Qizil ruchkamni sog‘indim…
Bahor nafasi ufurib turgan ayni damlarda afsuski, xalqimiz uchun kutilmagan sinovli kunlar keldi. Bunday kunlarda insonlar uchun ko‘p narsalarni mushohada qilishga imkon tug‘ildi. Xususan, oila a’zolarimiz, yaqinlarimiz qadriga yetishni o‘rgandik. O‘zbekistonda ilk bor koronavirus pandemiyasi aniqlangach, birinchi navbatda ta’lim maskanlari yopildi. Endi o‘quvchilarga qanday qilib ta’lim berar ekanmiz, deb o‘ylab turganimizda XTV tomonidan odilona qaror qabul qilindi. Ta’limda tanaffus bo‘lmaydi!
Televizorda “Online-maktab” darslari boshlandi. Darslar mahoratli, fidoiy ustozlar tomonidan olib borilmoqda. Albatta, bu ilk sinov darslar bo‘lgani bois, xato-kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi, lekin bora-bora bu xatolar tuzatildi. Shu orada ustozlarning yosh davridan kelib chiqqan holda har bir sinf uchun mos ohang bilan dars o‘tayotganlariga e’tibor qilaylik. Boshlang‘ich sinflarda erkalab, dona-dona gapirish ohangini kuzatsak, 5-8-sinflarda esa biroz jiddiy, ammo shirali, mayin ohangni sezamiz. 9-11-sinflarda esa qat’iyatlilik, har bir atamaning izohiga ayricha to‘xtalishini ko‘ramiz. Bular pedagogning mahoratiga bog‘liq, shu orqali o‘quvchilar ko‘ngliga yo‘l topilgan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Har bir fan ustozi 15 daqiqalik qisqa darsda ulkan vazifani yelkasiga oladi, zero har bir daqiqadan unumli foydalana olish joiz. Shu fursatlarda o‘tilgan mavzu, yangi mavzu, mustahkamlash va uy vazifasini taqdimot asosida tushuntirib beradi. O‘quvchi mavzuni anglab olishiga ko‘maklashadi.
Dars o‘tayotgan ustozlar televizorda har kuni chiqadigan boshlovchi, ko‘rsatuv tayyorlaydigan jurnalist emas. Ular kunda kamera qarshisida turib, ommaga o‘z darslari bilan chiqish qilishmagan, “takror-takror ol”, “o‘xshamadi, mana bu yerini boshqatdan olamiz”, deya aytolmagan yurtimiz maktablarining jonkuyar, fidoiy, sodda qahramon ustozlaridir!
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bunday qahramonliklarni be’tibor qoldirmadilar. Bir qancha ustozlarni “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni hamda faxriy yorliqlar bilan mukofatladilar. Xato-kamchiliklar xususida to‘xtalib o‘tdilar. Mana bugungi kunlarga kelib, kamchiliklargan holi bo‘lgan onlayn darslarni ko‘rib boryapmiz. Bejiz, “tanqid — kelajak mevasi” deyishmaydi. Online darslarimiz ustida yana ham izlanib, yangiliklar kiritib, mukammal darslar amalga oshirilishiga ishonaman va men ham o‘z hissamni qo‘shaman, degan umiddaman.
Men ham sinf rahbari, ham fan ustozi sifatida darslarni kuzatib borayapman. Telegram ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan sinf guruhimda ota-onalar, o‘quvchilarim va fan ustozlari bilan faolmiz. Bu kunlarda ota-onalar o‘z farzandlari uchun eng mas’uliyatli shaxs bo‘lishmoqda. Ular farzandlari bilan dars tayyorlashyapti! Uy-ro‘zg‘or, qozon-tovoq, kino, seriallardan ortmaydigan onajonlar ham kun-u tun farzandlari bilan dars tayyorlashmoqda. Buning isbotini esa biz ustozlarga XTB tomonidan “online darslarda berilgan uy vazifalaridan boshqa ustozlar tomonidan vazifa berilmasin” degan buyruqdan ham bilib olishimiz mumkin. Yana ham isboti esa ijtimoiy tarmoqlarda onalar tomonidan yozilgan “Ustozlar qadringizga yetdik”, “Maktablar tezroq ochilsin”, “Sog‘indim” mazmunidagi she’rlar, videoroliklar va rasmlarda o‘z aksini topdi. Biz ustozlar bundan, albatta, xursandmiz! Mana shundan buyon onalar, o‘quvchilar va ustozlar ham tinmay mehnat qilishmoqda. O‘quvchilar dars tayyorlashadi, ota-onalar ko‘mak berishadi, rasmga olib, elektron kundalikka joylab, ustozlarga yuborishadi. Ustoz esa vazifalarni tekshirib, o‘quvchilarni baholab borishmoqda. Shu o‘rinda aytib ovtmasam bovlmaydi, ona tili va adabiyot fani ustozi bo‘lganim sababli, qizil ruchkamni juda sog‘indim…
Yurtimizda 1 oydan buyon davom etayotgan karantin barchani uyda qolishga majbur qildi. Televizorda dars berish, ko‘rish ovzga, maktabda doska va bo‘r bilan, o‘quvchilar nigohini ko‘rib, kuzatib dars berish o‘zgacha. Talabalik davrimda rahmatlik Omonulla Madayev domlamizdan saboq olganman. Ularning ko‘p nasihatlari hali hanuz qulog‘im ostida jaranglaydi: “Ustoz o‘quvchilarning diqqatini jalb etishi, tinchlantirishi, nima demoqchi ekanligini “ko‘z qarashi” orqali ifoda etishi kerak. Stolni urib taqillatdingmi, bolalar tinchlandimi, demak ustozlik mahorati mavjud emas. Barchasini ko‘z qarashing ifoda etsin!!!” deganlari hamon yodimda. Domla to‘g‘ri aytgan ekanlar. Biz ustozlar o‘quvchilarning nigohi, diqqati bilan kuch olamiz, g‘ayratimiz oshadi, ularning darsda faolligi bizga shijoat bag‘ishlaydi. Biz sizlarni sog‘indik, aziz o‘quvchilar!
Shahlo ISMOILOVA,
Shayxontohur tumanidagi 299-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi