Sherzod Shermatov: “Eng katta quvvatdagi maktablarimizga mahoratli rahbarlar tayinlanadi”
Poytaxtimizning Sergeli tumanida yangi uy-joylar qurilishi va ularga aholining ko‘chib kelishi natijasida yangi maktablar qurilishiga ehtiyoj yuzaga kelgan edi. Shu vajdan 2019-yilda tumanda 4 ta maktab qurilishi boshlandi. Har bir maktab 1680 o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lib, bu so‘nggi yillarda qurilgan eng katta quvvatga ega maktablar hisoblanadi. Mazkur ta’lim muassasalari Prezident maktablari tajribasi asosida tashkil etildi. Mazkur ilm maskanlarida bir smenada 7 ming nafarga yaqin (har bir maktabda 1700 nafardan) o‘quvchilarni qabul qilish imkoniyati yaratildi. Natijada tumandagi 12 ta maktabda loyiha quvvatiga nisbatan o‘quvchilar sonini 1.5 koeffitsentgacha tushurishga erishiladi. Bugun mana shu maktablarning biri — 329-maktabda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yosh o‘qituvchilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda yangi maktablarga ishga kirish istagini bildirgan 140 nafar yosh pedagog hamda tumandagi boshqa umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar ishtirok etdi. Suhbat davomida yoshlar ta’lim islohoti, sohadagi rejalar va dolzarb masalalar yuzasidan Xalq ta’limi vaziriga savollari va o‘z takliflari bilan murojaat qilishdi. Uchrashuv davomida 329-maktabga rahbarlikka nomzodlar ham so‘zga chiqib, o‘z tajribalarini prezintatsiya ko‘rinishida namoyish etishdi. Xalq ta’limi vazirligi xodimlari, maktab kuzatuv kengashi a’zolari va o‘qituvchilar muhokamasi asosida nomzodlar ishi ko‘rib chiqildi. — Mazkur maktablar boshqa ta’lim muassasalariga nisbatan ko‘p quvvatli bo‘lgani sababli, ularga rahbarlik qiladigan xodim mahoratli bo‘lishi kerak, — deydi Sherzod Shermatov. — Shu bois biz Toshkent shahridagi nufuzi yuqori bo‘lgan maktab rahbarlarini mazkur ta’lim maskanida direktorlikka qo‘yilishi ma’qul deb o‘ylaymiz. Bugun nomzodi qo‘yilgan ikki pedagog ham ko‘p yillar maktabda rahbarlik qilishgan va eng ahamiyatlisi, ularning maktabi Toshkentning nufuzli maktablari qatorida turadi. Uchrashuvda Chilonzor tumanidagi 217-maktab direktori Umida Oripova va Yakkasaroy tumanidagi 144-maktab direktori Nilufar Husanboyevaning nomzodi muhokama qilindi. Yosh pedagoglar vazirga aniq fanlarni ikkiga bo‘lib o‘qitish, pedagoglarni xorijiy davlatlarda malaka oshirishiga imkoniyat yaratish, filologiya fanlarini o‘qitish uchun lingofon xonalarini tashkil etish kabi qator takliflarini bildirib o‘tishdi.Uchrashuv so‘ngida kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilingan nomzod aniqlandi. Muhokamalarga ko‘ra, Chilonzor tumanidagi 217-maktab direktori Umida Oripova Sergeli tumanidagi 329-maktab rahbarligiga tayinlandi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri