To‘g‘ri so‘zlash sevimli mashg‘ulotga aylansa…
Dars payti o‘quvchilarim bilan bir tajriba o‘tkazdim. Ulardan o‘zlari qo‘llaydigan yoki boshqalardan eshitgan o‘zbek tiliga yot bo‘lgan so‘zlarni yozishlarini so‘radim.
Yozganlarini birin-ketin o‘zlariga o‘qittirdim. Barchasini jamlab doskaga yozdim: “zato, kaneshna, da, davay, tormoz, termiz, alfavit, samolyot, samokat, velosiped, dacha, aeroport, militsiya, buket, voleybol, futbol, kosnerva, ideya, galstuk, televizor, fizra, karoche, vapshe…”. Keyin ularga shu so‘zlarning o‘zbekcha muqobilini topishni topshiriq qilib berdim. Tormoz, samolyot, velosiped, futbol, voleybol, televizor kabi so‘zlar tilimizga o‘zi ifodalayotgan ma’no bilan kirib kelganini, shuning uchun ularning muqobili bo‘lmasligini tushundilar. Ammo kaneshna — albatta, ideya — g‘oya, fikr, karoche — xullas, galstuk — bo‘yinbog‘ kabi so‘zlar tilimizni buzishini, ularning o‘zbekcha muqobillari hamma uchun tushunarli ekanini uqtirdim. Bu tajribadan so‘ng o‘quvchilar begona so‘zlarning muqobilini topishni sevimli mashg‘ulotga aylantirishlari shubhasiz.
Mohira XALILOVA, Yunusobod tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi