Kuzatuv kengashining kuzatuvlari
Farzandi ta’limiga jiddiy e’tibor qaratgan ota-ona borki, o‘zi yashab turgan hududdagi barcha maktablar muhiti, sharoiti bilan qiziqib turadi. Zero, hech birimizga sir emaski, bugun maktablardagi muhit, imkoniyatlar bir xil emas. Shu bois omma tilida “nufuzli maktablar” degan atama paydo bo‘ldi.
Yashnobod tumanidagi 255-umumta’lim maktabi biz yashab turgan hudud o‘quvchilarini qamrab olgan. Mazkur dargoh mana qariyb uch yildan buyon katta yangiliklarga yuz ochdi. Ilgari maktab kamquvvatli sanalar edi. 1100 o‘ringa ega maskanda 956 o‘quvchi tahsil olardi. Chunki maktabning nufuzi tushgan, ota-onalar farzandlarini uzoqdagi ta’lim muassasalariga berishgan edi.
Dilora Jo‘rayeva rahbarligining ilk kunidan boshlab, maktab nufuzini oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchilarning malakasini oshirish, malakali kadrlarni ishga jalb qilish haqida yangi rejalar ustida bosh qotira boshladi. Biz mahalladoshlar uning doim muhim ish ustida yozuv-chizuv bilan band o‘tirgani, goh o‘zi ham ustalarga qo‘shilib, maktabning uyoq-buyog‘ini ta’mirlab yurganini ko‘rardik. Uning maqsadlari bugun ro‘yobga chiqa boshladi. Sa’y-harakatlari bilan o‘quvchilar soni 1675 nafarga yetdi. Endi maktab 1,5 quvvatda ishlayapti. Biz ota-onalar bu dargohdagi har bir yangilikni xayrixohlik bilan qarshi oldik. Chunki bularning barchasi o‘z hududimizdagi maktab sharoitini yaxshilash, ta’lim samaradorligini, maktab reytingini oshirish uchun qaratilgan, bu esa farzandlarimiz ertasi uchun juda muhim. Axir biz ota-onalarga ham farzandimizni uyimizdan ancha olisdagi maktabga yetaklab borish qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarardi. Aslida, eng qulay maktab bu uyimizga yaqin bo‘lgan maktab hisoblanadi. Agar unda ta’lim sifati yaxshi bo‘lsa, undan ham a’lo.
Maktabda dastlab darsdan tashqari ta’limga — fan va san’at, qo‘l mehnati, sport to‘garaklariga katta e’tibor qaratildi. Hatto boshqa maktablarda o‘qiydigan o‘quvchilar ham darsdan keyin bu yerdagi to‘garaklarga qatnay boshlashdi. Bu o‘z natijasini bera boshladi. Direktorning kadrlar masalasida qat’iy tartib-intizomni yo‘lga qo‘ygani, tajribali va malakali kadrlarni ishga jalb qilgani ko‘plab ota-onalarning e’tiboriga tushdi. Maktabda harbiy sinflar, tijoriy (pullik) guruhlar tashkil qilindi. Ota-onalarning talab va takliflariga ko‘ra chet tili va sport mashg‘ulotlari soatlari ko‘paytirildi. O‘quvchilar uchun tushlik tashkil qilindi. Soat 16:30 gacha o‘quvchilar maktabda mashg‘ulotlar bilan band bo‘ladi. Bu ishlaydigan ko‘plab ota-onalar uchun qulaylik yaratdi. Bundan tashqari, maktabda professor Z.Ahadova nomidagi stipendiya tashkil etildi. “Yosh akademiklar” klubi ish boshladi.
Maktabda kuzatuv kengashi tashkil etilganidan buyon har bir jarayon, joriy etilayotgan yangiliklar kengash a’zolarining kuzatuvisiz amalga oshirilmayapti. Biz — kengash a’zolari va maktab jamoasi har bir ishni maktabimiz nufuzini oshirish, o‘quvchilarimiz uchun zarur va qulay shart-sharoit yaratish maqsadida mushtaraklik bilan faoliyat yuritib kelmoqdamiz.
Prezidentimizning 2019-yil 26-noyabrda qabul qilingan “Zamonaviy maktablarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bizni maqsadlarimiz tomon yanada yaqinlashtirdi. Ayni kunlarda maktabimiz “Zamonaviy maktab” davlat dasturi asosida kapital ta’mirlanmoqda. Ta’mir jarayonlari uchun 7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ta’mirlash ishlari noyabr oyida boshlangan bo‘lib, o‘quvchilar hududdagi yaqin maktablarda saboqni davom ettirmoqda. Hozir ta’mirlashning oxirgi bosqich ishlari bajarilmoqda. Ta’mirlash ishlarining sifatli va shaffof olib borilishi maktab kuzatuv kengashi tomonidan nazorat qilinyapti. Tom qismi, kanalizatsiya quvurlari, issiqlik tizimi, koridorlar va sinfxonalar zamonaviy talablar asosida ta’mirlanmoqda. Ikkita kompyuter xonasi, o‘g‘il va qiz bolalar uchun maxsus texnologiya xonalari, laboratoriya, kutubxona va zamonaviy o‘quv xonalari, sport zal maxsus ko‘rinishga keltirilmoqda.
Maktab binosi, o‘quv xonalari mazkur davlat dasturi tufayli zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lmoqda, bu juda yaxshi, ammo... Ta’lim mazmuni-chi? U ham zamonaviy maktab talabiga javob beradigan tarzda tashkil etiladimi? Mana shu savol bilan maktab direktori Dilora Jo‘rayevaga murojaat qilganimda u o‘z rejalarini birma-bir so‘zlab berdi:
— Keyingi qadam ta’lim sifatini ko‘tarish, mazmunini boyitish. Buning uchun, avvalo, uch yildan ortiq malaka oshirish kurslariga bormagan va uzoq yillar mutaxassis bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan o‘qituvchilar ro‘yxati shakllantirildi va ularga A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda “Zamonaviy o‘qituvchi imiji” mavzusida maktab psixologlari, tajribali o‘qituvchilar ishtirokida o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda. O‘qituvchilarni malaka oshirish kurslariga jalb qilyapmiz. Zamonaviy maktabimizda ota-onalar burchagini tashkil etmoqchimiz. U yerda 1-sinf qabul qiluvchi o‘qituvchilarning videodarslari jamlanmasi, to‘garak jadvallari va faoliyatini aks ettiruvchi videoroliklar o‘rin oladi. Shuningdek, zamonaviy maktabda o‘quvchilar yuqori sinfdanoq o‘z yo‘nalishlarini belgilab olib, mustaqil izlanish olib borishlari uchun sharoit yaratiladi. Buning uchun binoning kirish qismi o‘ng tomonidagi ochiq joyda innovatsion kutubxona tashkil etishni rejalashtirdik. Avvalo, kutubxona fondini qayta xatlovdan o‘tkazdik, shunga qarab uni to‘ldirib, boyitmoqdamiz. Elektron kitoblar katalogini yaratyapmiz. Hozir kuni uzaytirilgan guruhlar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, chet tili, rus tili, sport to‘garaklariga malakali mutaxassislarni jalb etish, maktab maxsus raqami pul tushumlarini maksimal oshirish rejalarini ishlab chiqish, iqtidorli o‘quvchilar bazasini shakllantirish va ularni malakali o‘qituvchilarga biriktirish, OTM laboratoriyalaridan hamkorlikda foydalanishni, radiouzel faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi rejalar ustida ishlayapmiz. Bularning barchasi maktabimiz foydalanishga topshirilganida amaliyotga joriy qilinadi va ziyo maskanimiz dizayn va mazmun jihatdan teng ravishda zamonaviy maktabga aylanadi.
Zahro YUNUSXO‘JAYEVA,
Maktab kuzatuv kengashining raisi