Qachongacha xato qilmoqchimiz?!
To‘g‘ri yozish savodxonlik asosi hisoblanadi. Madaniyatimizning shakillanishida ham u muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Biz maktabda Ona tili fanidan olgan bilimlarimizni hayotimiz davomida yanada mustahkamlab, takomillashtirib boramiz. Shuningdek, kun davomida kitob mutolaasi, ziyoli insonlar bilan suhbatlar, ommaviy axborot vositalaridagi har bir chiqish — xoh u axborot, xoh kinofilmlar ko‘rinishida bo‘lsin nutqimizning ravonligi va badiiyligini, yozuv savodxonligimizni charxlab boradi. Grammatik va orfografik xatolar bizni obro‘sizlantiruvchi omillardan biri ekanini unutmasligimiz kerak. Shu nuqtai nazardan imlo qoidalarini mukammal va chuqur egallashimiz, har bir so‘z turkumiga oid grammatik belgilarni puxta bilishimiz lozim.
Tarixga nazar tashlasak, bir asr davomida o‘zbek alifbosi ko‘p bor o‘zgarishlarga uchraganini ko‘rishimiz mumkin. Аvvaliga bir necha asr arab alifbosi isloh qilindi, 20-yillar oxiriga kelib lotin yozuvi, 40-yillarga kelib esa kirill alifbosi kirib keldi. Keyinchalik O‘zbekistonning ijtimoiy hayotida beqiyos jarayonlar yuz berib, 90-yillardan to hozirga qadar lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosi joriy etildi. Milliy yozuvning bu qadar tez o‘zgarishi jahon xalqlari tarixida kam kuzatiladigan hodisa.
Reklama bu davr talabi. Shu sabab bugun shahar bo‘ylab yurar ekanmiz, ko‘chalarda turli-tuman reklama ummoniga duch kelamiz. E’lonlar, do‘kon va ma’muriy-maishiy binolar peshtoqidagi yozuvlarni uchratishimiz mumkin. Аmmo ayrim reklama yozuvlaridagi o‘zbek tili me’yorlarining buzilishi, imlo xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi ko‘ngilni xira qiladi. Bunday imlo xatolar buyuk insonlar, adiblar sharafiga berilgan ko‘chalar nomida, avtobus va metropoliten yozuvlarida ham mavjud. Hatto, ommaviy axborot vositalari, ya’ni televideniya titrlarida ham ko‘zga tashlanib kelmoqda.
Bu kabi muammoni biz ayrim FXDYO bo‘limlarida ham uchratishimiz mumkin. Sobiq tuzum davzida o‘zbek ismlarining aksariyati Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarda imlo xatolar bilan yozilar edi, afsuski, bu kabi xatolar hozirgi kunda ham davom etmoqda. Bu esa kelajakda shaxsning pasportiga, diplomiga va boshqa shaxsiy xujjatiga taʼsirini ko‘rsatmay qolmaydi. Yo‘l qo‘yilgan imlo xato tufayli familiya yoki ismdagi bu kamchilikni to‘g‘irlash esa ancha vaqt talab etadi. Zotan ism-sharif insonning ijtimoiy mavqeida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun zamon zayli bilan aksariyat insonlar hayotini ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etolmaydi. Ayniqsa, Telegram, Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlari yurtimiz aholisi o‘rtasida keng ommalashgan. Ular orqali insonlar jamoatchilikka shaxsiy munosabatlarini bildirib borish, biror-bir holatni bayon etishiga odatlanishdi. Bir vaqtning o‘zida o‘nlab, yuzlab kishilar guruh bo‘lib, bir-biri bilan audio va yozma xabarlar orqali muloqotga kirishadilar. Yozish jarayonida vaqtdan yutish uchun so‘zlarni qisqartirib yoki harflardan noto‘g‘ri foydalanib, imlo qoidalarini buzib muloqot qiluvchilar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Ana shunday paytlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi tilga hurmatsizlik qilayotganini yaxshi anglamaydi.
Yoshlarimizning yozma nutqi va savodxonligida nuqsonlar serob. Xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Bugun ona tilimiz ko‘proq e’tiborga muhtoj. Xatolarni tuzatish uchun har bir inson o‘z ustida ishlashi, so‘zni to‘g‘ri yozishi, tinish belgilarini o‘rinli qo‘llashi kerak.
O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov aytganidek, Ona tili umummillat mulkidir. Demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliy. Men o‘zbekman, degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmog‘i lozim. Unutilgan so‘zlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolg‘iz tilshunoslarning emas, millatning ishidir.
O‘ylaymanki, har bir millatdoshimiz o‘z ona tilimizdagi muloqotiga, nutqiga talabchanlik bilan qarasa, o‘z ustida ishlasa, so‘z boyligini boyitib borsa o‘zbek tilining istiqboli porloq bo‘ladi.
Baxrom SHARIPOV,
Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati