O‘quvchilar ishtiyoqini so‘ndirmaylik!
Shu yilning 26-fevralida Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. Imkoniyatdan foydalanib, akademik litsey o‘quvchi va o‘qituvchilarining taklif va mulohazalarini bayon etishni joiz deb bildik.
Ushbu qarorning eng katta yangiligi endilikda olimpiadaning IV bosqich g‘oliblari, ya’ni respublikada faxrli 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning OTMlarga test sinovlarisiz qabul qilinishi to‘xtatilib, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha maksimal ball beruvchi sertifikat va EKIHning 50 (1-o‘rin uchun), 35 (2-o‘rin uchun), 30 (3-o‘rin uchun) barobaridagi pul mukofoti bilan taqdirlanishidir. Qarorning ushbu bandi olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘quvchilarda ayrim noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Shundan kelib chiqib, quyidagi taklif va mulohazalarni bildirsak:
1-taklif: IV bosqich(respublika)da 1-, 2-, 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha OTMlarga imtihonsiz qabul qilish tizimini saqlab qolish maqsadga muvofiq. Negaki, fan olimpiadalarining 4-bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar minglab eng iqtidorlilar orasidan saralab olinadi. Hozir olimpiada ishtirokchilari to‘rt bosqichli imtihon(olimpiada)ga qatnashib uch yil muddatga amal qiladigan sertifikat olishdan ko‘ra bir marta imtihonda qatnashib, xuddi shu sertifikatni qo‘lga kiritish mumkin ekanini afzal bilmoqda. Chunki Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini ishlab chiqish va joriy etishni taklif qildi va bu borada DTM bilan hamkorlikda matematika, ona tili va boshqa fanlardan sertifikatlash tizimi yaratilmoqda. Qolaversa, hozir o‘quvchilar ingliz tili fanidan IELTS, CEFR kabi sertifikat olish imkoniyatiga ega. Bu esa olimpiadaning to‘rt bosqichlik chig‘irig‘idan o‘tishdan ko‘ra oson. Shuning uchun o‘quvchilar o‘rtasida ingliz tili fanidan olimpiadada ishtirok etishga qiziqish deyarli yo‘q. Bitiruvchilar o‘quv yili yakunida o‘tkaziladigan fan olimpiadasigacha xuddi shu kuchdagi sertifikatni olgan bo‘lsa, ular qanday taqdirlanishi qaror loyihasida keltirilmagan. Bizningcha, olimpiada g‘oliblarini o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha maksimal ball beruvchi sertifikat bilan taqdirlash ularning yillar davomida qilgan mehnatini munosib baholashga yetarli emas. Shu sabab o‘quvchilarda olimpiadaga qiziqish so‘nib bormoqda.
2-taklif: Olimpiadaning III bosqichi, ya’ni viloyat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri) bosqichidagi test sinovlarini o‘tkazishni DTM vakillari zimmasiga yuklatishni taklif qilamiz. Chunki respublikamizning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham DTMning mas’ul xodimlari bo‘lib, ular yetarlicha moddiy-texnik baza bilan ta’minlangan. Bu bosqichdagi yozma ishlarni baholashdagi xolislik va odillikni ta’minlashda olimpiada mutasaddilari javobgarligini oshirishni taklif qilamiz.
3-taklif: Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan sport sohasida olimpiada chempionlarini tayyorlagan murabbiylarga ilmiy unvon berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Fan olimpiadasi maktabiga ega bo‘lgan, Xalqaro olimpiada g‘olibini tayyorlagan yoki Xalqaro olimpiadaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan gumanitar fanlardan uch va undan ortiq respublika olimpiadasi g‘oliblarini tayyorlagan, tajribali, mehnatsevar o‘qituvchilarimizni ham shunday unvon(dotsent)lar bilan taqdirlash tarafdorimiz.
4-taklif: IV bosqich(respublika)da xalq ta’limi tizimi va akademik litsey hamda kasb-hunar maktablari o‘quvchilari umumlashtirilganda ularning soni ko‘paygani bois faxrli o‘rinlar sonini ko‘paytirish kerak. Chunki 2019-yilgacha, masalan, ona tili va adabiyot fanidan respublika bosqichida o‘quvchilarning 6 foizi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2019-yildan xalq ta’limi va o‘rta maxsus ta’limdagi o‘quvchilarning IV bosqichda qo‘shib yuborilishi natijasida o‘quvchilar soni oshib, ularning 3 foizi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bunda 88–90 balldan yuqori natijani ko‘rsatgan o‘quvchilarning barchasi g‘olib deb topilishi mantiqli va adolatli bo‘ladi. Negaki, 2019-yili ona tili va adabiyot fanidan respublika bosqichida 90 ball to‘plagan o‘quvchi ham g‘oliblikni qo‘lga kirita olmadi.
Yuqoridagi taklif va mulohazalar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan o‘rganilib, inobatga olinsa, ushbu qarorning inson manfaatlarini himoyalashga qaratilgan maqsadini mustahkamlagan bo‘ladi, nazarimizda.
Xullas, ushbu taklif va mulohazalardan ko‘zlangan maqsad — yoshlarimizning fan olimpiadasiga ishonchi va faolligini saqlab qolishdir.
A.UMAROV, SamDU akademik litseyi direktori,
K.QARSHIYEV, SamDU akademik litseyi o‘qituvchisi