Qanday qilib yaxshi o‘qituvchi bo‘lish mumkin?
45 daqiqa. Bu vaqt kashfiyot uchun yetarli fursat. Butun dunyoda o‘qituvchiga nisbatan kashshof, ya’ni kashfiyotchi degan ta’rif ishlatiladi.
Yaxshi o‘qituvchi bo‘lish dunyodagi eng qiziqarli va sharafli ishdir. Ammo kimki o‘z kasbini sevmasa, bu faoliyat faqatgina charchoq va stressni taqdim etadi.
NAMUNA BO‘LING
O‘quvchilaringiz sizni “super qahramon” sifatida ko‘rishlari juda muhim. Esingizda bo‘lsin, ular doim sizga hayrat bilan boqadi va shuning uchun sizga taqlid qilishga harakat qiladilar. Agar qo‘pol bo‘lsangiz, ularning xatti-harakatlarida ham qo‘pollik namoyon bo‘ladi. O‘quvchilar sizni ishonchli odam sifatida ko‘rishlari va siz ko‘rsatgan yo‘ldan borishlari sinalgan haqiqatdir. Har qanday yoshda ham shogirdlar o‘zlari ishona oladigan, ularni qoyil qoldiradigan va ergashtira oladigan insonga muhtoj.
SHAFQATLI BO‘LING
O‘z o‘quvchilari bilan mustahkam munosabatda bo‘lgan va g‘amxo‘rlik ko‘rsata olgan o‘qituvchi yaxshi o‘qituvchidir. O‘quvchilar muomalali, g‘ayratli va bag‘rikeng ustozi bilan bemalol muloqotga kirisha oladilar. Darsdan so‘ng qo‘shimcha mashg‘ulot yoki maktab tadbirlarida ishtirok etish bilan o‘zaro yaqinlikni his ettirish mumkin. Shu tariqa o‘quvchilarda maktabga sadoqat ham shakllantiriladi.
BA’ZI ASOSIY QOIDALARNI O‘RNATING
O‘quvchilar rioya qiladigan 3–5 qoidaga ega bo‘ling. Ushbu qoidalar buzilgan taqdirda chora ko‘rilishini ular bilishlari lozim. Sinf uchun asosiy qoidalarni birgalikda muhokama qilish va o‘quvchilar fikrini yozdirish yaxshi natija beradi. Masalan, siz gapirayotganda jim bo‘lish, barchani hurmat qilish va hokazo qoidalar...
INDIVIDUALLIK VA TASHABBUSKORLIK
Ta’limning eng katta maqsadi “Qanday qilib biz shaxslarni o‘qitamiz?” degan savolga javob topish, axborot va texnologiyalar davri tamoyillariga amal qilishdir. DTS talablariga muvofiq, o‘quv dasturida belgilangan mavzuni agar o‘qituvchi xohlasa, juda qiziqarli, ta’sirchan va sinfdagi barcha o‘quvchiga tushunarli, ya’ni o‘zlashtirish uchun oson va qulay tarzda talqin etishi mumkin.
Darsning to‘g‘ri didaktik va texnik jihozlanishi maqsadlarga erishishning asosiy shartidir. Ko‘rgazmali qurollar, tarqatma materiallar, AKT ishlanmalari — bular darsning masalliqlari. Yana bir gap. Darslikdan tashqari manbalardan olinib, taqdim etiladigan ma’lumotlarni izlashdan, topishdan naf katta.
O‘ZINGIZNI QADRLANG
Bugun o‘qituvchi o‘z shaxsiyatini va xavfsizligini qadrlashi muhim. Jamiyatda obro‘li ustozlargina obro‘li shogirdlarni yetishtira oladilar. Ustozning kayfiyati, muomalasi, yurish-turishi, o‘quvchilarining bilim olishga ishtiyoqlarini qo‘llab-quvvatlab turishi, rag‘batlantirishning turli usullaridan foydalanish sirlarini egallaganligi ko‘p hollarda dars sifati va samarasiga bevosita ta’sir qiluvchi omil sanaladi. Hatto, kiyinish, ko‘rinish ham ayrim holatlarda saboq mazmuniga salbiy ta’sir etishi mumkin. Darsga tayyorgarlik jarayonida arzimasdek ko‘rinadigan shunday unsurlar ham goho katta ahamiyat kasb etishi tajribadan ma’lum.
Asila TURDIYEVA, Qarshi tumanidagi 28-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi