Har bir ota-ona murabbiy
O‘tish davrining qiyinchiliklariga qaramay, O‘zbekistonda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar ijobiy baholanmoqda. Hozirgi kunga kelib "Koronavirus" ya’ni Covid-19 pandemiyasi global muammoga aylangan bir vaqtda O‘zbekistonda o‘quvchilarning ta’lim olishi to‘xtab qolmadi. To‘g‘risini aytish kerak, gapirish va savol berish juda ham oson, lekin hayotda uni amalga oshirish, ijro qilish mushkul ish. Avvalambor hukumatimiz yordamida, qolaversa O‘zMTRK, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi bilan hamkorlikda tezkorlik choralari ko‘rilib, internet orqali dars jarayonini O‘zbekistonning eng olis qishloq hududlarida ham tashkil qilish borasida zaruriy ishlar amalga oshirildi. Bu jarayon o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi ijodiy muhitni shakllantirishda juda katta qadam bo‘ldi, deb hisoblayman.
Ilgari turli yumushlari bilan bo‘lib, bola tarbiyasiga kam e’tibor berayotgan ota-onalar, endilikda o‘quvchilarga ta’lim va tarbiya berish qanchalik mashaqqatli va mas’uliyatli vazifa ekanligini chuqurroq his etishmoqda. Hozirgi kunlarimiz har birimiz uchun sinov davri, deb baholanayotgan ekan, demak, ota-ona, o‘quvchi va maktab o‘rtasidagi munosabatlar ham juda yuqori pallaga kirganligi biz pedagoglarni quvontiradi, albatta. Ota-ona va farzand o‘rtasidagi ijodiy munosabatning yaxshilanishi bardavom bo‘ladi, degan umiddamiz. Zero, birlikda, hamjihatlikda amalga oshirilgan har bir vazifa kelajakda, albatta, o‘z samarasini beradi.
Sh.Nabiyeva, Yunusobod tumanidagi 117-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari