O‘quvchingizni yaxshi bilasizmi?
O‘qituvchi — Vatan, xalq, qolaversa, bola manfaatlari uchun xizmat qiladi. U ta’lim-tarbiya jarayoni markazida turadi. Agar muallim o‘quvchining aqliy imkoniyati, qobiliyati va qiziqishlarini hisobga olib faoliyat ko‘rsatsa, to‘liq maqsadga erishadi.
Zamonaviy pedagogik texnologiyaning asosiy psixologik tamoyillaridan biri — ta’lim jarayonini individuallashtirish, ya’ni har bir bolaning jismoniy, ma’naviy-ruhiy rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratishdan iborat.
Har qanday layoqat, qobiliyat va iqtidor faqat o‘z vaqtida payqab, yo‘nalish berilsagina rivojlanadi. Masalan, maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarda maktabda o‘qiyotgan bolalarga xos xususiyatlar yaxshi shakllanmagan bo‘ladi. Ayrim ota-onalar esa bu holga e’tibor bermay, bolaga zo‘rma-zo‘raki xat-savod o‘rgatishga kirishib ketadilar. Ba’zi narsalarni bilmasa jerkib, koyib berishadi. Natijada ularni toliqtirib, oldida boshlanajak saboq davridan ham sovutib qo‘yadilar.
Bola maktabda muvaffaqiyatli o‘qib ketishi uchun uni aqliy, ma’naviy, ruhiy tayyor bo‘lgachgina harf va raqamlarni yozdirib, so‘ngra o‘qishga o‘rgatsak yaxshi natija beradi.
Ba’zi o‘quvchilar fanlarni zo‘rg‘a o‘zlashtiradi. O‘qishga mayli yo‘q. Unga “Kallang yaxshi ishlamaydi, sendan odam chiqmaydi” desangiz bolani butkul sindirib, ruhiy tushkunlikka tushirib qo‘yasiz. Keyinchlik shu fikrga ishona boshlaydi. Hatto ko‘nikadi. Aksincha qilinsa-chi? Ehtimol o‘sha o‘quvchining maqtov va olqish bilan yuzaga chiqarish mumkin bo‘lgan yorqinroq jihatlari bordir.
Buyuk fizik olim Albert Eynshteyn ham bolaligida o‘qish va yozishga juda qiynalar, hisob-kitobda no‘noq bo‘lgan ekan. Uni ustozlari doim “Sen odam bo‘lmaysan, kallang katta bo‘lgani bilan ishlamaydi”, deb koyisharkan. Ammo bir kuni o‘qituvchilarining bu gaplaridan charchagan onasi maktabga kelib, uning kallasi hammanikidan katta, shunday ekan u eng aqlli bo‘ladi deb, bo‘lg‘usi buyuk olimni ruhlantira olgandi.
Bolalik davri tez o‘tib ketadigan jarayon. Unda imkoniyat zaxirasi mo‘l. Lekin u o‘z-o‘zidan yuzaga chiqmaydi. Takroriy mashqlar, didaktik o‘yinlar orqali bolaning nimalarga qodirligini aniqlash mumkin.
Masalan, jismonan kuchsizroq bola o‘zidan ko‘ra baquvvat o‘quvchi oldida ikkilanib, u bilan raqobat qilishdan voz kechadi. Shunday holatda o‘qituvchining e’tibori ana shu kuchsizroq bolani ruhlantirishga qaratilishi kerak. Raqobat jismonan emas, balki aqliy vosita asosida o‘tishiga imkoniyat yaratgan ma’qul.
Iskandar G‘OZIXO‘JAYEV, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi