Maktablar reytingini aniqlash maqsadida 50 000 ta diktant tekshirildi: ekspertlardan oʻqituvchilarga tavsiyalar
Kelajak va istiqbol bugungi taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bilan belgilanadi. Bunda oʻqituvchining bilimi, tajribasi, mahorati muhim. Jamiyatda har bir oʻqituvchi bugungi davr talabi doirasida oʻz ustida tinimsiz ishlashi, izlanishi, ilgʻor pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini oʻzlashtirishi hamda amaliyotda qoʻllashi taʼlim jarayonida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Har tomonlama chuqur bilim va tajribaga ega boʻlgan pedagoglar oʻquvchilarning bilimga ishtiyoqini va qiziqishini oshiradi, olayotgan bilimlarini mustahkamlash va ulardan amaliyotda mustaqil foydalanish koʻnikmalarini shakllantira oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmonida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga maktablar faoliyati samaradorligini baholash mezonlari asosida ularning reytingini tuzish topshirilgan.
Maktablar faoliyati samaradorligida reyting baholash tizimining joriy qilishdan asosiy maqsad PISA (15-16 yoshli oʻquvchilar bilimini baholash), TIMSS (4 va 8-sinf oʻquvchilarining matematika va tabiiy fanlar boʻyicha savodxonligini baholash), PIRLS (boshlangʻich sinf oʻquvchilarining matnni oʻqish darajasi va sifatini baholash) kabi xalqaro tadqiqotlarda munosib ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrishdan iborat.
Yuqoridagi farmon ijrosi yuzasidan, Taʼlim inspeksiyasida 2019-yildan boshlab respublikamiz miqyosida maktab oʻquvchilaridan bosqichma-bosqich ona tili fanidan nazorat diktantlari yozdirilib natijalari tahlil qilinmoqda.
2019-yil davomida ular tomonidan 50 mingdan ortiq diktantlar tekshirilib baholandi. Shundan 25 277 tasi 2019-yil reytingini aniqlash jarayonida olingan diktantlar boʻlib, unda oʻquvchilardan 73 foizi (18401 nafar) ijobiy baholangan. Qolgan 25 ming nafar oʻquvchilardan olingan diktantlar natijasi 2020-yil reytingi bilan birga eʼlon qilinadi.
2019/2020- oʻquv yili uchun maktablar reytingini aniqlash maqsadida 2019-yilning 3-oktyabrdan 18-dekabrgacha respublikamizning barcha tuman va shaharlarida 1041 ta umumtaʼlim muassasalarida nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazildi. Bundan tashqari, reytingga oʻtgan yili jarayonda ishtirok etgan 956 ta umumtaʼlim muassasalarida joriy yilning aprel oyida nazorat ishlari va soʻrovnomalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Diktantlarni tekshirishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida umumtaʼlim maktablarining yuqori tajribaga ega ona tili fani oʻqituvchilari, akademik litsey oʻqituvchilari, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, ona tili fani boʻyicha ilmiy izlanish bilan shugʻullanayotgan doktorantlardan iborat ekspertlar guruhi shakllantirilgan boʻlib, ularning shaffof faoliyatini taʼminlash uchun inspeksiya tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgan.
Oʻquvchilar yozgan diktantlarni tekshirish va natijalarini kuzatish jarayonida maktablarda taʼlim sifatida uchrayotgan quyidagi jiddiy kamchiliklar koʻzga tashlandi:
oʻqituvchilar tomonidan diktant matnlarini oʻqib berishda nutqiy xatoliklar uchrashi;
diktant matnlari oʻquvchilarning yosh va aqliy salohiyatiga nisbatan soddaroq tanlangan boʻlsa ham, imloviy xatolar (asosan “x” va “h” undoshlarining notoʻgʻri qoʻllanilishi) bilan birgalikda ishoraviy xatolarning koʻpligi;
gap orasida kelgan atoqli otlarning kichik harfda yozilishi;
oʻzlashma soʻzlarni yozishda ikkilanishlarning yuzaga kelishi;
diktantlarda matn nomi, qisqa unli tovushlar, soʻzlar, soʻz birikmalari, hatto gaplarning qoldirib ketilishi;
koʻp hollarda boʻgʻin koʻchirish, ajratib yozish, chiziqcha bilan yozish qoidalarining buzilishi;
xat boshini oʻz oʻrnida qoʻllash koʻnikmasining pastligi;
yozuv malakasi va husnixatlari talab darajasiga javob bermasligi.
Kamchiliklarni kuzatar ekanmiz bu jarayonda masʼuliyat nafaqat ona tili fani oʻqituvchisida, balki barcha fanlardan dars beradigan oʻqituvchilarning ham zimmasida ekanligini unutib boʻlmaydi.
Ekspertlarning fikricha, yuqoridagi holatlarni bartaraf etish uchun dastlab fan dasturlariga quyidagilarni kiritish maqsadga muvofiq:
birinchidan, umumtalim maktablarining ona tili fani dasturlariga har haftada 1 marotaba diktant yozishni kiritish;
ikkinchidan, darsliklarda tinish belgilarining qoʻllanilishiga doir mashqlarni koʻpaytirish;
uchinchidan, darsliklarda atoqli va turdosh otlarning farqi yuzasidan beriladigan mashqlarni koʻpaytirish;
toʻrtinchidan, darsliklarda mantiqiy fikrlashga undovchi mashqlarga keng oʻrin berish va boshqalar.
Shuningdek, umumtalim maktablarining oʻquvchilarida lingvistik kompetensiyalarni shakllantirish uchun ona tili fani oʻqituvchilaridan quyidagilar talab etiladi:
oʻqituvchilar oʻz bilimlarini doimiy oshirib borishi, ogʻzaki va yozma nutqlarini adabiy til meyorlariga mos ravishda takomillashtirishi;
oʻquvchilarning nutqiy (ogʻzaki va yozma nutqi) savodxonligini yana-da rivojlantirishi;
tilshunoslik va imlo qoidalarini mukammal oʻrgatishi;
ona tili darslarida “Oʻzbek tilining imlo lugʻati” bilan samarali ishlashni yoʻlga qoʻyishi;
yuqori sinf oʻquvchilarini boshlangʻich sinf oʻqituvchilariga biriktirish orqali yozuv malakasini oʻstirishi;
har chorakda diktant va insho yozish boʻyicha tanlovlar tashkil etish va boshqalar.
Oʻzbekistonga “Xalqaro oʻquvchilarning bilim darajasini baholash tizimi” kirib kelishi orqali mamlakatimizning jahon bozoriga chiqish imkoniyatlarini yana-da rivojlantirishga yoʻl ochishi shubhasiz.
Shu oʻrinda, maktablar reytingi jarayonida faol qatnashayotgan ona tili, matematika fanlari oʻqituvchilariga va shu sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh iqtidorli doktorant tadqiqotchilarimizga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz.
Maktablar faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi boʻyicha taklif va tavsiyalaringiz boʻlsa monitoring@tdi.uz elektron manziliga yuborishingiz mumkin.
Xayotxon Xusamboyeva,
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh mutaxassisi
Manba: www.tdi.uz