O‘qituvchi maqola yozishni bilishi kerak!
“Ma’rifat” gazetasining 2020-yil 8-yanvar sonida Vazirlar Mahkamasining 275- va 823-qarorlari to‘g‘risida bir necha o‘qituvchining maqolasini o‘qidim. Unda yangi qaror bo‘yicha o‘qituvchilarga ustama belgilanishi borasida tanqidiy fikrlar bayon qilingan.
Pedagog ilg‘or, har tomonlama ziyrak, mehnatsevar, vijdonli kishi bo‘lmog‘i lozim. Aytaylik, bugungi kun pedagogi har kuni yuz berayotgan yangiliklardan xabardor bo‘lmasa, kasbiga, faniga doir sara metodik materiallarni o‘qib-o‘rganmasa, ular xususida fikr-mulohaza yurita olmasa, o‘quvchilarida namoyon bo‘lgan qobiliyatni yuzaga chiqara olmasa, qanday qilib u muallimni ziyrak, zamonaviy deya olamiz?! Bundan ko‘rinib turibdiki, pedagog necha yillik ish stajiga ega bo‘lishidan qat’i nazar, kundalik axborotdan, ayniqsa, ta’lim yangiliklaridan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishi kerak. Bunday zo‘r imkoniyatni beruvchi “Ma’rifat” gazetasi va boshqa ta’lim nashrlari hamisha xizmatga tayyor!
Ustama berishda o‘qituvchilarning ta’lim nashrlari yo‘lga qo‘ygan tanlovlardagi ishtiroki ham inobatga olinishini xohlardim. Bunday tanlovlarda barcha qatnashishi mumkin. Ba’zi o‘qituvchilar bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida sanoqli o‘quvchilarning muvaffaqiyatga e’rishishi, shu bois ustamadan boshqalar mahrum bo‘lishini aytmoqda. Ta’limga oid jurnal va gazetalarda har faslda yoki yil davomida tashkillashtirilgan o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi adolatli, hammaning ko‘z o‘ngidagi, korrupsiya aralashmaydigan tanlovlar bunday ziddiyatlarning oldini oladi. Tanlovda ishtirok etish bahonasida o‘qituvchi gazeta, jurnal, kitob varaqlaydi. Ko‘plab iste’dodlilarning ijodi bilan tanishadi. O‘zida ham yangi fikr va g‘oyalar tug‘iladi. Tahririyat tomonidan taqdim qilinadigan rag‘batlar ularga kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
Ayrim o‘qituvchilar maqola yozishga uquvi yo‘qligi sababli ustama ololmayotganidan kuyunadi. Fikrimcha, qaysi fan o‘qituvchisi bo‘lishidan qat’i nazar, muallim fikrini yozma ifodalay olishi kerak. Ta’limga oid dolzarb maqola yoki o‘zi darsda qo‘llayotgan samarali metodikalarni oson va tushunarli qilib bayon etish mahoratli o‘qituvchi uchun qiyin bo‘lmaydi, menimcha. Biz, pedagoglar yozsak, faqat ta’lim-tarbiya haqida yozamiz. Bizdan hech kim kasalni qanday qilib davolash to‘g‘risida maqola so‘ramaydi.
O‘qituvchilarga ustama tayinlashda maktab rahbariyati o‘qituvchilarning qaysi gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lgani, uni muntazam o‘qib borishiga ham e’tibor qaratsa, yaxshi bo‘lardi.
Dilnoza NARZULLAYEVA, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi