O‘qituvchi ona tilini mukammal bilishi kerak!
“Ma’rifat” gazetasining 19-fevral sonini olib, to‘g‘risi o‘qishni qaysi maqoladan boshlashni bilmay qoldim. Chunki barcha sarlavhalardan qiziq, mulohazali, tahliliy maqolalar berilganligi ko‘rinib turardi. Ketma-ket o‘qishga tushdim. “Davlat buyurtma berdi. Nega natija sezilmayapti?”, “O‘zbek tili o‘lmaydi”, “Savodxonlik — ongli o‘zlashtirish asosi”, “11-sinf darsligi kamchiliklari”, “Yana “ona tili” darsligida muammolar”, “Murakkab mavzularni oson o‘rgatamiz”, “Mashqlar orqali ona tilimizni o‘rganamiz”...
“Tajriba” rukni ostida berilgan “Savodxonlik — ongli o‘zlashtirish asosi” maqolasini o‘qib, muallif juda to‘g‘ri fikrlarni ilgari surganligini bildim: “Savodxon o‘quvchi ongli ravishda barcha fanlarni a’lo darajada o‘zlashtirishga harakat qiladi. Bunda boshlang‘ich ta’lim muhim poydevordir. Chiroyli va bexato yozuv bola tarbiyasida, fe’l-atvori shakllanishida muhim ahamiyatga ega”. Chiroyli yozgan o‘quvchi boshqa fanlardan ham yaxshi o‘zlashtirishiga 30 yillik tajribam davomida ko‘p bor duch kelganman.
O‘zim ingliz tili o‘qituvchisiman. To‘g‘risi, avval maktablarda kirill alifbosidan foydalanilgan yillari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining xati chiroyli bo‘lardi. Balki bu kirill yozuvining xususiyati bilan bog‘liqdir? Bu o‘z navbatida lotin grafikali ingliz tili darslarida ham bilinardi. Ammo hozirgi kunda negadir o‘quvchilarning yozuvi talab darajasida emas.
Muallif “Imloviy savodxonlik yozma nutq mukammalligining asosidir. Shuning uchun yozma nutqda yuksak savodxonlik adabiy til me’yorlariga rioya etish, til vositalaridan foydalana olish, o‘z fikrini savodli bayon qilish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishda birinchi navbatda o‘qituvchining o‘zi o‘quvchiga namuna bo‘lmog‘i lozim”, deydi.
To‘g‘ri, o‘quvchi kiyinishda, soch turmagida, barcha-barcha xatti-harakatlarida o‘qituvchisiga taqlid qiladi. Men ham darslarimda o‘quvchilarga birinchi navbatda odam o‘z ona tilini mukammal bilishi kerakligini, ana shundagina chet tillarni oson o‘zlashtirishi mumkinligini ta’kidlayman.
O‘quvchilarning egallagan bilimlari, albatta, ularning yozma ishlarida aks etadi. Buni bilganim uchun o‘quvchilarga darsimda kichik hikoyalar yozish, o‘qigan kitoblari asosida esse yozish, ko‘rgan rasmlarini tasvirlash kabi topshiriqlarni beraman. Ularni tekshirib, o‘quvchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarni aniqlab, darsdan tashqari to‘garaklarda shu xatolar ustida ishlaymiz.
O‘quvchining savodxon bo‘lishida to‘garaklarning ahamiyatini ham aytib o‘tish kerak. Sababi, 45 daqiqa davomida o‘qituvchi barcha o‘quvchini darsga to‘liq qamrab ololmaydi. Garchi ingliz tili fani o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lib o‘qitilsa-da, til o‘rgatishda o‘quvchiga individual yondashish lozim. Shu sababli o‘zim dars beradigan 6–7-sinflar uchun alohida to‘garak ochganman. To‘garakda o‘quvchilarning husnixati bilan ham jiddiy shug‘ullanaman. Chunki maktabimizga o‘quvchilar turli maktablardan, turli o‘qituvchilardan saboq olib xat-savod chiqarib kelishadi. Shuning uchun ularning savodxonligi, husnixati ham turlichadir.
Shahnoza DEHQONOVA, Uchko‘prik tumanidagi 1-IDUMI ingliz tili fani o‘qituvchisi