“Teledars”, “onlayn dars”, “videodars”. Tajriba, tahlil, mulohaza, taklif
Vatanimiz ta’lim tizimida mavjud sharoitlardan kelib chiqqan holda ulkan islohotlar va o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bu esa nutqimizda keng ishlatilayotgan “teledars”, “onlayn dars”, “videodars” tushunchalarida ham o‘z aksini topdi. O‘z ustida ishlaydigan, zamondan ortda qolishni istamagan aksariyat o‘qituvchilar esa bor mahoratini o‘zi yaratayotgan mahsulotlarida namoyon etib kelmoqda. Avvaldan tasvirga olinib, maxsus tekshiruvlardan so‘ng efirga uzatilayotgan teledarslar internet tarmog‘iga joylangach undan onlayn tarzda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘quvchi, tushunmagan joylarini takroran ko‘rib o‘rganishi jihatidan ham an’anaviy sinf-dars shaklidan ko‘ra ustunlikka ega ekanligi bu juda yaxshi. Тa’kidlash joizki, teledarslardagi o‘qituvchilar imidji, nutqi tahsinga sazovor, ammo men e’tiborimni boshqa jihatlarga qaratmoqchiman. Bu tarzdagi darslar o‘qituvchining o‘zi uchun ham foydali, chunki o‘z-o‘zini tahlil qilish ba’zan o‘zgalar tahlilidanda yuqori samara beradi. Efirga uzatilayotgan teledarslar va internet tarmog‘iga joylashtirilayotgan videodarslarda o‘quvchilar ongida tayanch va fanga oid kompetensiyalarni shakllantirilishiga qay darajada e’tibor berilayapti? Teledars, videodarslardagi faktlar faqat darslikdagi ma’lumotlar bilan chegaralanib qolmayaptimi?!
Dars (arabcha saboq, ma’ruza) — ta’lim muassasalarida ilm, ma’lumot berish maqsadida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari, saboq.
Ikkinchi ma’nosi. Hayotiy tajribadan kelajak uchun chiqarilgan foydali natija, ibrat, saboq.
Тa’limning berilishida asosiy manbaa — darslik. Bu esa dars jarayonida mavzuga oid qo‘shimcha manbalardan foydalanish mumkin emas deganimas.
Darslik — fanning biror sohasi bo‘yicha o‘quvchi va talabalar uchun mo‘ljallab yozilgan kitob.
Psixologiyani yaxshi tushungan pedagog mavzuga oid ma’lumotlarni ham o‘quvchi yoshi va xarakteriga oid qilib bera oladi. Va bunda, albatta, temperamentlarni ham inobatga ola biladi. Efirga ketayotgan teledarslarni kuzatarkanman, qaysidir o‘qituvchini tanqidiy tahlil qilish fikridan yiroqdaman. Chunki bilaman, bu toifadagi har bir darslarni yaratish ustozlardan katta mehnat talab qilmoqda. Videodarsning an’anaviy darslardan farqli jihatlari bo‘lishi tabiiy. Jonli muloqot chegarasi, qabul qiluvchilar salohiyati oraliqda inobatga olinishi, ma’lumotlar muammoli va o‘rni kelsa sodda, ravon bo‘lib, ilmiylikka asoslanishi, mavzuni tushuntirishda o‘qituvchi taktikasi, ya’ni savollarning saviyasi va muammolik darajasi, mavzu bayoni jarayonida kreativlik ta’minlanganligi, umuman olganda kompetentli o‘quvchini shakllantirish ko‘zda tutilganli bilan ham ahamiyatli bo‘lmog‘i lozim. Videodars yaratish jarayonida, hattoki mahsulotdagi ovoz ohangi, ekran ko‘rinishi, ma’lumotlar berilishi dizayni, harflar shakli ham o‘rganuvchi yoshi va psixikasiga mos bo‘lishi inobatga olinmog‘i lozim. Bilamiz, davlat ish beruvchi sifatida “mahsulotlar sifati”ga (ya’ni o‘quvchi va talabani nazarda tutayapman) talab ham qo‘ygan. Ya’ni, kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan davlat ta’lim standarti. Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’lim o‘quvchilarda mustaqillik, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lish, tashabbuskorlik, mediaresurslar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan o‘z faoliyatida oqilona foydalana olish, ongli ravishda kasb-hunar tanlash, sog‘lom raqobat hamda umummadaniy ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Pedagog-andragog sifatida teledars, videodars va mediadarslar yaratib ko‘rarkanman, 6-sinflar uchun o‘zim yaratgan “Ish qog‘ozlari” mavzusidagi darsni tavsiflab tahlil qilishga harakat qilaman. Videodarsni yaratish jarayonida o‘quvchilarga ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi maqsadlarimni izohlashdan qochib, shunchaki ular mavzu yakunida bilishlari lozim bo‘lgan tushunchalarni beraman. Muammoli savolimni berish jarayonida “bu sir” deyish orqali ekran ortidagi ta’lim oluvchi bilan munosabat o‘rnatishga harakat qildim. Unutmangki, ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan kasbingizga oid tushuncha va atamalar bilan ta’lim oluvchini chalg‘itmang. Masalan, “Venn diagrammasi metodidan foydalanamiz”, “Klaster metodini qo‘lladim”, “Charxpalak usulini qo‘llaymiz” kabi gaplar o‘quvchi ongostini “Venn, Klaster, Charxpalak nima ekan-a?” degan savollar bilan band qilib qo‘yadi. Sunday bo‘lsa siz istagan maqsadingizga erishishda qiynalasiz. Mavzuni tushuntirish jarayonida darslikdagi topshiriqlarga o‘zgartirish kiritarkanman, kreativ fikrlashga bo‘lgan harakatimdan rosti biroz cho‘chidim ham (488-,489-mashqlar misolida). “Nuqtalar o‘rnini to‘ldir” usulini mavzu ichiga singdirish jarayonida asosiy maqsadlarimdan biri bo‘lmish o‘quvchida nutqiy va lingvistik kompetensiyani shakllantirishga harakat qildim. An’anaviy dars jarayonida o‘quvchi oladigan maksimal “5” balni videodars mavzu bayoni ichiga singdirishga harakat qildim. Orfografik xatoni topgan o‘quvchi “1” ball yig‘ishi, sana bilan bog‘liq xatoni topsa yana “1” ball, savoldagi topshiriqni, ya’ni mavzu bilan bog‘lay bilsa “1” ball kabi.
Masalan, Alisher Navoiyning 1402-yilda yaratilgan “Munshaot” asarini mavzumiz bilan qanday bog‘liqlik jihatlari bor, degan savolni berarkanman o‘quvchilarda mantiqiy mushohada yuritish orqali Navoiy bu davrda tug‘ilmaganini bilishlari kerakligini anglashlarini istaganman. “Munshaot”(“Maktublar”) asari esa Navoiyning xatlarini tartibga keltirish orqali yaratilgan asar. Boshlang‘ich ta’limdanoq Alisher Navoiy tug‘ilgan sananing keng nishonlanishi orqali adib tug‘ilgan yil haqida ma’lumotga ega bo‘lgan o‘quvchi tahlil jarayonida axborot bilan ishlash va matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi shakllantiriladi.
Endi videodarslar ichida o‘quvchilarning o‘z-o‘zini mantiqan, evristik baholash yo‘llarini ham sinab ko‘rsak yaxshi bo‘lardi. “Divandagi tanqidchilar” deb ta’riflanayotgan ayrim tahlilchilarimizning internetdan otgan “toshlar”idan xafa bo‘lmang, aziz ustozlar! Mevali daraxtga tosh otilishini va xato qilmaydigan inson yo‘qligini inobatga olarkanmiz, divandan turib ham darslaringizni eshittira bilganingizning o‘zi bu bir g‘alaba.
Surayyo QODIROVA,
Surxondaryo VХТХQТ va UMOI “Тillarni o’qitish metodikasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi