Ta’limda yana bir xalqaro hamkorlik
Xalq ta’limi sohasida "Ilm- ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili" da xalqaro ilg‘or tajribalar asosida maktab o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab hamkorliklar yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, Xalq ta’limi vazirligi bilan Qozog‘iston Respublikasining “Bilim Media Group” kompaniyasi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun shartnoma imzolandi.
Bundan oldin Toshkent shahrining 74, 289, 168, 182, 195-maktablari va Toshkent viloyatining 5 ta maktabida “Bilim Media Group” pilot loyihasi doirasida raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy yetish bo‘yicha zamonaviy texnik uskunalar, xususan, shaxsiy kompyuterlar, BilimLand, iTest, Twig-Bilim, iMektep integratsiyalashgan resurslarga ega BilimDesk qurilmalari, shuningdek, umumta’lim maktablari uchun proyektorlar va interfaol panellar bilan ta’minlangan edi. “Bilim Media Group” mahsulotlari sinovdan o‘tkazilib, o‘zining yaxshi natijasini namoyon qila boshlagan edi.
Loyihaning asosiy maqsadi ta’lim sohasida hamkorlik qilish, shu bilan birga raqamli texnologiyalar va AKT masalalari bo‘yicha tajriba almashishdan iborat. Kompaniyaning mutaxassislari O‘zbekistonning eksperimental maktablariga borganlarida o‘quv jarayonida elektron manbalardan samarali foydalanish bo‘yicha qator seminar-treninglarlarni o‘tkazgan edi. Shuningdek o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning afzalliklarini ko‘rsatib berdi.
Ma’lumot uchun : “Bilim Media Group” — bu Qozog‘iston Respublikasining "raqamli ta’lim" kompaniyasidir. U xalq ta’limiga AKTni joriy yetish orqali O‘rta Osiyo mamlakatlaridagi umumta’lim maktablarida o‘quv jarayonining sifatini yaxshilashga yordam beradigan innovatsion ta’lim kompaniya hisoblanadi. Tashkilot yetakchi xalqaro o‘quv markazlari bilan hamkorlikda texnologiyalar va ilg‘or tajribalarga asoslangan holda o‘qituvchilarga uslubiy va texnik yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi hamda “Bilim Media Group” kompaniyasi bilan qilingan hamkorlik ta’limda o‘quv dasturlarini yaxshilashga xizmat qiladi, deb xabar beradi Xalq ta’limi sohasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi.