823-qarorning afzalliklarini bilasizmi?
Agar sifatsiz natija va ko‘rsatkichlar bilan qo‘shimcha ustamaga erishilsa o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi, salohiyatini oshirib borishiga ehtiyoj qolmaydi. Shunday ekan, har qanday imtiyoz va rag‘bat yutuqlar va yuqori natijalarni, ilmiy izlanishlarni talab qilishi tabiiy.
Yangi qabul qilingan 823-qarorda nazarda tutilgan ustamalar bilan 275-qarordagi ustamalarni solishtiradigan bo‘lsak, metodbirlashma rahbarligi uchun, rahbariyat uchun belgilangan ustamalar, o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni 2 lavozim maoshigacha, dars berayotgan sinflarida o‘quvchilar o‘zlashtirishi 80 foizdan yuqorini tashkil qilsa, 100 foizlik ustamalar belgilanishi, shuningdek, xalqaro olimpiadalarda erishilgan natijalar uchun yil davomida 150–200 foizgacha ustama belgilanishi juda katta imtiyoz. Bu imtiyozlarga erishish o‘z qo‘limizda axir!
Vaziyatga optimist nazari bilan qarash lozim. Keling, erinmasdan hisoblab ko‘raylik. Muhokamaning asosiy negizida sinf rahbarligi yo‘q o‘qituvchining ustama olish masalasi turganini hisobga olib, yuqori sinf o‘qituvchisining imkoniyatlari bekor qilingan 275-qaror asosida hisoblab ko‘ramiz.
Eslatib o‘tay, sinf rahbarligi bo‘lmagan o‘qituvchi 275-qarorga ko‘ra faqat ta’lim samaradorligiga ko‘ra 25 foizgacha ustama olishi mumkin edi.
Birinchi toifali yuqori sinf o‘qituvchisi hech qanday qo‘shimcha rag‘batlarsiz bir oylik lavozim maoshi 2 200 000 so‘m deb hisoblasak, sinf rahbarligi bo‘lmagan holda 25 foizgacha ustama olishi mumkin, shunda 2 200 000*25% = 2 750 000 so‘m oylik maosh olishi mumkin. Bir yilda 2 750 000*12 = 33 000 000 so‘mni tashkil qiladi. Shunda yiliga bir marotaba direktor jamg‘armasi hisobidan bir lavozim maoshi miqdorida rag‘batlantirilishini qo‘shib hisoblasak, 33 000 000 + 2 200 000 = 35 200 000 so‘m yillik maosh olishi mumkin edi.
Endi yangi 823-qaror misolida ko‘rib chiqamiz.
O‘qituvchi sinf rahbarligi yo‘qligi hisobidan, nizomga ko‘ra, 15 ball kamroq natija ko‘rsatgani bilan 85 foiz imkoniyat o‘z qo‘lida. Bu 25 foiz ustama degani. Albatta, ustamaga loyiq topilgan salohiyatiga ko‘ra, to‘g‘ri baho bergan holda metodbirlashma rahbarligini namunali yuritishi evaziga 5 foizlik ustama olishi ham mumkin. Jami 30 foiz. O‘rnak ko‘rsatgan o‘qituvchi sifatida ikki lavozim maoshi miqdorida mukofotni ham unutmaslik kerak. Shunda bir yil mobaynida oylik maoshi 2 200 000*30% = 2 860 000 *12 = 34 320 000 + 4 400 000 (ikki lavozim maoshi miqdorida rag‘batlantirish) = 38 720 000 so‘m.
275-qaror bo‘yicha 35 200 000 so‘m, yangi 823-qaror bo‘yicha esa 38 720 000 so‘m. Taqqoslab olavering.
Yana shuni alohida aytib o‘tish kerakki, sinf rahbarligi bo‘lmagan o‘qituvchida o‘z fani bo‘yicha o‘quvchilar bilan yakka tartibda va jamoaviy holda to‘garak mashg‘ulotlari o‘tishga, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilishga sinf rahbarligi bo‘lgan o‘qituvchilarga qaraganda ko‘proq imkoniyat mavjud.
Aytgancha, sizga 100 foizlik ustama haqida ham eslatay, dars berayotgan o‘quvchilaringizning 30 foizi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan olinadigan nazorat ishini 80 foizga bajarsa bas! Jami yillik maoshingiz 52 800 000 so‘m.
Xalqaro olimpiadada o‘quvchingiz sovrinli o‘rinlardan birini qo‘lga kiritishiga erishsangiz yillik maoshingiz 79 200 000 so‘m bo‘lishi ham hech gap emas.
Aziz hamkasblar! O‘rinsiz hadik va qo‘rquvlarni chetga surib, boshqa kasb egalari havas qiluvchi imkoniyatlar ortidan olg‘a!
Ulug‘bek DO‘STMURODOV, Xovos tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi