Pedagoglar yetishmayotgan tumanlar bor
Prezidentimizning 2020-yil 27-fevraldagi “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ta’lim sohasini rivojlantirishning bir qator ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Men bir o‘qituvchi sifatida shuni ayta olamanki, bu qaror mamlakatimiz kelajagi, yoshlarimiz istiqbolini o‘ylab, ezgu va olijanob maqsad bilan yo‘g‘rilgan.
Sir emaski, bugun respublikamizning barcha viloyatlarida chekka tumanlar, taraqqiyotni jadallashtirishga ehtiyoji bor joylar mavjud. Birgina Jizzax viloyati misolida ko‘radigan bo‘lsak, viloyatimizda Yangiobod, Arnasoy, Baxmal, Forish va G‘allaorol tumanlarida pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj baland. Jizzax shahrida yoki shaharga yaqin tumanlarda yashovchi oliy ma’lumotli pedagog kadrlar, afsuski, u hududlarga boravermaydi. Aynan ana shu kemtiklikni va ehtiyojni to‘ldirish uchun ham bu qaror bizga juda katta sharoit va imkoniyat yaratib beradi.
Qaror bilan ayrim mutaxassisliklarda o‘qish muddati uch yil qilib belgilandi. Bu ham shunchaki tajriba yoki xo‘jako‘rsinga emas, balki juda puxta o‘ylangan qarordir. Davlat rahbari Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ayrim ikkinchi darajali, mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlarning qisqartirilishini aytib o‘tgan edi. Demak, keraksiz fanlarning qisqarishi evaziga Prezident qarorida ko‘rsatilgan olti yo‘nalish bo‘yicha talaba endi uch yilda bemalol sohani egallab chiqishi har jihatdan qulay yechim bo‘ladi, deb ayta olamiz. Uch yillik ta’lim ota-onalarga kontrakt to‘lovlarida yengillik yaratib beradigan bo‘lsa, bir yil oldin oliygohni tugallab, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim dargohlariga borayotgan bitiruvchilar orqali pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘layapti.
Bugun oliy ta’lim muassasalarida ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar ochilishiga ruxsat berilayotgani quvonarli, albatta. Ta’kidlash joiz, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida Jizzax davlat pedagogika institutida qirqqa yaqin himoya bo‘ldi. Oliygohdagi o‘qituvchilarimiz turli ilmiy daraja sohibi bo‘ldi. Institutimizda pedagogikadan ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash ham ochilayapti. Demak, qaror uzluksiz ta’limni ta’minlash hamda maktablar bilan aloqani kuchaytirish, maktablardayoq bitiruvchilar salohiyati qaysi yo‘nalishga mos ekanligini aniqlashda bizga dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Avvallari dotsentlik yoki professorlik unvonini olishni Oliy attestatsiya komissiyasi belgilardi. Endi esa dissertatsiya jarayoni ta’lim-tarbiya bilan bevosita bog‘liq ekanligi, ilm-fan – amaliyot-ishlab chiqarish – ta’lim sohasi integratsiyasini kuchaytirish uchun ham yaxshi imkoniyat paydo bo‘ldi. Ayni paytda o‘quv uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqqan, ko‘p yillik tajribaga ega pedagog o‘qituvchilar uchun yana bir katta imkoniyat, ya’ni professorlik yoki dotsentlik unvonini olish Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida bo‘ladi. Bularning hammasi bizni bir mutaxassis, soddaroq aytganda, oddiy o‘qituvchi sifatida cheksiz quvontiradi. O‘qish ishtiyoqida yonayotgan yigit-qizlarimiz va bizga o‘xshagan o‘qituvchilar uchun mana shunday faoliyatni yanada kengroq, ta’bir joiz bo‘lsa, yanada yuksakroq ko‘rsatish uchun ijod, ilmiy maydon berildi.
Xulosa esa bitta, biz – pedagoglar yaxshi sharoitda samarali ishlab, berilgan imkoniyatdan foydalanib, o‘z vazifamiz bilan band bo‘lamiz. Muhimi, islohotlarning jadalligi. Biz hamisha yangiliklarni qabul qilish va zamon bilan baravar yurishga harakat qilamiz.
Shavkat ShARIPOV, Jizzax davlat pedagogika instituti rektori.
O‘zA