Barchamizni jipslashtirdi
Sinovli kunlarda yurtdoshlarimizning yakdilligi, hamjihatligi, qudratli va ittifoqli xalq ekanligimizni ko‘rsatmoqda. Bu og‘ir kunlarda, ayniqsa, shifokorlarning mehnatini chinakam jasoratga tenglashtirish mumkin.
Bunday paytda o‘quv jarayonini tashkil etish, o‘quvchilarning vaqtini mazmunli va unumli o‘tkazishga ko‘mak berish maqsadida Xalq ta’limi vazirligining IV chorak o‘quv jarayonini masofaviy shaklda tashkil etishi e’tirofga loyiq ish bo‘ldi.
Ta’limning bu shakli maktab o‘quvchilariga, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalarga murakkablik qilishi hammamizni o‘ylantirgan edi. Ammo bahorgi ta’til kunlaridayoq o‘quvchilar bilan masofadagi hamkorligimiz bu ishda qo‘l keldi. Men ta’til kunlarida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus asosida o‘quvchilarimning ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirishga e’tiborni kuchaytirdim. Yuqori sinflarda rus tilida badiiy kitoblarni mutolaa qilish va asar yuzasidan ovozli xabar orqali suhbat, savol-javoblar uyushtirmoqdaman. “Eng she’rxon o‘quvchi”, “Rus tili bilimdoni”, “Eng yaxshi videorolik”, “Til bilgan–el biladi” kabi ko‘plab onlayn tanlovlarni o‘tkazish natijasida o‘quvchilarda mustaqil izlanish, o‘z istida ishlash, kompyuter, uyali aloqa telefoni va internetdan maqsadli foydalanish kabi ko‘nikmalar hosil bo‘layotganligini kuzatyapman. Kichik yoshdagi o‘quvchilar o‘rtasida “Yosh rassom”, “O‘z qo‘lim bilan”, “Yosh kashfiyotchi” deb nomlangan tanlovlar bolajonlarning kasbga qiziqishlarini yanada orttirmoqda.
Bolalikning beg‘ubor olamida aks ettirilgan rasmlarda sog‘inch, maktab, muallimlarga bo‘lgan beg‘ubor tuyg‘ular mujassam. Masofaviy ijod namunalari orqali bolajonlar Vataniga, xalqiga ustozlariga bo‘lgan cheksiz muhabbatlarini izhor etayotganligi yuraklarni larzaga keltiradi.
To‘g‘ri, ushbu ta’limning o‘ziga xos qiyinchiliklari mavjud, lekin afzallik tomonlari ham borligi kuzatildi. Onlayn ishlashga imkoniyati bo‘lmagan o‘quvchilar bilan telefon orqali bog‘lanib, mavzularni tushuntiramiz.
Ta’kidlash joizki, bu ta’lim biz o‘qituvchilardan har qachongidan-da ko‘proq mehnatni talab etar ekan. Negaki, oilalardagi shart-sharoitlarni hisobga olib, o‘quvchining uy vazifasi sinf gruppasiga taqdim etilgan paytda tekshirib baholash, xato va kamchiliklarini masofadan tushuntirish ancha murakkab jarayon ekan. Ammo kasbini, bolalarni chinakam sevgan muallimga ezgulik yo‘lida masofa to‘sqinlik qila olmasligiga amin bo‘ldim.
Bu og‘ir kunlarda ish vaqti cheklanmagan holda fidokorona faoliyat yuritayotgan har bir hamkasbimning mehnati tahsinga loyiq deb o‘ylayman. Bu e’tiroflar ona-onalarning tashakkurnomalar mazmunidagi xatlarida ham o‘z ifodasini topmoqda.
Uyda o‘tirib, yurtning ishonchini oqlayotgan o‘quvchilarilarimiz, bizga elkadosh bo‘lib, farzandlarining mustaqil ta’lim olishini ta’minlashda beqiyos hissa qo‘shayotgan ona-onalarni yuksak matonat egalari degim keladi.
Bu sinovli kunlar bizlarni yana jipslashtirdi, irodamizni mustahkamladi, hayotni qadrlashga o‘rgatdi.
Ruzigul ODAYEVA, Qarshi tumanidagi 10-IDUM o‘qituvchisi