Yangi tayanch o‘quv reja qanday omillarga asoslanadi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatida maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur ekanligini ta’kidlagan edi.
Bundan tashqari, 2018-yilning 14-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unda umumiy o‘rta ta’limning amaldagi tayanch o‘quv rejasini qayta ko‘rib chiqib, 10 foizga qisqartirish vazifasi belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda O‘zbekiston Respublikasining ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Yo‘l xaritasi”ning 12-bandida “2019-yil dekabr oyidan boshlab, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va o‘quv adabiyotlari mazmuniga bosqichma-bosqich o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish” vazifasi belgilangan.
Shuningdek, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturida o‘quvchilarning savodxonlik darajalarini aniqlashda kompyuter simulyatsiyali interfaol topshiriqlardan foydalaniladi va barcha sinovlar kompyuter texnikasi yordamida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1–4-sinf o‘quvchilarining haftalik o‘quv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me’yordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli boshlang‘ich sinflarning o‘quv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.
Endilikda asosiy e’tibor fanlarga ajratilgan soatlarga emas, balki ulardan samarali foydalangan holda sifatli ta’lim berishga qaratiladi.
Yuqoridagilar inobatga olinib, quyidagi ishlar amalga oshirildi:
“TARBIYA” FANI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev huzurida 2019-yil 23-avgust kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonining 24-bandida “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” fanlarini birlashtirgan holda 2020/2021-o‘quv yilidan yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish belgilangan.
Shu munosabat bilan, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” fanlari birlashtirilib, yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab 1–11-sinflarida “Tarbiya” faniga 1 soatdan ajratilmoqda.
“ONA TILI VA ADABIYOTI” FANI
Ona tili va adabiyot fani bo‘yicha yetakchi olimlar, soha mutaxassislari va amaliyotchi o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhi tomonidan xorijiy davlatlarda ona tili va adabiyot fanining o‘qitilishi tahlil qilindi.
Xususan, ona tili va adabiyot fanining haftalik o‘quv soati Estoniyada 39 soat, Germaniyada 41 soat, Finlandiyada 42 soat, Angliyada 43 soat, Janubiy Koreyada 46 soat, Belarusda 42 soat, Qozog‘istonda 58 soatni tashkil etadi.
Mazkur davlatlar umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fani umumta’lim davrida Estoniyada 1 365 soat, Germaniyada 1 230 soat, Finlandiyada 1 596 soat, Angliyada 1 591 soat, Janubiy Koreyada 1 886 soat, Belarusda 1 428 soat, Qozog‘istonda 1 914 soat o‘qitiladi.
O‘zbekiston umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fanining o‘quv dasturlari xorijiy tajribalar asosida o‘quvchilarda tinglab tushunish, o‘qib tushunish, yozish va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yo‘naltirilgan holda takomillashtirildi.
Yangi umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 2020/2021-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejada ona tili va adabiyot fanini haftada 57 soat, yillik jami 1 938 soat o‘qitilishi belgilangan.
O‘quv dasturlarini chuqur tahlil qilish natijasida muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid, oliy ma’lumotli filolog mutaxassisini tayyorlashga yo‘naltirilgan mavzular o‘quv dasturlaridan qisqartirildi.
Xususan, 5-sinfda ona tili va adabiyot fanidan 30 ta mavzu, 6-sinfdan 17 ta mavzu chiqarib tashlandi. Shuningdek, 5-sinfdagi 40 ta mavzu, 6-sinfda 23 ta mavzu yuqori sinflarga o‘tkazildi.
Shuningdek, yangi o‘quv yili uchun tasdiqlangan tayanch o‘quv rejasidagi o‘quv soatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga moslashtirildi.
Bundan tashqari, bu borada mutaxassis olimlarning fikrlari ham o‘rganildi, xususan, filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev bu haqida shunday deydi:
— Ona tili bo‘yicha hosil qilinadigan malakani ikkiga ajratish mumkin: 1) til jamiyatidan o‘zlashtiriladigan malaka (fonetik va grammatik malaka); 2) maktabda egallanadigan malaka (imlo, punktuatsiya, leksika va b.). Fonetika va grammatikaning imlo bilan bog‘liq jihatidagina ta’limga ehtiyoj sezamiz. Fonetika va grammatikaga doir bundan boshqa bilimlarni keraksiz bilim deyish mumkin. Shu asosda ona tilidan “kerakli” (ishlaydigan) va “keraksiz” (ishlamaydigan) bilimni farqlash lozim. Ona tili darsliklariga yillar davomida kirib qolgan va “ishlamaydigan”, ta’limiga davlat mablag‘i, o‘quvchining vaqti va ota-onaning puli behuda sarflanayotgan bunday mavzularni qanday ajratamiz?
Shuningdek, olim tomonidan keltirilgan ayrim dalillarga ko‘ra:
1. Urg‘u bilan bog‘liq mavzular. O‘zbek tili — agglutinativ til. Bunday tillarda grammatika juda rivojlangan, shuning uchun so‘z ma’nolarini urg‘u farqlamaydi va u nutqda sezilarsiz bo‘ladi (ko‘zlar — “ko‘p ko‘z”; ko‘zlar — “mo‘ljallar”). Uni ta’lim bilan rivojlantirish imkonsiz. O‘zbek tilidagi so‘z urg‘usi qoidalar asosida aniqlanadi, nafaqat o‘quvchi, hatto o‘qituvchining o‘zi ham uni topishda qiynalishining sababi ana shunda. Uni o‘qitishga hech qanday hojat yo‘q. Bu mavzu 1-sinfdan 11-sinfgacha taxminan 5 soat hajmida o‘qitiladi.
2. So‘z yasalishi bilan bog‘liq mavzular. Til egalari nutqida so‘z yasamaydi, balki (tubmi, yasamami) tayyor so‘zdan foydalanadi. So‘z yasamas ekanmiz, bu bo‘yicha bilimlar ham ishlamaydi. Demak, bu mavzu ta’limi ham keraksiz. Mavzu 1–11-sinflarda taxminan 12 soat o‘qitiladi.
3. So‘zlarning birikish usullari (boshqaruv, moslashuv, bitishuv) bilan bog‘liq mavzular. Og‘zaki va yozma nutq uchun bu bilimlar ham mutlaqo ishlamaydi. Bu mavzular rus tili grammatikasidan aynan ko‘chirilgan, o‘zbek tili tabiatiga sira ham mos emas. Bu mavzuga ham 1-sinfdan 11-sinfgacha taxminan 5 soat ajratilgan.
Afsuski, mazkur fanlarni o‘qitishga ajratilayotgan soatlar hajmi, jalb etilayotgan o‘qituvchilar soniga ko‘ra xalq ta’limi tizimiga o‘qitish uchun ajratilayotgan mablag‘larning eng katta qismi sarflanayotgan bo‘lsa-da, o‘quvchilarning savodxonlik darajasi pastligicha qolmoqda. Eng achinarlisi, o‘qituvchilarning o‘zlari ham o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yetarli kompetentlikka ega emasligi Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazilgan test sinovlari natijasida ma’lum bo‘ldi.
Aslida, o‘quvchilarga biror bilimni o‘rgatish unga ajratilgan soatga emas, balki uni o‘rgatish metodikasiga bog‘liq. Masalan, ayrim o‘qituvchilar bitta mavzuni soatlab o‘quvchilarga tushuntiradi, lekin o‘quvchilar bu mavzuni yetarlicha tushunmaydi. Bu borada tajribali o‘qituvchi esa o‘sha mavzuni 10–15 minutda qiziqarli tarzda o‘quvchilarga tushuntiradi. Shunday ekan, fanni o‘qitish metodikasini kuchaytirish zarur bo‘ladi.
“Ona tili” darsliklarini tahlil qilish natijasida keraksiz, til malakasi uchun “ishlamaydigan” juda ko‘p mavzular chiqarib tashlandi.
“MATEMATIKA” FANI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2020-yil 31-yanvar kuni matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ilm-fan sohasida islohotlarni tizimli tashkil etish maqsadida va yurtimizda azaldan rivojlangan ilmiy maktablar, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalari belgilandi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasiga “Matematika” fani majburiy fan sifatida kiritildi.
Shu sababli, o‘quvchilarga matematika fanini chuqurroq o‘rgatish maqsadida 10-sinfda “Algebra” faniga haftasiga 1 soat qo‘shib berildi va ushbu fanning haftalik o‘quv soati miqdori 3 soatga keltirildi.
“INFORMATIKA VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI” FANI
Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida 2020-yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlandi.
Joriy yilda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tub burilish qilish, bu soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi rejalashtirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 5–6-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” faniga haftasiga 0,5 soatdan qo‘shib berildi va ularning haftalik o‘quv soatlari miqdori 1 soatga keltirildi.
Bu orqali o‘quvchilarning xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsad qilingan.
“KIMYO” VA “BIOLOGIYA” FANLARI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2020-yil 31-yanvar kuni matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantishga bag‘ishlangan yig‘ilishida ilm-fan sohasida islohotlarni tizimli tashkil etish maqsadida va yurtimizda azaldan rivojlangan ilmiy maktablar, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalari belgilandi.
Shu sababli, o‘quvchilarga STEAM ta’limi yo‘nalishidagi fanlarni chuqurroq o‘rgatish maqsadida 10–11-sinflarda “Kimyo” va “Biologiya” fanlariga 1 soatdan qo‘shib berildi va ularning haftalik o‘quv soatlari miqdori 3 soatga keltirildi.
“GEOGRAFIYA VA IQTISODIYOT” FANI
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining 8-bandida “Bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lmagan fanlar asosida tuzilgan o‘quv dasturidan bosqichma-bosqich voz kechish va o‘quv fanlari sonini optimallashtirish” vazifasi belgilangan.
Shu munosabat bilan, “Geografiya”, “Iqtisodiy bilim asoslari”, “Tadbirkorlik asoslari” fanlarini birlashtirgan holda, yagona “Geografiya va iqtisodiyot” fani kiritildi. Bu orqali o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirish va Xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda O‘zbekiston Respublikasining muvaffaqiyatli ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsad qilingan. Shuningdek, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturida o‘quvchilarning moliyaviy savodxonlik darajasi baholanishi nazarda tutilgan.
“JISMONIY TARBIYA” FANI
O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1–4-sinf o‘quvchilarining haftalik o‘quv soati jami 88 soat belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me’yordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli boshlang‘ich sinflarning o‘quv soatlari Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan 2019-yil 30-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbusini amalga oshirish to‘g‘risida”gi majlis bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida doimiy tarzda ommaviy sport turlari musobaqalarini o‘tkazish orqali o‘quvchilarning jismoniy sog‘lom bo‘lishlari, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Shu sababli, 1–4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanining haftalik o‘quv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.
“CHAQIRUVGA QADAR BOSHLANG‘ICH TAYYORGARLIK” FANI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida maktab o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish ta’kidlandi.
Bu borada ilg‘or xorijiy davlatlarning umumta’lim fanlari va o‘quv yuklamalari o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijalarida ilg‘or xorijiy (Angliya, Germaniya, Finlandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Estoniya kabi) davlatlarda mazkur fan o‘tilmasligi aniqlandi. Shuningdek, “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani o‘qituvchisi “Jismoniy tarbiya” fani o‘qituvchisi bilan hamkorlikda o‘quvchilar o‘rtasida turli sport musobaqalarini o‘tkazadi.
Shu sababli 10-11-sinflarda “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanining haftalik o‘quv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.
XTV Axborot xizmati