Geologiya fan sifatida o‘qitilsa...
Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda shu yilning 31-yanvarida yurtimiz geolog, matematik va kimyo-biologiya xodimlari bilan uchrashuvida geologiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab muhim taklif va topshiriqlar berildi.
Shuni aytib o‘tish joizki, hozirgi kunda geologiya sohasiga o‘qishga hujjat topshirayotgan aksariyat abituriyentlar geologiya fani haqida umumiy tushunchaga ham ega emasligi, bu sohaga faqat oliy ma’lumot olish uchungina hujjat topshirayotgani achinarli hol, albatta. Bu istak ila o‘qishga hujjat topshirgan talabalar oramizda yetarli. Bunday talabalardan o‘z kasbining yetuk mutaxassisi yetishib chiqishi amrimahol.
Ma’lumki, geologiya tarmog‘i iqtisodiyotda muhim rol o‘ynaydi. Sababi, davlatimiz tabiiy qazilma boyliklari zaxirasi bo‘yicha (Mendeleyev davriy sistemasidagi deyarli barcha elementlar mavjud) dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. Qazilma boyliklarimizning iqtisodiyotimizdagi o‘rni esa beqiyosdir. Muammo shundaki, qazilma ishlari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislik va fan to‘g‘risida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari umuman tasavvurga ega emas.
Taklifimiz shundayki, hozirgi kunda maktablarda o‘qitilayotgan geografiya fani dasturiga alohida bob sifatida geologiya fanini ham kiritish zarur. Maktablarda tabiatshunoslik, geografiya fanlari o‘qitiladi. Taklif qilinayotgan variant — o‘qitilib kelinayotgan geografiya fani geografiya+geologiya ko‘rinishida fan sifatida kiritilsa, soha tarmog‘iga qiziquvchi va geologik tushunchalarga ega bilimli yoshlarni yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, geologiya sohasida o‘qishni tugatgan kadrlar maktablarda dars berishi uchun ham imkoniyat yaratiladi.
Bobur JONIBEKOV, Toshkent davlat texnika universiteti geologiya-qidiruv fakulteti dekani muovini, geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
Latifjon MEYLIYEV, geologiya-qidiruv fakulteti 4-kurs talabasi,
Sayyod DO‘STMAMATOV, geologiya-qidiruv fakulteti 4-kurs talabasi