O‘zgacha e'tibor
Insoniyat o‘z tarixi davomida ko‘plab balo-yu ofatlarni boshdan kechirdi. Bugun, kelajakda tarixdagi qora kunlar sifatida yodga olinuvchi, mashaqqatli damlarni butun insoniyat qatorida guvohi bo‘lmoqdamiz. Tojdor virus balosi yurtimizni ham chetlab o‘tmay, sinovlarni qay tariqa yengishimizni tomosha qilayotgandek nazarimda. Virus bilan barcha mamlakatlar kurashmoqda. Bu borada yurtimizda olib borilayotgan chora-tadbirlar eng namunalisi bo‘lib qoladi desak yanglishmaymiz.
Kasallik kirib kelgan kundanoq, eng birinchi e'tiborning ertamiz mevalari bolajonlar xavfsizligiga qaratilganligi yurtboshimiz tomonidan naqadar oqilona yo‘l tutilganini ko‘rsatib bermoqda.
Hozirda o‘quvchilarimiz uyda, ota-onalar bag‘rida, lekin vaqtdan unumli foydalangan holda onlayn usulda ta'lim olishda davom etmoqdalar. Bu jarayonda yuzlab ustozlar, ta'lim tizimining jafokash rahbariyati, qanchadan qancha texnik xodimlar xaqiqiy ma'noda qahramonlik ko‘rsatmoqdalar. Shuni aytish mumkinki, avvalo noodatiy muhit, uy sharoitidagi dars o‘quvchilarni xushyor torttirdi, ular "yangi" fan o‘qituvchisi so‘zlarini o‘zgacha e'tibor bilan tinglay boshlagan bo‘lsalar, ota-onalar zimmasiga ham farzandlarini nazorat qilishdek ma'suliyatli vazifa yuklandi va ular ilm o‘rganishning aslida naqadar murakkab jarayon ekanligini chuqur anglab yetmoqda. Yana bir o‘ziga xos harakat maktab o‘qituvchilari tomonidan olib borilmoqda, ular ekran ortida katta mashaqqatlar evaziga fidokorlarcha dars o‘tayotgan kasbdoshlarini kuzatib, kerak bo‘lsa ulardan mahorat darsini olib, mavzularni kuzatgan xolda, masofadan turib o‘z o‘quvchilari bilimida bo‘shliqlar bo‘lmasligi uchun nazorat qilib bormoqda.
Ertangi kunimiz sirli, jumboqli, ammo orzu-umidlarimizga to‘ladir. Yaratgan bu ofatni tezroq ona zamin ustidan ko‘tarishini, biz kutgan yorug‘ kunlar bugungi sabrimizning shirin mevasi sifatida yanada totli, yanada ardoqli bo‘lishini niyat qilib qolamiz.
Durdona Xolmuratova, Shayxontohur tumanidagi 320-umumta'lim maktabi direktori