Baholash — ta’limning asosi
Bilamizki, baholash tizimi — o‘quvchining o‘zlashtirish darajasini belgilab beruvchi muhim omil, shu bilan birga, rag‘bat hamdir. Rag‘bat esa o‘quvchining bilim olishiga turtki bo‘ladi. Demak, baholash tizimi o‘quvchi uchun ta’lim vazifasini ham o‘tashi kerak. Bu har bir pedagog o‘ziga xos baholash usulini yaratishini taqozo etadi. Mazkur usul bolani pedagogga yaqinlashtiradi va fanga qiziqishini oshiradi.
Hozir baholashning qator usullari mavjud, jumladan, individual baholash, guruhda baholash, jamoada baholash. Ammo ular ancha eskirdi. Ayniqsa, bolalarning o‘z-o‘zini baholash usuli yangilik sifatida kirgan bo‘lsa-da, biroq bu ta’lim sifatini oshirishda unchalik yaxshi natija bermadi.
“Barakalla”, “Ofarin”, “Harakat qil”, “Qoniqarli”, “Qoniqarsiz”, “Besh”, “To‘rt”, “Uch” va boshqa rag‘bat kartochkalari boshlang‘ich va o‘rta sinflarda tabiiy tuyulsa-da, yuqori sinflar uchun zerikarli.
Quyidagi tajriba o‘quvchilarni baholashda yaxshi samara berishi mumkin. Masalan, adabiyot darsida har bir sinf kesimida ona tilida o‘tilayotgan saboqlarga mos tarzda baholash vositalarini shakllantirish mumkin. Xususan, o‘qituvchi 6-sinfda so‘z turkumlari mavzusida “Fe’l” nomli kartochka guruh a’zolarini rag‘batlantirish uchun, “Aniq nisbat” nomli kartochka esa besh ball, “Fe’lning vazifa shakllari” to‘rt ball, “Fe’l mayllari” 3 ball, “Fe’lning bo‘lishli va bo‘lishsiz shakli” 2 balni ifodalaydigan tizimda baholashni yo‘lga qo‘ysa, bola ham mantiqan baholash tizimini o‘zlashtiradi, ham adabiyot darsidan berilgan kartochkalarni izohlash orqali, ona tili fanida o‘tilgan mavzuni takrorlab boradi. Bu kabi kartochkalarni o‘qituvchi mavzuga moslab o‘zgartirishi yoki o‘quvchilarni o‘z-o‘zini rivojlantirish jarayoniga jalb etish orqali mustaqil ishlashga o‘rgatib borishi mumkin.
Ona tili darslarida o‘qituvchi “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Ufq”, “Kech va kunduz”, “Chinor” kabi shakl nuqtayi nazaridan bitta, ikkita, uchta, to‘rtta, beshta kitobdan iborat shakllarni berib boradi, qolaversa, she’riy shakllar tanka — 3, fard — ikki ball va hokazo. Bunda o‘quvchi darsda faol qatnashsa, o‘qituvchi unga “Xamsa” kitobi tasviri tushirilgan kartochka beradi. O‘qituvchi nega aynan “Xamsa” bilan taqdirlaganini so‘rasa, o‘quvchi “Xamsa”ning besh dostondan iborat ekani va shuning uchun bu kartochkaning “besh” ball ekanini bilishi kerak. Agar uni izohlab bera olsa, o‘qituvchi buni inobatga olib, baholash vositalarini o‘quvchilarning saviyasiga moslab o‘zgartirib borishi, yangilashi va qo‘shimchalar kiritishi mumkin. Mazkur usul bolani harakatga, o‘ylashga, fikrlashga undaydi. Bu kabi baholash tizimi bolaning fan yuzasidan bilimini takomillashtirish, mustahkamlash va o‘rganganlarini eslab qolishiga imkon beradi. To‘g‘ri, bu holat avvaliga bolani chalg‘itganday bo‘lishi mumkin. Ammo bu boshlang‘ich ko‘nikmalar o‘quvchining yangilikka va murakkablikka qiziqishini uyg‘otadi. Qolaversa, baholash tizimida bolalar ham yangilik o‘ylab topishiga imoniyat yaratiladi.
Xurshida NISHONOVA,
Shohida NISHONOVA,
Namangan shahridagi 43-maktab o‘qituvchilari