Ibn Sino maktab-internatining 160 nafar o‘quvchisi taʼtilda xalqaro onlayn olimpiadalar g‘olibiga aylandi
2020-yil 24-mart kunidan boshlab Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda Аbu Аli ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining maktab-internatning 7-10-sinflari o‘quvchilari biologiya, kimyo, matematika, fizika, informatika, rus tili, ingliz tili, geografiya va boshqa fanlaridan xalqaro hamda Butunrossiya onlayn olimpiadalari (“Образовательный портал источник”, “Время знаний”, “Живая планета”, “Солнечный свет”)da qatnashdilar. Mazkur onlayn olimpiadalar natijalariga ko‘ra jami 160 nafar o‘quvchilar 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egalladi.
Ulardan 34 nafari kimyo, 60 nafari biologiya, 17 nafari algebra, 3 nafari geometriya , 13 nafari rus tili, 8 nafari adabiyot,11 nafari ingliz tili, 5 nafar geografiya, 7 nafari fizika, 1 nafari astronomiya, 1 nafari jahon tarixi fanlaridan sovrinli o‘rinlarni egalladilar va olimpiadalar diplomlari bilan taqdirlandilar. Ushbu olimpiadalar sinov orqali o‘quvchilarning bilimlarini mustahkamlash uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Respublikamizga koronavirus infektsiyasi kirib kelishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida Bosh vazir tomonidan o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilishda barcha oliy taʼlim, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim hamda tegishli vazirlik va idoralar tasarrufidagi taʼlim muassasalari talabalari, o‘quvchilari va tarbiyalanuvchilari uchun 2020-yil 16-mart kunidan qo‘shimcha taʼtil (karantin) eʼlon qilingandi. Shu munosabat bilan, o‘quvchilarni taʼtil davrida uyda mustaqil tarzda taʼlim olishlari uchun maktab-internatning fan o‘qituvchilari va pedagog tarbiyachilari tomonidan dars jadvalida belgilangan mavzular asosida onlayn dars mashg‘ulotlari va tavsiyalar maktab-internatning rasmiy web-sayti (ibnsino-maktab.uz) va telegram kanallari (@ibnsinomaktabuz va @Ibn sino boarding school) orqali namoyish etib borilishi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, @Ibn_Sino_school kanali orqali kimyo fanidan 7-10-sinf o‘quvchilari uchun doimiy ravishda vebinar mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Metod birlashmalari raislari masʼulligida fan o‘qituvchilari va amaliyotchi psixolog axborot kommunikatsion texnologiyalaridan keng foydalangan holda o‘quvchilar va ularning ota-onlariga taʼtil paytida farzandlarining taʼlim-tarbiya jarayonini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berib bormoqdalar.
Masofadan taʼlim berish sifatini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 24-martidan boshlab Onlayn_maktab_Android platformasida 7-10-sinf o‘quvchilari uchun barcha fanlardan onlayn darsliklar, test topshiriqlari, fakultativ mashg‘ulotlarni joylashtirish hamda kun davomida sahifalarni yangilab borish yo‘lga qo‘yildi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ushbu platformada maktab-internatning anʼanasiga aylangan “Tengdosh – tengdoshga“ loyihasi doirasida faol o‘quvchilar tomonidan masofadan o‘qitish amalga oshirilmoqda.