Onlayn olimpiadalarini tashkil etish va iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantirish axborot tizimi ishga tushirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida raqamli bilimlar va zamonaviy texnologiyalarini egallash bo‘yicha bergan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlar o‘quvchilari uchun “Onlayn olimpiadalar tashkil etish va iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantirish” axborot tizimi – olympiad.uzedu.uz ishga tushirildi.
Ushbu axborot tizimining taqdimot marosimi 21-fevral kuni bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi vazirlik axborot xizmati.
Axborot tizimining maqsadi o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, fanlarga oid qo‘shimcha materiallar bilan ta’minlab borish, egallagan bilimlarini baholash, natijalarni onlayn monitoring qilish uchun imkoniyat yaratishdan iborat.
Onlayn olimpiadalar 4-11-sinf, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan tashkil qilinadi. O‘quvchilar olimpiadada bepul va ixtiyoriy ravishda ishtirok etishlari mumkin. Buning uchun ishtirokchilar olympiad.uzedu.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishi va tahsil olayotgan ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi. Onlayn olimpiadalarni fanlar bo‘yicha o‘tkazish jadvali olympiad.uzedu.uz veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Onlayn olimpiada topshiriqlari murakkablik darajasi turlicha bo‘lgan 20 ta test savollaridan iborat bo‘lib, topshiriqlarni bajarish uchun o‘quvchilarga bir soat vaqt ajratiladi.
Onlayn olimpiada Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli yoshlar bilan ishlash departamenti tomonidan muvofiqlashtiriladi.
- 2020-yil — “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga juda katta e’tibor berilayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bu yil matematika, biologiya, kimyo va geologiya sohalarini rivojlantirish maqsad qilib qo‘yildi. Yangi joriy qilingan onlayn olimpiadalar axborot tizimi ilm-fan rivojiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan iqtidorli yoshlarni aniqlash imkoniyatini yaratadi, — dedi Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 3-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘gʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan ragʻbatini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrugʻini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash maqsadida qabul qilingan. Shu bilan birga, qarorda iqtidorli yoshlarni ragʻbatlantirishning yangi mexanizmlari belgilangan.