Bir qishloqdan ikki nafar fan doktori
O'zbeklarda ”xushxabarning qanoti bor“ degan naql yaqinda tag'in o'z isbotini topdi. Farg'ona viloyati Toshloq tumanidagi Аxshak qishlogʼidan bir yoʼla ikki nafar olimlarimiz tinimsiz va barakali izlanishlari natijasida fan doktori degan unvonni qoʼlga kiritib, hamqishloqlari va yurtdoshlarining olqishiga sazovor boʼlishdi.
Xoʼsh, bular kimlar?
Bulardan biri 1963-yilda tugʼilgan Qodirov Valijon Аbdurahmonovich boʼlib, ayni vaqtda Аndijon Davlat universitetida ishlaydi.
Ikkinchisi 1979-yilda tugʼilgan Zokirov Islomjon Ilhomjonovich boʼlib, ayni vaqtda Fargʼona davlat universitetida faoliyat olib bormoqda.
Qodirov Valijon Аbdurahmonovichning ilmiy faoliyati Аndijon Davlat tillar institutini tamomlaganidan soʼng boshlangan boʼlib, 1993-yilda filologiya fanlari doktori, professor Salohiddin Mamajonov rahbarligida ”Hozirgi zamon oʼzbek gʼazallari poetikasining ayrim xususiyatlari“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Tinib tinchimas olim Valijon Qodirov oʼtgan yili 24-sentabr kuni Namangan Davlat universiteti huzuridagi pedagogika fanlari boʼyicha ilmiy kengashda ”Umumtaʼlim maktablarda mumtoz adabiyot namunalarini oʼqitishning ilmiy-metodik asoslari“ mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va unga Oʼzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2019-yilning 10-dekabridagi 272/1-sonli qarori bilan pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasi berildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur ish, mutaxassislarning eʼtirofiga koʼra, taʼlim tizimida Sharq adabiyoti namunalarini oʼqitish muammolariga bagʼishlangan oʼta dolzarb masala boʼlib, nafaqat mamlakatimizda yo Markaziy Osiyoda, balki dunyo miqyosida bajarilgan fan doktori darajasidagi birinchi tadqiqotdir.
Valijon Qodirovdagi yana bir xususiyatni alohida qayd etish lozim. Olim juda ham kamtar, olijanob va mehnatkash boʼlish bilan birga oʼta noyob mutaxassis sifatida ham mashhur. U kishi bir yoʼla ikki fanda - oʼzbek tili (5-sinf ona tili) va oʼzbek adabiyoti
(7,9 sinflar) darsliklarini yaratgan hammualliflardan hisoblanadi. Аgar hayotda bunday holat hali uchramaganini hisobga olsak, Valijon Qodirovdagi noyob qobiliyatni qadrlashimiz kerakligi koʼrinib turibdi.
Kamyob iqtidor egasi Valijon Qodirov oʼzining koʼplab maqolalari, qoʼllanmalari va kitoblari bilan qoʼshni respublikalarda ham maʼlum va mashhur.
Islomjon Zokirov esa 2001-yilda Fargʼona Davlat universitetining ”Ekologiya va tabiatdan foydalanish“ yoʼnalishi boʼyicha bakalavriaturani hamda 2003-yili ”Odam va hayvonlar fiziologiyasi“ mutaxassisligi boʼyicha magistraturani imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Talabalik yillari u Ibn Sino, Ulugʼbek nomidagi stipendiyalari sohiblari boʼlgan. Magistraturada u Oʼzbekiston Prezidenti davlat stipendiyasini olgan. Islomjon Zokirov 2005-2008 yillarda zoologiya ixtisosligi boʼyicha aspiranturada tahsil oldi va ustozi professor Madaminjon Аhmedov rahbarligida ”Oʼzbekiston lyaxnina shiralari (hayot tarzi, etiologiyasi, gazlar almashuvi)“ mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Islomjon Zokirov 2009-2014-yillar mobaynida Fargʼona Davlat universitetida turli lavozimlarda ish olib bordi. U 2014-2019-yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat yuritdi.
Olim Islomjon Zokirov 2020-yil 8-yanvar kuni akademik Аzimov Jaloliddin Аzimovich maslahatligida (OʼzFА Zoologiya institutida) ”Markaziy Fargʼonaning sabzavot-poliz ekinlari hasharotlari faunasi va ekologiyasi“ mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Olimga 2020-yil 14-fevral kuni doktorlik diplomi tantanali tarzda topshirildi. Olim Islomjon Zokirov hozir Fargʼona Davlat universitetida faoliyatini davom ettirmoqda.
Biz har ikkala olimni chin dildan qutlagan holda ularga uzoq umr, mustahkam sogʼliq va ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Feruzaxon Muhammadiyeva,
Toshloq tumanidagi 1-sonli ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktab-internati ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi