Minnatdorlik
Assalomu alaykum hurmatli, Xalq ta’limi vazirligi xodimlari!
Assalomu alaykum, hurmatli onlayn dars tashkilotchilari va aziz ustozlar!
Muhtaram Prezidentimizning tashabbus va takliflari asosida farzandlarimiz ta’limni davom ettirishlari hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida olib borilayotgan jadal tusdagi ishlar bugun hammaning diqqat markazida. Ana shu ishlarning ijrosi sifatida oynayi jahon orqali berib borilayotgan onlayn darslarlar haqida faqat ijobiy fikr bildirish mumkin. Negaki, vahimali, sinovli kunlarda shijoat va matonat bilan masofaviy darslarni mazmunli tashkil etish tahsinga loyiq ish.
Bu darslar o‘quvchilar uchun qisqa, lo‘nda va tushunarli ekani bilan ahamiyatli. Shu bilan birga, boshqa o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi va izlanishi uchun ham qo‘l keladi deb o‘ylayman. Ota-onalar ham farzandlari bilan dars qilmoqda. Bu bizning imtihon davridagi katta yutug‘imizdir.
Kecha ota-onalardan biri qo‘ng‘iroq qilib: “Ustoz, juda zo‘r ish bo‘libdi, to‘g‘risi, adabiyotdan sal uzoqlashganimni his qildim. Sizda Shukur Xolmirzayev kitoblaridan bormi?”, ― deb so‘radi. Bu kabi murojaatlar deyarli barcha fanlardan bo‘lib turibdi. Yon qo‘shnimiz ham qo‘ng‘iroq qilib (“Uyda qoling!”ga amal qilgan holda) ona tili fanidan uy vazifasini bajarishda yordam so‘ragani ham meni xursand qildi. Yoki 8-sinfda tahsil olayotgan qizimning soat millariga tez-tez qarab, dars jadvallarini yangilab, berilayotgan darsni butun vujudi bilan diqqat qilib quloq solayotgani, tezlik bilan mustahkamlash savollariga javob berayotgani, uyga berilgan topshiriqlarni bajarayotganini ko‘rib quvonchim ichimga sig‘may ketdi.
Ha, sizlar farzandlar tarbiyasiga o‘ta mas’uliyat bilan qarashingizni, ertangi kunimiz egalari uchun doim harakatda ekaningizni yana bir karra isbotladingiz. Demak, bugun hamma o‘ziga kerakli xulosani chiqarib, bu o‘tkinchi sinov davri ekanini yana bir karra his qilmoqda. Bizdagi hamjihatlik, ahillik va fidokorona mehnat millatimizga xos fazilatdir. Farzandlarimizni, ularning kelajagini o‘ylab qilinayotgan barcha ezgu amallar natijasini beradi.
Bu ishning boshida turganlar, tashkilotchilar va dars o‘tayotgan, aziz ustozlar! Barchangizga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Osmonimiz musaffoligi, yurtimiz tinchligi, hayotimiz go‘zalligiga ko‘z tegmasin. Hamisha bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, farzandlarimiz tarbiyasida mas’uliyatimizni kuchaytiraylik. Barcha-barchalaringizga uzoq umr, sihat-salomatlik va kuch-quvvat tilayman.
Hurmat bilan
Termiz shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi Dilbar NORMURODOVA