Maktab binosi nega MTTga olib berildi?
Chortoq tumani Alixon qishlog‘ida joylashgan 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 320 o‘rinli birinchi o‘quv binosi 1974-yili qurilgan, 1998-yili esa o‘quvchilar soni ko‘paygani, sinfxonalar yetishmay qolgani inobatga olinib, qo‘shimcha o‘quv binosi barpo etilgandi. 2018-yilga kelib esa maktabda 520 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olayotgan edi.
Aynan shu yili ta’lim muassasasida “Obod qishloq” davlat dasturiga binoan qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanadi.
Biroq mukammal qayta qurilishi boshlangan o‘quv binosi maktab tasarrufidan olinib, shu qishloqdagi 27-maktabgacha ta’lim tashkilotiga berilganini eshitgan ota-onalar va pedagoglar hayron bo‘lishdi. Axir shundoq ham sinfxonalari kamligidan ikki smenada ishlayotgan maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar nima qilishadi?
Aslida 18-maktabning har ikki binosi ham ta’mirtalab, isitish, yoritish tizimi mukammal qarovga muhtoj, bino ichkarisidagi xonalarning poli, shiftlari allaqachon yangilashni talab etayotgan, qishda isimaydigan sport zali bir talay qiyinchilik tug‘dirayotgan ahvolga tushib qolgan edi. Maktabning eng keyin qurib berilgan o‘quv binosi maktabgacha ta’lim tashkilotiga olib berilishining sababi nima? Yaroqsiz binoda ta’lim-tarbiya jarayonini qanday tashkil etish mumkin? Xullas, yangi paydo bo‘lgan muammo maktab rahbarlaridan tortib o‘qituvchilar-u ota-onalarni ham o‘ylantirib qo‘ydi. Ular o‘y surgunicha 27-maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta qurilgan va mukammal ta’mirlangan binoda o‘z faoliyatini boshladi. Ustiga ustak maktab oshxonasi, stadioni va 2 gektar yeri ham uning tasarrufiga o‘tib ketdi.
Albatta, bu ishlar ochiq-oydin, aniqrog‘i, tumanning 2018-yildagi hokimi Oybek Haydarovning 12-iyulda qabul qilgan 1121-sonli qaroriga ko‘ra amalga oshirildi. Mazkur qarorga esa go‘yo Chortoq tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Sh.Turg‘unova va maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbari U.Alijonovning 18-maktab binosida 27-MTTni joylashtirishga ruxsat berish mazmunida yozgan xatlari asos qilingan. Ammo qog‘ozda bor, amalda yo‘q bu xatlar bilan tanishmoqchi bo‘lganimizda ularni topib bo‘lmadi. Ha, ishonavering, na tuman xalq ta’limi bo‘limi, na tuman hokimligining umumiy bo‘limida bu xatlar bilan tanisha olmadik. Ular hech qayerda qayd etilmagan, hujjatlar to‘plamlariga kiritilmagan. Qiziq, tuman xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim bo‘limlarining xatlari haqiqatda yozilgan edimi yoki tuman hokimi qarorini xaspo‘shlash uchun kiritilgan? Nima bo‘lgandayam uning ijrosi ta’minlandi. 18-maktab yangi binosidan ayrilib, katalakdek joyga tiqilib qoldi.
2018-2019-o‘quv yili arafasida tug‘ilgan mazkur muammo yangilariga yo‘l ochib berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘quvchilar yilning sovuq fasllarida umuman isimaydigan maktabda ikki qishni o‘tkazishdi. Xonalar yetishmasligidan to‘garaklar va qo‘shimcha mashg‘ulotlar uyushtirish qiyinlashdi. Biz maktabga borgan fevral oyinining o‘rtalarida uch-to‘rtta sinf xonasiga kirdik. Ta’lim muassasasi hamshirasi Tursunoy Ismoilova sinfxonalariga o‘rnatilgan harorat o‘lchagichlar ko‘rsatayotgan raqamlarni birma-bir yozib berdi. Bino ichkarisidagi xonalarda harorat 10-12 daraja atrofida qayd etildi. Biroq o‘quvchilar-u muallimlarni qiynayotgan muammo shu bilan cheklanmaydi.
— Maktab oshxonasi va sport maydoni MTTga berilgani bois o‘quvchilarni ovqatlantirish, jismoniy tarbiya darslarini tashkil etish oson kechmayapti, — deydi maktab kuzatuv kengashi raisi Nasiba Darvisheva. — Ularning musiqa xonasi shundoq boshlang‘ich sinflar xonasiga tutash. Bolalar uchun mashg‘ulotlar boshlansa, dars o‘tishga xalaqit berayotganini ta’kidlashmoqda o‘qituvchilar. O‘zi shundoq ham o‘quvchilar tor xonalarda saboq olishadi.
Shu yerlik Husanboy Hamroyevning 6 nafar farzandi shu maktabda o‘qiydi. Ularning o‘qishga kelib-ketishi, xavfsizligini ta’minlashdan xavotir olayotgan H.Hamroyevning tashvishi farzandlari ikkinchi smenada o‘qiydigan boshqa ota-onalar uchun ham begona emas.
— Avvallari 4 nafari bir smenada ta’lim olayotgan edi, — dedi u. — Hozir farzandlarim kichik sinflarda o‘qishi tufayli ikkinchi smenaga kelishyapti. Maktabga serqatnov, transport harakati nazorat qilinmaydigan yo‘ldan kelishadi. Ular o‘qishdan qaytguncha yurak hovuchlab kutamiz. O‘quv binosi ham 1974-yili eski qolipda qurilgani uchunmi, yo‘laklar tor. Yorug‘lik kam tushadi.
Biz bilan sinfxonalarini birga aylangan hamshira Tursunoy Ismoilovaning ham dardi ichida ekan.
— 2019-yilning 28-noyabrida Prezidentning virtual qabulxonasiga murojaat qilib, maktabimizda yetarli shart-sharoit yo‘qligini bildirgan edim, — dedi Tursunoy. — Murojaatim tuman xalq ta’limi bo‘limiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan ekan. Unga javoban sport zali isitish tizimi ta’mirlandi. Stadion ham mening va direktorimizning qayta murojaatidan so‘ng maktabga qaytarildi. Chunki u maktab balansida, kadastr hujjatlari maktabga tegishli edi. Binoni ta’mirlash va isitish tizimini yangilash esa kelgusi yillarda amalga oshirilishini ma’lum qilishgan. O‘quv binosi, oshxona, maktabning 2 gektar yerini qaytarishning esa iloji yo‘q ekan. Tuman hokimining qarori bunga imkon bermasmish.
Chortoq tumani hokimining biz ta’kidlagan “qarori” qanchalar kuchli, maktab binosi, yeri va boshqa inshootlarini olib qo‘yishga hokimning qonuniy vakolati bormi, bu savolga huquqshunoslardan javob olamiz, degan umiddamiz. Ammo, asos qilib ko‘rsatilgan ikkita tuman tashkilotining xatlari topilmagani mazkur qaror zamirida qandaydir boshqa maqsad borligiga ishora qilyapti. Gap Alixon mahallasi markazida 27-MTTning sobiq binosi va yeriga borib taqalayapti. Tuman hokimligi 2018-yil “Obod qishloq” dasturi asosida amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlarini rejalashtirayotganda 27-MTT binosini ta’mirlash ro‘yxatiga kiritmaganmi? Yoki Alixonda maktabgacha ta’lim muassasasiga jalb etiladigan bolalar yo‘qmi? Aynan shu savol bilan 27-MTT mudiri Manzura Mirzaxolovaga murojaat qildik.
— 18-maktab binosini moslashtirib beramiz, shu yerga ko‘chasizlar, deyishganda hayron bo‘ldik, — dedi M.Mirzaxolova. — Ko‘chdik ham. Ammo, moslashtirilgan binodan ko‘nglimiz to‘lmadi. Sharoit yetarli emas. Ikkinchidan, 120 o‘rinli deb aytilgan muassasada 190 nafar bola jamlangan. Chunki mahalla hududida 6 yoshgacha bo‘lgan, maktabgacha ta’lim tizimiga tortiladigan 470 nafar bola ro‘yxatga olingan. Shundan ham ayonki, bu bino ehtiyojni qoplamaydi. Eski bog‘cha o‘rnida esa 240 o‘rinli bino qurish imkoni bor edi. Meni yana bir muammo o‘ylantiryapti. Bu yil maktabga qabul qilinadigan bolalarning barchasi kuni uzaytirilgan guruhlarga jalb etilishi belgilangan. Bizda esa buning uchun xona yetishmaydi.
Endi e’tiboringizni yana bir inshootga qaratmoqchimiz. 18-maktab yonida sobiq Chortoq ijtimoiy-iqtisodiyot kollejining butun boshli binosi bo‘sh turibdi. 2019-2020-o‘quv yili boshlanishida mazkur kollej binosi 18-maktabga “tuhfa” etildi. Maktab o‘quvchilari sentabr-oktabr oyida shu yerda o‘qishdi. Keyin Namangan muhandislik texnologiyalari instituti mutasaddilari kelib, kollej binosi institut tasarrufiga o‘tkazilganligini, shu sabab uni tezda bo‘shatishni talab qilishadi. O‘quvchilar yana tor maktabga qaytishga majbur bo‘lishdi. Qiziq, Alixondan 60–70 chaqirim olisda, viloyat markazida joylashgan sobiq kollej binosi nega endi shu yerda ehtiyoj bo‘laturib, institutga in’om qilindi?
Alixonlik o‘qituvchilar, maktab yetakchilari, ota-onalar biz ta’kidlagan muammo bo‘yicha qancha idoralar eshigini qoqqanligini aytishdan naf yo‘qligi bois ularni sanab o‘tmadik. Shuningdek, berilgan javoblarni ham pisanda qilmayapmiz. Chunki ular ijobiy bo‘lganda mazkur muammo “Ma’rifat” sahifalariga chiqmagan, yo‘l, ko‘prik, maktab
qurish singari savobli ishlarni qilish o‘rniga bir maktab binosini asossiz qaror bilan boshqasiga “sovg‘a” qilgan tuman hokimi, uning bu ishini loqayd kuzatib turgan xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilarining tinchini buzmagan bo‘lardik.
Biz mazkur masalada Namangan viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi, Chortoq tuman hokimligi, tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbarlarining munosabatlarini bilsak, ayni muddao bo‘lardi.
G‘anisher AKBAROV,
“Ma’rifat” muxbiri