarlik ko‘rib kelyapti. Ular orasida maktabgacha tarbiya maskanlarida chet tilini anchagina o‘zlashtirganlari ham uchraydi. Bunday o‘quvchilarni 1-sinfga tabaqalashtirmagan holda jalb etishdan naf yo‘q, balki ularga alohida chuqurlashtirib ta’lim bergan afzal.
Maktabimizda bu sohada o‘tgan yillar mobaynida yaxshigina tajriba to‘plandi. Ilmning u yoki bu qirrasi bo‘yicha o‘z iqtidorini yoshligidanoq namoyon etayotgan o‘quvchilarning bilim olish jarayoni yuqori malaka va ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan ustoz-muallimlar tomonidan alohida nazorat qilinib, yo‘naltirib boriladi.
Namunali axloq-odobi bilan alohida ajralib turuvchi o‘quvchilarni past baholarga o‘qiyotgan, tarbiyasi og‘ir bolalarga o‘rnak qilib ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlarning ham o‘rni beqiyos. O‘quvchilarni bilim va iqtidori darajasiga ko‘ra alohida tarbiyalash, bu jarayonda o‘zini ko‘rsatib, bilimli va intizomlilar safiga qo‘shilgan bolalarni esa namunali hisoblangan sinflarga o‘tkazish xususida ham o‘ylab ko‘rish kerak.
Zukko muallim bolaning iqtidorini alifbo sabog‘ining ilk haftalaridayoq anglab oladi. Shunga ko‘ra, saboqning dastlabki bosqichidan o‘quvchi ixtisoslashtirib borilsa, iste’dod yuzaga qalqib chiqadi.
Ba’zan maktabni tugatsa-da, bo‘lg‘usi hayot yo‘lini tanlay olmagan yoshlarni uchratamiz. O‘zidagi qiziqish-u iqtidorni anglab yetmagan, yuzaga chiqarolmagan o‘quvchi noto‘g‘ri yo‘nalishni tanlab, intilaveradi va har safar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Bunga qaysidir ma’noda ota-ona, o‘qituvchilar aybdor.
Jamiyatning muhtasham qasrini har tomonlama chiniqqan, bilimli, malakali yosh kadrlar barpo etishadi. Ushbu go‘zal “imorat”ni bunyod etuvchilarni tarbiyalashni maktab yoki o‘quv yurtidan emas, balki oila, bolalar bog‘chalaridanoq boshlamoq zarur.
Dilrabo SOBIROVA, Urganch shahridagi 11-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi