“5”ni tejaydiganlar bor!
Maktabda olingan bilim insonning kelgusi hayot yo‘lini belgilaydi. Ko‘pchilik bilimni baho bilan o‘lchaydi. Ammo baho bilimni belgilovchi aniq mezon emas.
U o‘quvchilarni faollikka undovchi, rag‘batlantiruvchi vosita, xolos. Har bir o‘qituvchining o‘z ish usuli, baholash metodi bor. Qaysidir o‘qituvchi uchun baho bu rag‘bat yoki o‘quvchini 45 daqiqa ushlab turish vositasi. Shundanmi, bir sinfdan ikkinchi sinfga o‘tgan bolaning bahosida keskin o‘zgarish yaqqol namoyon bo‘ladi. Yana pedagoglar orasida bahoni nisbatan yuqoriroq qo‘yuvchi yoki o‘quvchining bilim darajasi talabga javob bersa-da, “5” ni tejaydiganlari bor. Bu usullarning qaysi biri to‘g‘riligi esa doim bahstalab mavzu bo‘lib kelgan. O‘quvchilarning bilim va malakasini umumiy ravishda tahlil qilish mamlakatdagi ta’lim sifati darajasini belgilaydi. Shu maqsadda o‘quv yili davomida har bir ta’lim muassasasida ichki va tashqi monitoring o‘tkazib boriladi. Uning natijasiga ko‘ra eng namunali maktablar ketma-ketligi, o‘qituvchilar salohiyati va o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi aniqlanadi. Bu jarayon ta’lim taraqqiyotini belgilovchi muhim mezon bo‘lgani uchun Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashabbusi bilan umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlarni amaliyotga joriy etish maqsadida ilk qadamlar tashlandi.
PISA testi o‘rtacha o‘qiydigan o‘quvchini ham fikrlashga undaydi. O‘quvchi mantiqiy fikrlashga, o‘ylashga yoki hayotga bog‘lab matematik masalani yechishga harakat qiladi.
Qiziriq tumanidagi 14-maktabda matematika va informatika o‘qituvchilari 7 nafar. Har yili maktabimizda “Matematika va informatika” fan oyligi mazmunli o‘tkaziladi.
Bu yil ham fan bo‘yicha to‘garaklar, fakultativ mashg‘ulotlar, o‘quvchilarning darsdan tashqari olib boradigan mashg‘ulotlari kuzatildi va tajribalari bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarining taqdimoti o‘tkazildi. Matematikaga bag‘ishlangan bayram va kechalar bilan bog‘liq devoriy gazetalar chiqarildi. Ilg‘or o‘qituvchilarning dars ishlanmalari, test topshiriqlari va nazorat ishlari to‘plamlari, buyuk matematik olimlar faoliyatiga bag‘ishlab bukletlar tayyorlandi.
O‘rol ALLANAZAROV,
Dilnoza XOLIYOROVA, Qiziriq tumanidagi 14-maktab o‘qituvchilari