Maktablarimiz yangi loyihalarga tayyormi? Bu haqda vazir o‘z fikrini bildirdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2 mart kuni xalq ta’limi tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda xalq ta’limi tizimiga oid bir necha yo‘nalishlarda mavjud kamchiliklar va ularning yechimlari, tizimdagi o‘qituvchilarning bilim va malakasini oshirish masalalari muhokama etildi.
Bu borada erishilgan natijalar, kelgusidagi rejalar xususida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– 2019-yilning 26-noyabr kuni “Zamonaviy maktablar”ni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingan edi, – dedi Sh.Shermatov. – Unda “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish vazifasi belgilab berilgan.
2-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xalq ta’limi vazirligi hamda Qurilish vazirligi tomonidan 1320, 1056, 990, 660, 330, 528 va 264 o‘rinli zamonaviy maktab loyihalari davlatimiz rahbariga taqdim etildi.
Prezidentimiz mazkur maktab loyihalarini ko‘rib chiqib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Hozirda loyihalar berilgan takliflar asosida qayta tayyorlanmoqda.
Aytib o‘tilganidek, hozirgi kunda 9 ming 942 maktabning 2 ming 835 tasi ta’mirtalab, 5 ming 861 tasida o‘quvchilar soni sig‘imiga nisbatan ko‘pligi sababli darslar 2 smenada o‘tilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, oxirgi yillarda mamlakatimizda qurilgan eng katta maktablar quvvati 700 o‘ringa mo‘ljallangan. Aholining o‘sish sur’atini hisobga olsak, yanada kattaroq maktablar qurish ehtiyoji yuzaga keladi.
Yig‘ilishda muhokama etilgan ikkinchi masala bu maktablarda STEAM (Science – fan, Technology – texnologiya, Engineering – muhandislik, Art – san’at, Math – matematika) ta’limini rivojlantirish bo‘ldi.
STEAM o‘quvchilar tafakkurini rivojlantirish hamda ularni fan, texnologiya, muhandislik, matematika va san’at kabi fanlardan olgan bilimlarini samarali qo‘llashga o‘rgatadi. Shu bilan birga, STEAM ta’limi murakkab o‘quv loyihalarini amalga oshirishda fanlarni o‘zaro uyg‘unlikda o‘rganish imkonini beradi.
STEAM yo‘nalishini tatbiq etish orqali o‘quvchilarni tanqidiy fikrlash, qiyin muammolarni noan’anaviy yo‘llar bilan yechish va jamoada ishlashga o‘rgatamiz.
Lekin savol tug‘iladi. Bugun maktablar o‘zgarishlarga, yangi loyihalarga tayyormi? Hozirda maktablarning 683 ta fizika, 897 ta kimyo, 901 ta biologiya xonasida o‘quv laboratoriya xonalari yo‘q. 7 ming 807 ta fizika, 7 ming 776 ta kimyo va 7 ming 770 ta biologiya xonasining jihozlari eskirgan. 62 mingta sinfxonasi zamonaviy va yangi o‘quv jihozlari bilan ta’minlanmagan, 7 mingta kompyuter yetishmaydi.
Dars jarayonlarida bu o‘quv laboratoriyalaridan foydalanish masalasi ham oqsayapti. Ya’ni maktablarda bor imkoniyatdan ham foydalanilmayapti.
Davlatimiz rahbari maktablardagi laboratoriya xonalarini zamonaviy jihozlash va ulardagi darslar ko‘lamini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Jumladan, Xalq ta’limi vazirligi hamda Moliya vazirligiga amaldagi jihozlash holatini tanqidiy o‘rganish, maktablarni zamonaviy laboratoriya, kompyuter texnikasi, sport anjomlari va boshqa zarur vositalar bilan jihozlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Maktab infratuzilmasi katta mablag‘ va vaqt talab qiladi. Shu bois maktablardagi sharoitlar bosqichma-bosqich yaxshilab boriladi. Ammo infratuzilmani yaxshilagan bilan ta’lim sifatini ta’minlash birmuncha mushkul vazifa. Ta’lim sifatiga zamonaviy ta’lim dasturlari, bilimli va malakali o‘qituvchilar orqali erishiladi. Bugun zamonaviy va bilimli o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash shart.
O‘qituvchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan Prezidentimizning joriy yil 27-fevralda “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahri, Yashnobod tumaniga tashrifi davomida tuman hududida yangi nodavlat oliy ta’lim muassasasi shaklida pedagogika yo‘nalishidagi xalqaro universitet tashkil etilish taklifini ilgari surdi.
Tashkent International University of Education ta’lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi va muhokamaga qo‘yildi. Oliy o‘quv yurti The Times Higher Education World University Rankings reytingidagi dunyoning 1000 talikka kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari dasturlari asosida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydi va qayta tayyorlaydi.
Shu bilan birga pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimini joriy etish haqida ham amaliy choralar ko‘rilayapti. Mazkur tizim o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashga va o‘quvchilarga yaxshi bilim berishga undaydi.
Yig‘ilishda maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi o‘quv yili uchun tayanch o‘quv rejasi ishlab chiqilgani va o‘quvchilar uchun o‘quv yuklamalari qisqartirilganligi bo‘yicha ma’lumot berildi. Misol uchun, ona tili va adabiyot fanlarida o‘qitiladigan mavzular mutaxassis olimlar tavsiyalari asosida soddalashtirildi.
Davlat rahbari mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlagan holda boshlang‘ich sinflarda musiqa, tasviriy san’at va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga yangi mazmun berish muhimligini ta’kidladi.
Xalq ta’limi vazirligi mazkur yo‘nalishlarda islohotlarni davom ettirgan holda maktab ta’limiga zamonaviy o‘quv dasturlari va ular asosida darsliklar hamda o‘quv metodikalarini joriy etib boradi. Eng avvalo, vatanimiz kelajagi bilimli yoshlarga bog‘liq ekanini inobatga olib, asosiy e’tiborni ta’lim sifatini oshirishga qaratadi.
Manba: www.uza.uz