Boshlang‘ich ta’lim maktablari o‘zini oqlaydi
1996-yil yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida hozirgi “Oltin vodiy” qishlog‘ida yashovchi aholi o‘rtasida: “Qishlog‘imizda yangi maktab ochilar ekan, maktabda faqat boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qir ekan”, degan gaplar tarqala boshladi.
O‘sha vaqtda tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati tashabbusi bilan tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan bu maktab qarovsiz qolgan binoda ish boshlagandi. Oradan 12 yil o‘tib 2008-yilda maktab kapital ta’mirlandi. 17-boshlang‘ich ta’lim maktabi tez orada kutilgan natijalarni bera boshladi. Bugun maktabda 332 nafar o‘g‘il-qizga 22 nafar tajribali o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Maktabimizda o‘quvchilar husnixati, yozish qoidariga katta e’tibor qaratiladi. 80 foiz o‘quvchilarning yozuvi bir xilligiga erishilgan. Jamoaning bu boradagi ish tajribasi tuman miqyosida ommalashtirildi. Maktabimizning ko‘p yillik faoliyatidan boshlang‘ich ta’lim maktablarini tashkil qilish yaxshi samara berishi isbotlandi.
Shoira SAIDQULOVA, Do‘stlik tumanidagi 17-boshlang‘ich ta’lim maktabi o‘qituvchisi