Yangi tizim o‘zini oqlaydimi?
Abdulla Avloniy nomidagi XTTRMXQTMO institutida “Ta’lim sifatini baholash: PISA tadqiqot dasturi asosida xalqaro tajribalar” mavzusida Respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat xalq ta’limi tizimi tuman(shahar) xalq ta’limi mudiri o‘rinbosarlari uchun tashkil etilgan mazkur seminarning bosh maqsadi — O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib, PISA xalqaro dasturi reytingida jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirishiga erishish hamda sohadagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish asosida o‘quvchilarning o‘qish, matematika, tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan milliy tizimini yaratish.
O‘quv seminari avvalida mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga mavzu bo‘yicha ma’lumot berildi. Ma’ruzachilar o‘z nutqlarida PISA ning ahamiyati, amaliyotga joriy qilish tartibi haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
— Xalqaro dasturlarni keng ko‘lamda joriy etish, natijada o‘quvchilarning jahon standartlariga mos bilim olishlarini ta’minlash bugungi kunda ta’lim tizimi oldida turgan asosiy vazifadir. Fan nazariyasi bilangina cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlarga ajratilgan dars soatlarini ko‘paytirish, fanda egallangan bilimlarni tajribada qo‘llab ko‘rish ahamiyatli. Bu borada PISA, PIRLS, TIMSS, STEAM kabi xalqaro dasturlar bizga yaqindan yordam beradi. Boshlang‘ich ta‘lim maktabi o‘quvchilari o‘qish fanida DTS ga ko‘ra baholanadilar. 1 daqiqada nechta so‘zni o‘qish bahoni belgilaydi. Ammo xalqaro PIRLS(Matnni o‘qish va uni tushunish darajasini baholash dasturi) biznikidan farq qiladi. Tez o‘qish emas, matn mazmunini tushunish, uni qayta gapirib bera olish qobiliyatini shakllantirish kerak, — deydi Xalq ta’limi boshqarmasi ta’lim sifatini monitoring qilish boshlig‘i Mirzohid Ibrohimov.
Ma’ruza yakuniga yetgach, seminar ishtirokchilari tomonidan savol va takliflar berildi. PISA ni tatbiq etishdan avval nafaqat o‘quvchilarda, balki o‘qituvchilarning o‘zlarida ham kompyuter savodxonligini shakllantirish, dasturni amalga oshirish uchun barcha kerakli jihozlarni ta’minlash masalasi ko‘tarildi.
Seminar ertaga ham viloyatlar kesimida davom etadi.
Elshod SALIMOV