O‘zbek tili o‘lmaydi
2017-yil 31-oktabrda xuddi shu nomda “Facebook” ijtimoiy tarmog‘iga maqola joylashtirgan ekanman. Unda tilimiz tarixi, istiqloldan keyingi rivoji, hozir mavjud bo‘lgan muammolar, ularning yechimlari haqida so‘z yuritilgan edi. Mana, uzoq kutgan kunlar keldi, tilimizga davlatimiz rahbari tomonidan e’tibor qaratildi.
Dastlab Prezidentimizning 2019-yil 4-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Hukumat miqyosida bayramni nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Respublikaning barcha viloyatlarida turli tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan davlat tadbiri o‘tkazilib, unda Prezidentimizning shaxsan ishtiroki hamda davlat tilining nufuzini yanada oshirish bo‘yicha bildirgan takliflari, belgilab bergan vazifalari, qolaversa, “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, Vazirlar Mahkamasida davlat tilini rivojlantirish departamentining tashkil qilinishi, bundan buyon 21-oktabr mamlakatimizda ona tili bayrami sifatida keng nishonlanishi davlatimiz tomonidan ona tilimiz — o‘zbek tiliga hurmat va e’tiborning amaldagi ifodasidir.
O‘tgan vaqt davomida radio, televideniye va matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda mavzuga bag‘ishlangan ko‘plab chiqishlar bo‘ldi, alohida farmon qabul qilinganiga qaramasdan, hali jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmayotgani aytib o‘tildi. Bir narsani ta’kidlashni xohlardim, jiddiy o‘zgarish darrov amalga oshmaydi. O‘sha aytilayotgan muammolarni bartaraf etish, davlat tili to‘g‘risidagi qonunning ijro nazorati, davlat tuzilmasining barcha bo‘g‘inlarida davlat tilida ish yuritish tizimini shakllantirish departamentning asosiy vazifalari hisoblanadi. Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan shu qisqa vaqt ichida jiddiy ishlar amalga oshirildi. Atamalar komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, “Davlat tili to‘g‘risida” qonunning yangi tahriri ishlab chiqilmoqda, o‘zbek tilini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi va bu loyiha yaqin vaqtlarda xalq muhokamasiga qo‘yiladi.
Quyida mavjud, hammaga ma’lum muammolarni sanab o‘tish bilan cheklanmasdan, o‘z fikrlarim, takliflarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
KO‘CHALARDAGI PESHLAVHALAR, TURLI E’LONLAR, YOZUVLAR. Ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmasa kerak, vazirlik, idoralar, hokimliklarda rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritilmoqda. Uning asosiy vazifasi o‘ziga bo‘ysunuvchi quyi tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish, ko‘chalardagi peshlavhalarni tartibga solish,
davlat tili to‘g‘risidagi qonun ijrosini nazoratga olishdan iborat. Endi ayni shu maslahatchi mutasaddilarga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi.
Birinchidan, bu lavozimga rahbarning qandaydir “erkatoyi” yoki biror tanishi emas, balki haqiqiy mutaxassis, ona tilimiz uchun qayg‘uradigan vatanparvar shaxslarni tayinlash kerak.
Ikkinchidan, bu mutasaddilar o‘zlariga yuklanayotgan butun mas’uliyatni to‘liq anglab yetgan holda, aniq reja tuzib olishi kerak. Eng avvalo, o‘z hududidagi ko‘chalarga osilgan e’lonlar, peshlavhalarni davlat tili talablari asosida tartibga solish lozim. Uzoqqa bormaylik, yaqin qo‘shnimiz Qirg‘iziston yoki Qozog‘istonda barcha yozuvlar davlat tilida yozilib, undan keyin boshqa tildagisi lozim bo‘lsa, yoziladi. Nima uchun biz qilmaymiz, chunki biz loqaydmiz, e’tibor bermaymiz, vatanparvarlik hissi oqsaydi bizda. Shu yerda bir narsani aytish kerak, bu ishga, eng avvalo, o‘sha tashkilotning birinchi rahbari jiddiy e’tibor qaratishi lozim, chunki qachonki rahbarning o‘zi o‘rnak bo‘lsa, ishlar ijobiy tomonga o‘zgaradi. O‘sha hududdagi firmami, oshxonami, do‘konmi, hammasining nomi davlat tilida yozilsin, degan qat’iy talab qo‘yilsa, albatta, barchasi tartibga tushadi.
Biz negadir “millatchi” degan so‘zdan cho‘chiymiz, xuddiki boshqa millatlarni kamsitayotgan shaxsni tasavvur qilamiz. Aslida, millatchi deganda, o‘z millati, uning tili, qadriyatlari uchun qayg‘uruvchi shaxs nazarda tutilishi kerak. Shu ma’noda barchamiz millatchi bo‘lishimiz shart. Hozir rahbarlarimizga ayni shu millatchilik hissi yetishmayapti. Yurtboshimizning o‘zi barcha xato va kamchiliklarni aytib turganda, nega biz iymanib turishimiz kerak?! Shuning uchun rahbarlar (quyi bo‘g‘indan to yuqori bo‘g‘ingacha) o‘zgarishni o‘zlaridan boshlashi kerak. “O‘zbek tili — bu ona tilim, ota-bobolarim tili, milliy o‘zligim” degan aqidani har bir rahbar o‘z tanasida his qilsagina, farmonda qo‘yilgan vazifalar o‘z ijrosini topadi.
Hurmatli rahbarlar, keling, ona tilimiz ravnaqi uchun birgalikda kurashaylik, ona tilini bilmasangiz, hali ham kech emas, o‘rganing!
Ona tilini bilishni zaruriy ehtiyojga aylantirish uchun davlat tilidan attestatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Attestatsiyadan o‘tolmagan rahbar xodim lavozimga tayinlanmasa, o‘z ustida ishlashga, ona tilini o‘rganishga majbur bo‘ladi.
Davlat tilini o‘qitish masalalari. Mustaqillikning dastlabki yillarida davlat tilini o‘qitishga alohida e’tibor qaratilgan. Umumiy o‘rta ta’limda, o‘rta maxsus yoxud oliy ta’limda ham. Oliy ta’limning barcha yo‘nalishlarida o‘zbek tili va adabiyoti, o‘zbek tili (o‘zga tilli guruhlar uchun) fanlari o‘qitilardi. Keyinchalik o‘zbek tili va adabiyoti ortiqcha fanga aylanib, o‘quv rejadan chiqarib tashlandi. O‘zbek tili bo‘yicha o‘zga tilli talabalar uchun Davlat attestatsiyasi belgilangan edi, keyinchalik Davlat attestatsiyasi ham bekor qilindi. Bu ishlarni tashqaridan kelib kimdir qilgani yo‘q, o‘zimiz qildik, davlat tiliga “hurmat” sifatida. Ona tilimizga munosabat o‘zimizda shunday bo‘lgach, Vatanimizda yashovchi boshqa millatlardan nimani kutishimiz mumkin? Shuning uchun ham ularga O‘zbekistonda yashagach, davlat tilini bilishing kerak, desang “Зачем?” degan savol qo‘yishadi. Ulardan xafa bo‘lmasligimiz kerak, hamma ayb o‘zimizda, chunki davlat tiliga keraksiz narsa sifatida qaraymiz. Yana qo‘shni Qirg‘izistondan misol keltiramiz. Ularda barcha ta’lim yo‘nalishlarida majburiy fan sifatida “Qirg‘iz tili va adabiyoti” hamda “Manasshunoslik” fanlari o‘qitilar ekan. Xoh davlat fuqarolari bo‘lsin, xoh xorijiy talabalar bo‘lsin, bu fanlarni o‘zlashtirishga majbur. Bizda-chi? Xorijiy talabalar u yoqda tursin, Vatanimizda istiqomat qilayotgan fuqarolarga davlat tilini o‘qitishni eplolmayapmiz. Akademik litseylar o‘quv rejasidan o‘rin olgan “Davlat tilida ish yuritish” fani ham noma’lum sabablarga ko‘ra (tilimizga e’tiborsizlik) olib tashlanishi hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbek tilini o‘qitishning maktabning 1-sinfidan boshlab, to oliy ta’limgacha bo‘lgan holati butunlay qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Oliy ta’limdagi Davlat attestatsiyasini qayta tiklab, uni talab darajasida o‘tkazish, davlat tilini bilmaganlarni attestatsiyadan o‘tkazmaslik choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq.
Umumta’lim maktablari pedagoglarining kasbiy tayyorgarligi masalasini ham jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Yaqinda Xalq ta’limi vazirligi Sirdaryo viloyati o‘qituvchilarini mutaxassisligi bo‘yicha sinovdan o‘tkazgani, aksariyat pedagoglar qoniqarsiz baho olganini o‘qib qoldim. To‘g‘ri, buning obyektiv, subyektiv sabablari bor. O‘qituvchini ortiqcha hujjatlarga ko‘mib qo‘ygan edik. Lekin Xalq ta’limi vazirligi bunday hujjatlar bosimini bekor qildi, o‘qituvchilarga o‘z ustida ishlashlariga sharoit yaratilmoqda. Endi hammaning o‘ziga bog‘liq, kasbiy mahoratini oshirib borish masalasini jiddiy o‘ylash kerak. Ehtimol, hozir pedagoglar yetishmasligi sababli, bilimsizlar ham amallab ishlab yurishi mumkin. Lekin yildan yilga qabul kvotalari oshib boryapti, yangi oliy ta’lim muassasalari ochilyapti. Yaqin besh yil ichida mutaxassislar raqobati yuzaga kelishi aniq. Qolaversa, maktab rahbariyatiga ko‘p narsa bog‘liq. O‘quvchilar kelajagini o‘ylaydigan mas’uliyatli rahbar pedagoglarining malakasiga shaxsan javobgarligini his qilishi kerak. O‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yozma savodxonligini oshirish, buning uchun har oyda o‘quvchilarga diktant, insho yozdirib borish hamda har o‘quvchining savodxonlik monitoringini olib borish zarur. Ehtimol, kimlargadir katta ish bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin kechiktirmay bu ishga kirishsak, farzandlarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. O‘tgan asr boshlarida yashab o‘tgan millatimiz fidoyilari — jadidlar faoliyatini eslaylik. Millat taqdirini o‘ylab, o‘z hisobidan maktablar ochdilar, moddiy manfaatni o‘ylamasdan yoshlarga bilim berdilar. “Biz-chi, farzandlarimiz uchun nima qildik?” degan savolni har bir pedagog o‘z-o‘ziga berishi kerak.
YANA BIR MASALA, ONA TILINI O‘QITISH MASALASI. Xorijiy tillar kichik guruhlarga bo‘lib o‘qitilishi ma’lum, lekin nima uchun o‘z tilimizga bunday munosabatni ravo ko‘rmaymiz? To‘g‘ri, bu masalaning iqtisodiy tomoni bor. Prezidentimiz ta’limga katta mablag‘ ajratyapti, oliy ta’limda grant o‘rinlarini 2 barobarga ko‘tarish masalasini qo‘ydi. Mutasaddilar sukut saqlab o‘tirmasdan, o‘z takliflarini aytishi kerak.
Oliy ta’lim muassasalari Yurtboshimiz topshiriqlari bilan bosqichma-bosqich o‘z-o‘zini moliyalashtirishga o‘tkazilyapti, o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimi joriy qilinyapti. Bir tanishim aytib qoldi, bir muassasada o‘zbek tili fani tanlov fanga tushirib qo‘yilgani uchun talabalar bu fanni tanlamayotgan ekan. Albatta, bu tasdiqlanmagan fakt, ammo bu gap rost bo‘lsa, hali rahbarlarimizning ongi o‘zgarishdan yiroq ekan. Shu narsani yodda tutishimiz kerak, OTM rahbari fanlarni o‘zi tanlash huquqiga ega, millat tili, adabiyotiga tegishli fanlar majburiy fan sifatida turishi shart. Buni albatta Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘z nazoratiga olishi kerak.
O‘ZBEK TILINING INTERNETDAGI O‘RNI. Hozirgi vaqtda axborot olishning eng qulay usuli ijtimoiy tarmoqlar bo‘lib qoldi. Dunyoning u chetida yuz bergan voqealar bilan zum o‘tmay xabardor bo‘lish mumkin. Turli internet nashrlar, “Telegram” kanallari, jurnalist-u blogerlar faoliyati orqali yurtimiz va dunyo yangiliklari bilan tanishyapmiz, turli muammolar bo‘yicha tanqidiy maqolalar yozilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek internet jurnalistikasi paydo bo‘ldi. Xo‘sh, bu sohada o‘zbek tilining qo‘llanishi qay ahvolda? Bu masalada ham mutaxassislar tomonidan turli tanqidiy chiqishlar bo‘ldi, lekin o‘zgarish bo‘lmayapti. Hatto rasmiy internet nashrlarida ham adabiy til me’yorlariga amal qilmaslik, sheva, oddiy so‘zlashuv uslubidan me’yordan ortiq foydalanish holatlari yoxud matndagi imloviy xatolarning ko‘pligi adabiy til mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. “Xabar.uz” rasmiy kanalidan olindi: Toshkentda 23 yoshli yigit tanishini 20 ming dollarga “tushirdi”. Aslo bunday qilmang! Qishda mashinani “o‘ldirish”ning 5 usuli. “Lazgi”ni buzma, “mazgi”. Samarqandda avtomobil olib qochgan 17 yoshli o‘smir 4 yilga “kesildi”. Sobiq MXXchi Nodir To‘raqulov va uning qudasiga tegishli “zapravka”ga yangi ega chiqdi. Bunday misollarni xohlagancha keltirish mumkin.
Yana bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hurmatli jurnalistlarimiz tomonidan ajnabiy so‘zlar qo‘llanishi masalasi. Ko‘pchilikka tushunarsiz so‘z ishlatilsa uning izohini berib ketish kerak. Bir misol bilan cheklanamiz: Vondrachek mahalliy dasturchilarni yig‘ilib, davlat buyurtmasidagi kabi servis yasash bo‘yicha xakaton o‘tkazishga chorlagan. Birinchidan, matnning o‘zi g‘aliz tuzilgan. Uni quyidagicha yozish kerak edi: Vondrachek mahalliy dasturchilarni davlat buyurtmasidagi kabi servis yaratish bo‘yicha xakaton (dasturchilar forumi, yig‘ilishi) o‘tkazishga chorlagan. Shunda ajnabiy so‘zning ma’nosi hammaga tushunarli bo‘lib boradi.
Hurmatli rasmiy internet nashrlari mutasaddilari, xulosa chiqarish o‘zingizdan. Axborotlaringizni yosh-u qari birdek o‘qiyapti, o‘zbek adabiy tili shunday ekan, degan xulosaga kelishyapti. Kelinglar, davlat tili me’yorlariga, imlo qoidalariga amal qilaylik, ish stolimizda Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24-avgustdagi 339-qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” tursin. Tilimiz ravnaqi ko‘p jihatdan sizlarga bog‘liq.
Hurmatli blogerlarimizga ham xuddi shunday maslahatni aytamiz. Hech kimning shaxsiyatiga tegish niyatimiz yo‘q. Lekin xalq hukmiga havola qilayotgan axborotingiz — bu sizning yuzingiz, shuning uchun adabiy tilda, bexato yozishni o‘rganing. Yoki o‘zingizga ishonmasangiz, kimgadir tekshirtirib oling.
Bir so‘z bilan aytganda, internet hududi adabiy tilimiz targ‘ibi uchun eng qulay joy. Hurmatli vatandoshlar! Yozayotgan oddiy izohlaringizni ham oddiy so‘zlashuv tilida emas, adabiy tilda yozishga harakat qiling. Agar internetdagi o‘zbek tilini asta-sekinlik bilan haqiqiy adabiy til darajasiga ko‘tara olsak, davlat tili ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
ME’YORIY-HUQUQIY HUJJATLARNI DAVLAT TILIDA YURITISH MASALASI. Hech kimga sir emas, bu masalada ham ishlarimiz qoniqarli emas. Bu muammo Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi nutqida ham, “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda ham alohida ta’kidlandi. Farmonda belgilangan vazifalar asosida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida “Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi” tashkil etildi.
Hozir Markaz faoliyatini belgilovchi barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, Markaz nizomi, o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, tinglovchilar uchun mo‘ljallangan maxsus ish daftari, har bir mavzu bo‘yicha taqdimot materiallari ishlab chiqildi.
Markaz 144 soatlik o‘quv dasturi asosida tinglovchilarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, o‘zbek adabiy tili me’yorlari hamda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini takomillashtiradi. Kurs 2 xil yo‘nalishda tashkil qilinadi: 1. Davlat tashkilotlari xodimlari uchun. 2. Keng aholi qatlami uchun. Davlat tashkiloti xodimlari uchun tashkil etiladigan o‘quv kursi “O‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish”, aholi uchun tashkil etiladigan o‘quv kursi “O‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yorlari” deb nomlanadi.
Markazda dastlab davlat tashkilotlari xodimlar bo‘limi, ichki nazorat va monitoring bo‘limi boshliqlari, devonxona mudirlarining malakasini oshirish kelishib olindi. Hozir tinglovchilar ro‘yxatini shakllantirish maqsadida barcha vazirlik, idoralar, mahalliy hokimiyatlarga yozma topshiriq berildi.
Markazda davlat tashkilotlari xodimlari tashkiliy, farmoyish, ma’lumot-axborot hujjatlari, xizmat va diplomatik yozishmalarni o‘rganadi. Tinglovchilarning davlat tilini egallaganlik darajasi (tinglab tushunish, o‘qib tushunish, og‘zaki hamda yozma nutq malakasi) 100 ballik mezon asosida baholanadi. 55 va undan yuqori ball olgan tinglovchilarga sertifikat beriladi. 55 dan past ball to‘plagan tinglovchilar onlayn tarzda qaytadan malaka oshirishdan o‘tadi. Sertifikat ololmagan tinglovchilarning lavozimi qayta ko‘rib chiqilishi taklifi kiritilmoqda.
Bugungi kunda 14 ta hududda Markazning filiallari tashkil etilmoqda.
LOTIN YOZUVIGA ASOSLANGAN O‘ZBEK ALIFBOSIGA QACHON TO‘LIQ O‘TAMIZ? Hozirgi kunda eng ko‘p berilayotgan savol bo‘lsa kerak. Buning ham o‘ziga xos obyektiv hamda subyektiv sabablari bor. Hozir yozuv masalasida jamiyat ikki qatlamga ajralib qolgan: 1. Lotin yozuvini to‘liq egallagan fuqarolar. Bular 50 yoshgacha bo‘lganlar qatlami bo‘lib, ular har ikki yozuvda bemalol ishlay oladi. 2. Lotin yozuvini egallamagan, asosan kirill yozuvida o‘qib yozadigan fuqarolar. Bular asosan, 50 yoshdan yuqori bo‘lgan ziyolilar hamda keng aholi qatlami. Ular lotin yozuvida o‘qish, yozish malakasiga ega emas. Ertadan lotin alifbosiga o‘tish taklifini qo‘ysak, ikkinchi qatlam, ya’ni ustoz olimlarimiz qiynalib qolishlari mumkin, shuning uchun bu jarayonni bosqichma-bosqich amalga oshirish kerak, menimcha. Yuqorida aytib o‘tilgan Markaz ayni shu jarayonni tezlashtirishga ham xizmat qiladi. Markaz tinglovchilariga lotin alifbosi, keyin yozma va og‘zaki nutq me’yorlari hamda davlat tilida ish yuritish asoslari o‘rgatiladi.
Ikkinchidan, bu borada matbuotdan ham faollik talab qilinadi. Mana “Ma’rifat” gazetasi muharririyatining ishlari tahsinga loyiq. O‘tgan yildan boshlab gazeta to‘liq lotin yozuvida chop qilina boshlandi. Menimcha, boshqa nashrlar ham bu tajribani amalga oshirsa, yaxshi bo‘lardi. Internet nashrlari (kun.uz, xabar.uz, daryo.uz)ning faoliyati tahsinga loyiq. Ularning axborotlari har ikki yozuvda berilyapti.
Qo‘shni Qozog‘istonda ham davlat tilini rivojlantirishning 2020–2025-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ishlab chiqilibdi. Unga ko‘ra, 2025-yilga kelib respublika aholisining 95 foizi davlat tilini egallashi shart qilib qo‘yilgan. Xullas, gapiramiz desak, gap ko‘p. Lekin bir gapni alohida ta’kidlashni xohlardim. Tilimiz rivoji, qo‘llanish doirasini kengaytirish, undagi xatoliklar uchun mutaxassislar mas’ul, degan fikrlarni ko‘p eshitamiz. Tilimizning yutug‘i-yu kamchiliklari uchun barchamiz birdek mas’ulmiz. Buni hech birimiz yoddan chiqarmasligimiz lozim.
Maqolani Prezidentimizning quyidagi gaplari bilan yakunlamoqchimiz: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.
Siz nima deysiz, zamondosh?!
Inomjon AZIMOV, filologiya fanlari nomzodi, dotsent