Shvetsiya kompaniyasi maktablarda ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirishga $60 mln. yo‘naltirmoqda
Shvetsiyaning EF Education First kompaniyasi O‘zbekiston maktablarida ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirishga $60 mln. yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.
Joriy yilning 5-mart kuni O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va EF Education First kompaniyasi direktori Karl-Yoxann Vestring anglashuv memorandumini imzoladi, deb xabar beradi vazirlik axborot xizmati.
EF Education First kompaniyasi ingliz tilini o‘qitishga qaratilgan turli o‘quv dastur, metodika va pedagogik yondashuvlarni taklif etuvchi dunyodagi yirik tashkilotlardan biridir.
Mazkur memorandum doirasida tomonlar istiqbolli hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirilmoqda.
Jumladan, tomonlar mamlakatimizda ingliz tilini o‘rganishni xohlovchi o‘quvchi hamda o‘qituvchilar bilimini baholab, malaka va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha treninglar tashkil etishda hamkorlik qiladi.
Shu bilan birga, tomonlar o‘quvchilarning ingliz tili bo‘yicha bilimini baholash va ularga turli o‘quv dasturlarini taqdim etishni ham rejalashtirgan.
Memorandum doirasida tomonlar yurtimizdagi o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi uchun turli qo‘shma dasturlar ishlab chiqish niyatida.
Imzolangan hujjatda EF Education First kompaniyasi O‘zbekiston maktablarida ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirish uchun $60 mln. investitsiya kiritishga tayyorligini bildirdi.
— Bugungi kunda ingliz tili dunyodagi eng mashhur tillardan biri hisoblanadi. Xalq ta’limi vazirligi va EF Education First kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik o‘quvchilarning ingliz tilini bilish darajasini oshiradi. Bu esa o‘z o‘rnida ularga kelgusida muvaffaqiyatga erishish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi, — dedi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz maktablarida qariyb 5,38 million o‘quvchi ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘rganadi.