Ijod maktabi o‘quvchilaridan jiddiy takliflar
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tahsil olayotgan bir guruh iqtidorli o‘quvchi-yoshlarning o‘zbek tilini rivojlantirishga oid fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.
Dilafro‘z G‘AFUROVA, 8-sinf o‘quvchisi:
— Sinflarda izohli lug‘atlar bo‘lishini va ular bilan ishlash yo‘lga qo‘yilishini judayam istardik. To‘g‘ri, darsliklarimizda nazariy bilimlar jamlangan. Biroq biz ma’nosini tushunmagan so‘zlarni o‘rganishimiz fikrlash darajamiz tubdan yaxshilanishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, tilimizda shevalar ko‘p. Shevalarni ham o‘rganish men uchun qiziq. Maktablarda shevalarni o‘rganish, mashg‘ulotlari joriy qilinsa, ijobiy natija beradi deb o‘ylayman.
Husnora KAMOLOVA, 8-sinf o‘quvchisi:
— Ba’zan hollarda mashg‘ulot va darslardan tashqari o‘qiyotgan asarlarimizdagi so‘zlarni tushunishga qiynalamiz. Qani endi tilimiz tarixida ishlatilgan so‘zlarni o‘rgatadigan qo‘shimcha mashg‘ulotlar joriy qilinsa. O‘qirdik, imkon qadar o‘rganardik. Har holda, bu ham o‘zbek tili imkoniyatlarini to‘liq o‘rganishimizga zamin yaratardi.
Hafiza HASANOVA, 8-sinf o‘quvchisi:
— Tilimizga doir ko‘plab tadbirlar asosan ta’lim muassasalari, turli davlat tashkilotlarida bo‘lib o‘tadi. Aholimiz boshqa qatlam vakillarining esa bunday tadbirlarda ishtiroki deyarli sezilmaydi. Turli-tuman aksiyalar tashkil qilish kerak. Masalan, aholi o‘rtasida “O‘zbek tilining boy xazinasi” haftaligi ko‘rinishida o‘tkazilib, noyob so‘zlarni ma’nosi bilan to‘plashni targ‘ib qilsa bo‘ladi. Eng ko‘p so‘z to‘plagan qatnashchilar kitoblar bilan taqdirlansa, tilimizga bo‘lgan qiziqish yanada oshishiga olib kelsa, ajabmas.
Muxlisa RAJABALIYEVA, 8-sinf o‘quvchisi:
— Maktabda barcha fanlar qatori o‘z ona tilimizni o‘rganish — maroqli mashg‘ulot. Shuning uchun ham ona tili va adabiyot faniga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida tahsil olishni davom ettiryapman. O‘zbek tilini yanada rivojlantirish uchun ona tiliga ixtisoslashtirilgan maktablarni ko‘paytirishni taklif qilgan bo‘lardim. Chunki tilimizni o‘rganishga qiziquvchi o‘quvchilar ko‘pligini bu yerda o‘qish istagini bildirgan tengdoshlarim miqdoridan angladim.
Abror KARIMOV, 8-sinf o‘quvchisi:
— Har bir sohani rivojlantirish uchun fidoyi insonlar bo‘ladi. Bizning tilimizni ham bugungi kundagi darajasi uchun ajdodlarimiz, olimlarimiz, yozuvchilarimiz, shoirlarimiz mehnat qilishgan. Endilikda bu ishlarni yanada jonlantirishimiz uchun “O‘zbek tili bilimdoni” tanlovini keng miqyosda o‘tkazishni o‘ylab ko‘rish kerak. Axir “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgach, qanchadan qancha biz kabi o‘quvchilarning kitob mutolaasiga bo‘lgan munosabati o‘zgardi.
Diyora ALIJONOVA, 8-sinf o‘quvchisi:
— O‘zbek tilini o‘rganishni chet eldan kelayotgan sayyohlarga ham targ‘ib qilish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Ya’ni bunda yurtimizga ko‘p muddatga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyoh va mehmonlarga ona tilimizni qisqa vaqt ichida o‘rganishga oid kurslar tashkil qilish ham muhimdir. Marjona ABDUMALIKOVA, 8-sinf o‘quvchisi:
— Shu kungacha o‘quvchilar o‘rtasida ona tili va adabiyot fanlari bilan bog‘liq insholar tanlovi o‘tkazib kelinadi. Bu yaxshi, albatta. Isho yozish mahoratini oshirish bo‘yicha milliy miqyosda tanlovlar o‘tkazsak, zo‘r bo‘lardi.
Zebo QAHHOROVA, 8-sinf o‘quvchisi:
—Ta’lim maskanlarida faoliyat yuritayotgan ustozlarning barchasi mashg‘ulotlar davomida sof adabiy tilda dars o‘tishga e’tibor qaratsa, notiqlik mahoratlarini namoyish etib borsa, biz kabi o‘quvchilarning tilimizni o‘rganishga qiziqishi oshadi. Keyin foydalanayotgan daftarlarimiz muqovasidagi ma’lumotlar ham o‘zbek tilida bo‘lsa. Mayli, xorij tillarini ham o‘zlashtirib boraveramiz. E’tiborimizni tortadigan jihatlardan biri ham shu yozuvlar deb o‘ylayman.
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘qituvchisi Husniddin HAYITOV tayyorladi.