Sinf kodeksi
O‘quvchilar bilan muloqotda sinf rahbarining roli muhim ahamiyat kasb etadi. U bola qalbiga yo‘l topa olishi kerak. Shunda uni bolalar ham yaqin insonidek qabul qilishadi. O‘quvchilarni yaxshi ishlari uchun rag‘batlantirish, yomon ishlarining noma’qulligini tushuntirib, tanbeh berish pedagogning vazifasi.
Har haftaning oxirida o‘quv-tarbiya jarayoni nazoratini o‘tkazaman. Bunda ularning kundalik daftarlariga xulqi uchun baho qo‘yish va ota-onalari uchun qaydlar yozish biroz qiyinchilik tug‘dirardi. Chunki o‘quvchining hafta davomida qanday o‘qiganini, qanday tutganini eslab qolish ba’zan qiyin bo‘lardi. Shuning uchun sinfda o‘quvchilar amal qilishi kerak bo‘lgan axloq-odob qoidalari doirasida (o‘zimizning sinf uchun dolzarb deb bilgan) tartib-qoidalarni ishlab chiqdik va uni “Sinf kodeksi” deb atadik. Bu qoidalarni buzganlik uchun jarima (qoidalarni buzish darajasiga ko‘ra) ballar belgiladik hamda ularni umumiy to‘plashi kerak bo‘lgan balldan ayirib tashlash natijalari asosidagi haftalik faoliyat xulosalarini kundalik daftarlariga yozishga kelishdik. Mana shunday dalil-isbot bilan qayd etiladigan yozuvlar o‘quvchilar va ota-onalarning e’tiroziga sabab bo‘lmaydi. Sinf majlisida qabul qilingan ushbu “Sinf kodeksi” xonaning ko‘rinarli joyiga osib qo‘yildi.
Ushbu kodeks bilan 1-jadval orqali tanishishingiz mumkin. Bunda haftalik maksimal ball belgilanib olinadi, masalan, 50 ball.
O‘quv-tarbiya jarayonida amal qilinishi kerak bo‘lgan qoidalar buzilmasa, o‘quvchi haftalik maksimal ballga ega bo‘ladi. Biror yutuqqa erishsa, unga rag‘bat ball (5 ball) berish mumkin, shunda u maksimal ballga ega bo‘ladi.
Mana shu ballarga qarab o‘quvchining xulqiga baho qo‘yish va ota-onasiga qayd yozish mumkin bo‘ladi:
• 50 ball va undan yuqori — “namunali”;
• 46–49 ball — “yaxshi”;
• 40–45 ball — “qoniqarli”;
• 40 baldan past — “qoniqarsiz”.
Bu ishni amalga oshirish uchun o‘quv-tarbiya jarayonini nazorat qilish daftari tutiladi. Jadvaldagi o‘quvchi familiyasining ro‘parasiga kunlik qoida buzishning tartib raqami yozib boriladi. Hafta oxirida tartib raqamiga mos keluvchi jarimalar umumiy balldan ayirilib tashlanadi, rag‘bat ballar esa qo‘shiladi. Bu daftarni yuritishni sinf sardori yoki biror namunali o‘quvchiga topshirish mumkin. Ular bu ishni sidqidildan bajarishadi. O‘qituvchi esa yakuniy ballarga ko‘ra o‘quvchini baholaydi.
Buni M.Abdug‘afforov misolida ko‘rib chiqamiz. U hafta davomida 1-raqamli (darsni sababsiz qoldirmaslik) qoidani buzib, 5 jarima ball, 12-raqamli (darsliklarni to‘liq olib kelish) qoidani buzib 1 jarima ball oldi. Lekin u shu haftada sport musobaqasida qatnashib, maktab birinchiligida g‘olib bo‘ldi, buning uchun u 5 rag‘bat ball oldi. Endi haftalik balni topamiz:
50 (haftalik yuqori ball) — 5 (jarima ball) — 1(jarima ball) + 5 (rag‘bat ball) = 49 ball
Demak, M.Abdug‘afforov hafta yakunida 49 ball to‘pladi. Shu asosda o‘qituvchi kundalik daftariga xulqini “yaxshi” deb yozadi. Qaydlar joyiga esa erishgan yutug‘i uchun ota-onasiga minnatdorlik hamda kamchliklari: sababsiz dars qoldirgani va darsligini olib kelmaganini yozib qo‘yadi.
Barcha o‘quvchilarning haftalik ballari asosida guruh bali hisoblanadi, natijalar taqqoslanib, guruh o‘rni aniqlanadi. G‘olib guruh rag‘batlantiriladi.
O‘quvchilar o‘z guruhining yutib chiqishidan manfaatdor bo‘lgani holda bir-birini tartibga chaqirishga harakat qilishadi.
Erkin MIRZAYEV, Yangiobod tumanidagi 12-maktabning boshlang'ich sinf o'qituvchisi