Karantin onlayn ta’limni yo‘lga qo‘yishga turtki berdi
Butun dunyo, insoniyat og‘ir kunlarni boshidan kechirmoqda. Koranavirus infeksiyasi 190 dan ziyod mamlakatga tarqalib, pandemiyaga aylandi. Afsuski, ushbu kasallik mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Bu ofatdan xalqimizni asrash bo‘yicha juda jiddiy chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, kasallik aniqlangan ilk kundayoq barcha ta’lim muassasalar faoliyati to‘xtatildi. Jahon miqiyosida tibbiyot va sanitariya-epidemalogiya xizmati xodimlari tojdor virus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish, aholi salomatligi va sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatmoqdalar. Xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo‘lib, bu murakkab sinovlarni ham yengib o‘tadi. Mana shunday tahlikali paytda yurtimizda ma’orif tizimi ham o‘zining oqilona faoliyatini olib bormoqda. Televideniye bilan hamkorligida onlayn darslar tashkil qilinib, uyda o‘tirgan boshlang‘ich va o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilariga o‘zbek va rus tillarida yurtimizdagi malakali o‘qituvchilar tomonidan dars o‘tilmoqda. Shu kunga qadar “masofaviy ta’lim”, “online dars” tushunchalarini o‘rganayotgan edik, endi buni amaliyotda qo‘llamoqdamiz. Uyda o‘tirgan yurtimizdagi barcha pedagog xodimlar ham o‘z o‘quvchilari bilan internet tarmog‘i orqali namunali darslar olib bormoqdalar. Bu faoliyat o‘qituvchi, o‘quvchi va ota-nalar hamkorligida olib borilib, buning natijasida ota-onalarning ham farzandlarining bilim olishlariga naqadar daxldor shaxs ekanliklari yana bir bor isbotini topmoqda. Bunga misol tariqasida bizning Yunusobod tumanidagi 260-maktab rahbaryati hamda 132 nafar pedagog xodim, 3437 nafar o‘quvchiga, ya’ni 94 sinfga internet tarmoqlari orqali masofaviy ta’lim olib bormoqda. Jarayonga ota-onalar iliq so‘zlarini bildirmoqdalar.
Muhabbatxon Abdumavlonova:
— Avvalo, barcha o‘qituvchilarimizga bunday qiyin davrda sabr qilgani uchun tashakkur aytmoqchiman. Bizning boshimiz gangib qoldi, ikkita farzand bilan. Siz aziz o‘qituvchilarga esa tan bermasligimizning ilojimiz yo‘q. Uch mingdan ortiq o‘quvchilar bilan ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Yana bir bor sizlarga rahmat, aziz ustozlar.
Nigora Rahmatullayeva:
— Hurmatli o‘qituvchilar! Hozir oson vaqt emas, siz bolalarimizga dars berishni to‘xtatmayapsiz, ko‘p kuch sarflab ularga e’tiboringizni qaratyapsiz. Sihat-salomatlik, kuch va sabr-toqat, quyoshli tabassum va bulutsiz osmon, baxt va farovonlik tilayman. Barchangizga boshimiz yerga tekkuncha tazimdamiz!
Mana, shunday iliq dil izhorlari nafaqat biz o‘qituvchilarga, balki yurtimizdagi barcha ma’orif tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlardan tortib shu yo‘lda xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizga bildirilgan tashakkurnomadir. Bunday tashakkurnomalar ko‘p. Qanday vaziyat bo‘lmasin ma’naviyat va ma’orif o‘z ishini bajarmog‘i kerak.
Muhayyo SAIDOVA, Yunusobod tumanidagi 260-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi