Ta’limni murakkablashtirmaylik
So‘z ustasi Hojiboy Tojiboyevning beda o‘rayotgan dehqon haqidagi latifasi bo‘lardi. Bir tomonga o‘rib qaytayotgan dehqonning ishini kuzatib turgan kishi: “Bedani yaxshi o‘rayapsiz-u, faqat bir tomoningiz bo‘sh qaytayapti-da. Shunga o‘roqning ikkinchi tomoniga ham o‘roq o‘rnatsak, shunda ikki tomonlama o‘rib ketaverardingiz...”, deydi. Xullas, o‘rgatuvchining “u bo‘lmayapti, bunday qilsak yaxshi bo‘lardi” kabi nasihatlaridan zada bo‘lgan dehqon oxiri “bo‘ldi-yey” deb baqirib yuboradi.
Bugun ta’lim sohasida yuz berayotgan ba’zi o‘zgarishlarni kuzatib, oxiri shu dehqonga o‘xshab “portlab” ketmasak koshki edi, deb o‘ylab qolaman. Masalan, o‘tgan mavsumda abituriyentlarning aksariyat qismi uchun oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish pullik bo‘ldi. Bu kamlik qilgandek endi imtihon topshiradigan fanlar soni beshtaga ko‘paydi. Yetmagandek noto‘g‘ri belgilangan javoblarga jarima to‘lash g‘oyasini ilgari surishibdi. Kim biladi, test kunlari boshlanguncha yana qanday “ixtirolar” o‘ylab topilarkan?
Ayting-chi, bunday murakkablashtirish kimga kerak? Bu g‘oyalarni kim o‘ylab topyapti? Bir paytlar test savollarining qiyinligidan, mantiqsizligidan kuyingan domlamiz Omonulla Madayev “Bu savollarni farzandi yo‘qlar tuzgan”, degandi matematikadan ham murakkablashib ketgan ona tilidan test savollari haqida. Shunday “innovatsiyalarni” o‘ylab topayotganlar pedagogmi? Maktabda yoki institutda peshonasi terlab dars o‘tganmikan? Sovuqlarda qo‘llari qaltirab turgan o‘quvchilarni ko‘rganmikan?
Ko‘plab maktablarda ta’lim samaradorligi oqsab turgan ayni vaziyatda maktabni tamomlab, qo‘liga shahodatnomani olgan o‘quvchi hech bir tayyorgarliksiz oliy o‘quv yurtiga kirib ketadi, deb ayta olasizmi? Yo‘q, bunday bo‘lishiga o‘zingiz ham ishonmaysiz. Shunday ekan, farzandlarini o‘qishga kirgizish uchun avvallari ikkita fanga repetitorga berayotgan, pulini amallab to‘layotgan ota-onalarning ahvoli endi qanday kechadi?
Shu o‘rinda yana bir savolni o‘rtaga tashlasam: farzandini beshta fandan repetitorga berish ota-onaga necha pulga tushadi? Agar birdaniga ikki farzandi tayyorlanayotgan bo‘lsa-chi? Bir abituriyent uchun beshta fanning o‘zi shahar joylarda 800 000 – 1 200 000 atrofida bo‘ldi. Yana farzandining yeyish-ichishi, kiyinishi, yo‘lkirasini qo‘shib hisoblasak, ancha-muncha mablag‘ bo‘ladi. Qishloq joylarda shuncha miqdorda oylik oladiganlar qancha o‘zi?
Bir qo‘shnimning to‘rt farzandi bor. Kattasi 7-sinfda o‘qiydi. Bilimi yaxshi, lekin bolaning ota-onasi ishsiz, bazo‘r kun ko‘radi. Bahorda kunlar isishi bilan shaharga qurilishga chiqib ketadi. Oylab uyida bo‘lmaydi. Bir oyda 1 800 000 – 2 000 000 atrofida pul ishlab keladi. Bu mablag‘ esa ro‘zg‘ordan ortmaydi. Haliyam qishin-yozin loy tepib, mol boqib yurgan qo‘shnim abituriyentlarga sarflanadigan pul miqdoridan bexabar...
Men o‘zim bilgan bir oilani misol keltirdim, xolos. Endi ayting-chi, bunday oilalar respublikamizda qancha? Yiliga qancha-qancha maktab bitiruvchilari o‘rta ta’limdagi bilimlarning o‘zi bilan oliy o‘quv yurtiga kirishning imkonsizligi bois na o‘qishga kira oladi, na ishli bo‘ladi. Ko‘pchiligining maqsadi bitta: tezroq qo‘liga passport olish. Rossiya yoki Qozog‘istonga ishlash uchun ketish.
Hey, uni-buni o‘ylab topayotganlar! Kundan kun bolalarimizni yangi murakkabliklarga duchor qilgandan ko‘ra, ta’lim tizimini yaxshilashni o‘ylasangiz, deb umid qilaman. Maktabning o‘zida yaxshi bilim olgan, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun hech bir to‘siqqa uchramagan, million-million xarajatga ro‘baro‘ kelmagan bitiruvchi o‘ziga hech qachon mardikorlikni ravo ko‘rmaydi.
Azimjon MAMASHARIPOV, o‘qituvchi