Oyning o‘n beshi yorug‘...
823-qarordagi yangi talablar o‘qituvchi faoliyatini kengaytirishi, ta’lim sifati oshishiga turtki bo‘lishiga ishonaman.
Avvalgi qarordan farqli ravishda kutubxona xodimlari hamda maktab psixologiga e’tibor qaratilib, baholash mezonlari asosida ustama haqlar tayinlanishi va intiluvchan fan o‘qituvchilari, hattoki, 100 foizgacha ustamaga ega bo‘lish imkoniyati ham berilgani yaxshi, albatta. Biroq amaldagi 275-qaror bo‘yicha baholanilgan bir paytda ustama va rag‘batlantirish 823-qaror bo‘yicha belgilanishi ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. O‘quv yili boshlanib, ikki oy o‘tgach, hududlardagi xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan tuman va shahar bo‘limlariga kelgan buyruq asosida talablar o‘zgardi. 275-qaror bo‘yicha tayinlangan ustamaga yangi qarorni baholash mezoni asosida bir yillik qilingan ishlar bayoni, rasmi va hokazolarni isbot sifatida ko‘rsatib yig‘ilgan hujjatlar asosida fayllarni “semirtirish”ni boshlashdi, bu esa ko‘plab ziddiyatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Vaziyatga biroz o‘xshatish bilan yondashsam. Haydovchi mashinada magistral yo‘lda ketyapti. Yo‘lga esa radar o‘rnatilgan. Bu haqida esa albatta shofyorni ogohlantirish maqsadida “radar bor” belgisi qo‘yiladi, haydovchi esa shunga mos harakatini davom ettiradi. Shunday ekan, ushbu qarorni amaliyotda qo‘llashdan avval qaror mezonlari haqida ogohlantirish kerak edi. O‘quv yili avvalida ustama haq tayinlash bo‘yicha arizalar yangi qaror chiqmasdan 275-qaror bo‘yicha berilgan va bunga belgilangan komissiya a’zolari xulosa bergan, maktab pedagogik kengashida ham ko‘rib chiqilgan. 823-qaror 2019-yil 30-sentabrda qabul qilingan bo‘lib, ustamalar tayinlash nizomining 28-bandi bo‘yicha har yili 1-iyulga qadar belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Demak, bu mantiqan olib qaralganda yangi o‘quv yilidan kuchga kiritiladi. Mazkur qaror bo‘yicha ijro “yangi o‘quv yilidan joriy etilsin” deb ko‘rsatma berilgan bo‘lsa-da, yanvar oyidan ko‘plab tuman va shaharlarda 823-qaror bo‘yicha ustama haq to‘lash davom etmoqda, ba’zi pedagoglarga esa 275-qaror bo‘yicha ustamalar belgilanmoqda. Negadir shu vaqtgacha bu holatga mutasaddi tashkilotlar befarq qarashmoqda. Bu holat Konstitutsiyaga ham ziddir. Unda davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yilgan. Bitta maktabdan 275-qaror bo‘yicha 20–25 nafar o‘qituvchiga ustama tayinlangan bo‘lsa, 823-qarorga moslashtirilganda esa 5–6 pedagog ustama olishi mumkinligi ham ko‘plab o‘qituvchilarning zarariga ishlamoqda. Bunday holatlar o‘qituvchi obro‘si oshishi emas, tushishiga xizmat qilmaydimi?
Aktamjon TO‘RAQULOV, Rishton tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi