Bugundanoq kirishing!
Hozirgi kunda nafaqat maktab, litsey o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalariga, balki turli sohalarda ishlovchi xodimlarga ham chet tillarni, xususan, ingliz tilini o‘rganish suv va havodek zarur. Sababi iqtisodiy, fan va madaniy jihatdan rivojlangan davlatlarning tillarini o‘rganish jahon ilm-fani va taraqqiyoti yutuqlarini egallashning bosh omilidir.
Psixologlarning fikricha, bolalar kattalarga nisbatan tilni tez va oson o‘zlashtiradi, chunki ularda taqlid xususiyati kuchli. Odatda, ular ma’lumotlarni ma’nosini tushunmay, mexanik tarzda yodlaydi. Siz chet tilini bilmasangiz-da, bolangiz bilan bemalol shug‘ullanishingiz mumkin. Bu jarayonda tilni tezda o‘rganish uchun quyidagi samarali usullardan foydalanish darkor. Eng avvalo, kerakli manbalar zarur: rangli rasmli lug‘atlar, kitoblar va stikerlar. Internet saytlaridan esa so‘zlarning talaffuzini o‘rganish va o‘rgatish uchun audio, video, mashq daftarlar hamda elektron kitoblarni yuklab olasiz. Hozir zamonaviy qo‘l telefonlarida bolalarga turli ko‘nikmalarni o‘rgatish uchun yaratilgan turli app dasturlar ham mavjud:
• Eng kerakli va oson mavzularni kunlarga bo‘lib, rejalashtirib oling. Masalan, uy jihozlarining nomlarini o‘rganishga 5 kun ajrating. Uyingizdagi jihozlarga ularning chet tilidagi nomlarini yozib, yopishtirib chiqing va belgilangan vaqtda bolalarga o‘sha jihozlarning chet tilidagi nomlarini aytib murojaat qiling. Bu ularning xotirasida tezda muhrlanadi.
• Inglizcha multfilmlar — garchi bolalar multfilmdagi so‘zlarni tushunmasa-da, qahramonlarning harakatlariga qarab, ularning nutqini ilg‘ashga harakat qiladi. Bu ular uchun juda qiziqarli usuldir.
• Qo‘shiqlar — bolalar uchun oson va quvnoq qo‘shiqlardan foydalanish, matnni takroran eshitganda beixtiyor yod olish, talaffuzini to‘g‘ri rivojlantirishga xizmat qiladi.
• Amaliy mashg‘ulotlar — biror buyumni birgalikda yasash, taom tayyorlashda ko‘maklashish, sayohatlar va rasmlarni bo‘yash bolalarda chet tilini haqiqiy kichik muhitda his etishlariga yordam beradi va qiziqishini oshiradi.
Bu orqali siz farzandingiz ta’lim-tarbiyasi va bilim olishida ustozlari qatorida o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz! Qolaversa, farzandingizga vaqt ajratib, u bilan shug‘ullanishingiz bolada ichki ishonchni, motivatsiya va intilishni rivojlantiradi. Ularning kelajakdagi har bir yutuq va muvaffaqiyatlarining poydevorini aynan siz barpo etasiz. Farzandingiz bilan til o‘rganishdek qiziqarli va samarali jarayonni bugundan boshlang!
Mehriniso NOROVA, Narpay tumanidagi 47-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi