Tarixga to‘g‘ridan qaraylik
“Har qanday yangilik — unutilgan eskilikdir” degan gap bekorga paydo bo‘lmagan. Qolaversa, tarix — xalq mulki, bu boylikni u jang-u jadallarda, qonli bo‘hronlarda, vayronalar ostidan, shohlarning oltin qasridan necha yillar davomida zarralab to‘plagan va bu tajribalarni ko‘z qorachig‘idek saqlab kelgan. Shuning uchun tarixni saboq deydilar: odamzod tarixni o‘rganish barobarida, ongli hayoti davomida kamchiliklardan xulosa chiqardi, muvaffaqiyatlarini rivojlantirdi va hozirgi taraqqiyot darajasiga erishdi.
Albatta, tarixni o‘rganishning asosiy davri maktabda, tahsil jarayonida kechadi. Ayni kunlarda yangilanayotgan yurtimizda bu masalaga ham jiddiy e’tibor berilmoqda. Qolaversa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamma havas qiladigan buyuk tariximiz borligini muttasil takrorlab, ta’lim sifatini ham shu darajada tashkil qilishni ta’kidlamoqda. Keyingi yillarda o‘quv dasturlari ancha takomillashdi, darsliklar mazmunan boyitildi. Bular albatta yaxshi, lekin davr tinimsiz izlanishlarni, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etib borishni taqozo qiladi. Shu o‘rinda bir mulohaza tug‘ildiki, uni jamoatchilik bilan baham ko‘rish istagi paydo bo‘ldi.
Ma’lumki, ayni paytda maktablardagi tarix darsliklari izchil xronologik usulda tuzilgan, ya’ni eng qadimgi davrlardan bugungacha bo‘lgan tarix yillar bo‘yicha o‘rgatiladi. Masalan, 6-sinfda qadimgi dunyo tarixi, 7-sinfda o‘rta asrlar tarixi, 8-sinfdan boshlab XVII asrdan buyog‘i o‘rgatiladi. Bu albatta bir tomonlama yaxshi, o‘quvchining tasavvuri insoniyat takomili bilan hamqadam rivojlanib boradi. Biroq dastur shunday tuzilganki, umuman insoniyat tarixida muhim bo‘lgan voqealar ham bir qur eslab o‘tiladi, keyingi bosqichlarda, masalan, 10–11-sinflarda ularga maxsus to‘xtalishning imkoni bo‘lmaydi. Masalan, to‘qqiz yillik ta’lim dasturida Amir Temur va temuriylar davrini o‘rganishga 7-sinfda 2 soat (hozir 9 soat) ajratilgan. Taassuf qiladigan tomoni shundaki, keyingi sinflarda bu davrga maxsus to‘xtalinmaydi, yo‘l-yo‘lakay tilga olib o‘tish mumkin, ammo tariximizning eng gullagan bosqichi sifatida bu yillar har jihatdan (ilm-fan, san’at, davlatchilik taraqqiyoti, xalqaro aloqalar va hokazo ko‘zgusida), qolaversa, jahon tamadduni tadriji bilan qiyoslanib, mukammal o‘rgatilishi lozim. Hozircha esa o‘rta ma’lumot olgan yoshlarimiz hatto Amir Temurning kimligini ham bilmay kelishyapti. Rostda, ikki soatning birida o‘quvchi darsga kelmagan, ikkinchi soatini o‘qituvchi o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, o‘quvchi tahsili davomida bu nomlarni eshitmagan bo‘lishi ham mumkin. Holbuki, hamma joyda surati osib tashlangan, shaharlarda haykali qo‘yilgan zotni besh qo‘ldek bilish zimmamizdagi qarz. Yoki ilm-fan gullab yashnagan, insoniyatga Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sinolarni yetkazib bergan X–XI asrlar haqida ham shunday xulosaga kelish mumkin.
Xullas, hozir amalda bo‘lgan dasturda davr gorizontal usulda joylashtirilgan, voqealar (tarix) esa vertikal tartibda. Biz mulohaza tarzida bir fikrni o‘rtaga tashlashga jur’at qildikki, unda voqealar gorizontal joylashtiriladi, ya’ni tarixni o‘rganish insoniyat erishgan yutuqlarni yillar kesimida talqin qilishdan boshlanadi. Masalan, hunarmandchilik tarixi bir yilda o‘qitilishi mo‘ljallansa, uning paydo bo‘lishidan hozirgi darajaga yetishigacha bo‘lgan evolutsiyasi yillar ketma-ketligida, butun dunyo ko‘zgusida talqin qilinadi. Bu usulda bir davr yoki shaxslar faoliyatiga tahsil davomida bir necha marta to‘xtalishga to‘g‘ri keladi, o‘quvchining bilimi rivojlantirib boriladi, eng asosiysi, ahvolni bugungi kun bilan qiyoslash imkoni paydo bo‘ladi. Hozir 5-sinfda “Tarixdan hikoyalar” berilgan, shu usulni davom ettirish maqsadga muvofiq. Dasturni voqealarning jamiyat hayotidagi o‘rni va o‘quvchining yosh xususiyatlarini hisobga olib, “oddiydan murakkabga” tamoyili asosida tuzish mumkin. Xullas, loyiha sifatida biz tavsiya qiladigan tartib taxminan quyidagicha:
5-sinfda shaharlar tarixi;
6-sinfda hunarmandchilik tarixi;
7-sinfda buyuk shaxslar tarixi;
8-sinfda ijtimoiy formatsiyalar tarixi;
9-sinfda dinlar tarixi;
10-sinfda davlatchilik tarixi;
11-sinfda madaniyat tarixi.
Mazkur prinsipda bolaning yosh xususiyatlari, dunyoqarashining kengayib borishi, shaxsiyatining shakllanishi singari omillarni hisobga olishga harakat qildik. Masalan, tahsilni shaharlar tarixidan boshlashdan maqsad — bu yoshda bola atrof-tevarakka sinchkov nazar bilan qaraydi, o‘ziga yoqimli narsalar izlaydi. Shunda uning atrofidagi muhit savollariga javob berishi mumkin. Qolaversa, maktabda vatanparvarlik tuyg‘usini singdirish eng birinchi talablardan hisoblanadi. O‘z qishlog‘i, shahrining tarixini bilmasdan esa bu vazifani uddalash qiyin. Shuning uchun bolaning tarixdan ilk sabog‘i o‘zi yashab turgan makonning tarixini o‘rganishdan boshlangani ma’qul.
Albatta, bir mavzu (har bir sinfga mo‘ljallangan o‘quv dasturini jahon tarixining bir mavzusi, deb atash mumkin) o‘rgatilar ekan, faqat axboriy ma’lumotlar bilan cheklanilmaydi, balki hodisaning yuzaga chiqishi, ahamiyati, o‘tmishni baholash va kelajakka ta’siri singari qirralari talab darajasida yoritiladi. Deylik, 7-sinfda o‘rganishga mo‘ljallanayotgan “Buyuk shaxslar tarixi”, avvalo, bolaning yosh xususiyatlariga mos (shu yillarda o‘smir biologik jihatdan tez rivojlanish bosqichiga kiradi, xayollari tizginsiz, o‘ziga ideal izlaydi va hokazo), shunga ko‘ra shaxslar haqida gap ketganda u zotning shunchaki tarjimayi holi emas, ko‘proq faoliyatining ahamiyatiga urg‘u beriladi.
Bizningcha, maktabdagi o‘quv dasturi ana shunday tartibda tuzilsa, ancha qiziqarli bo‘ladi, o‘quvchilar tarixiy dalillarni quruq yodlashdan ko‘ra ularning mohiyatini anglash hamda mulohaza yuritish malakalarini hosil qiladi. Zero, tarixni o‘rganishning bosh maqsadi ham o‘tmish saboqlari bilan kelajak avlodni tarbiyalashdir.
Umuman, bu tavsiya shunchaki boshlang‘ich loyiha, uning to‘ldirilishi, mukammallashtirilishi hamkasblarimizning sa’y-harakatlariga bog‘liq.
Hakim SATTORIY, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Anvarbek MUHAMMADIYEV, Kasbi oziq-ovqat kollejining tarix fani o‘qituvchisi