Xalq ta’limini rivojlantirish – yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri
Mamlakatimiz keyingi uch yil ichida rivojlangan davlatlarga xos rivojlanish yo‘liga kirdi. Hozirgi davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan prinsip asosida fuqarolik jamiyati rivojlanib bormoqda. Qisqa davr ichida fuqarolarning davlat boshlig‘i va boshqa oliy organlarga o‘z murojaatlarinini yetkazishning zamonaviy tizimi shakllantirildi. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, diniy erkinlikni o‘rnatish kabi sohalardagi islohotlarni jahon hamjamiyati e’tirof eta boshladi. Aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasi ham hal etildi.
Chuqur va tub o‘zgarishlar xalq ta’limi sohasida ham boshlandi. 2018-yildan boshlab maktab o‘quvchilari va talabalarni paxta-yig‘im terimiga majburiy ravishda jalb etish Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan butunlay barham topdi. O‘zbekiston Prezidentining Farmoni bilan 2019-yil 29-aprelda tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da mamlakatimiz xalq ta’limi tizimini jahon standartlari talablari va rivojlangan davlatlar darajasiga olib chiqishning strategik maqsadlari mujassamlashdi.
Mazkur konsepsiyaga binoan O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish, STEAM fanlarni va tanqidiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash va tahlil qilish kompetensiyalari va malakalarining rivojlanishiga alohida urg‘u berishni hisobga olgan holda, zamonaviy innovatsion iqtisodiyot talablariga javob beradigan umumta’lim dasturlari va yangi davlat ta’lim standartlari joriy etish, xalq ta’limi tizimida o‘quvchilarning bilim darajasini baholashda ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va izlanishlar (PISA, TIMSS, PIRLS va boshqalar)da O‘zbekiston Respublikasining doimiy ishtirokini ta’minlash kabi maqsad va vazifalar belgilandi.
Konsepsiya qabul qilinganidan keyin o‘tgan bir yil ichida xalq ta’limi sohasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi: o‘qituvchilarni ijtimoiy himoyalash mexanizmlari shakllantirildi, maktablar binolari zamon talablari asosida qaytadan rekonstruksiya qilina boshladi, o‘quv jarayonlariga axborot-kommunikatsiyalarini kirib kelishi tezlashdi, pedagoglik faoliyatiga xalaqit berayotgan qog‘ozbozlik va byurokratiyaga barham berildi, o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimi zamonaviylashtirildi, ta’lim boshqaruv tizimi bozor iqtisodiyoti tizimi talablariga moslasha boshladi, ta’lim sohasida ham xususiy sektor shakllandi.
Dabdurustdan mart oyida jahon bo‘ylab tarqalib ketgan koronavirus pandemiyasini mamlakatimizga kirib kelishi natijasida mamlakat xalq ta’limi tizimi boshqa sohalarda bo‘lgani kabi o‘z faoliyatini yangi va tahlikali shart-sharoitlarga moslashtirdi. Albatta, bu o‘zgarish osonlikcha amalga oshgani yo‘q. Bu jarayon fidoyi o‘qituvchilar, maktablar direktorlari, ta’lim boshqaruvi xodimlarining jonbozligi, ularning davlat boshlig‘i ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish natijasi o‘laroq o‘z nihoyasiga yetdi.
Prezident farmonlari, qarorlari va uning videoselektordagi ko‘rsatmalariga amal qilingan holda mamlakatimizda koronavirusning tarqalishi oldini olish borasida tezkor, tizimli va qat’iy choralar amalga oshirildi. Birinchi galda aholining xavfsizligi va sog‘ligini ta’minlash, pandemiya yuqishidan asrash, xalqimizning kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan doimiy ravishda ta’minlash borishning mexanizmlari shakllantirildi.
Albatta, bu chor-tadbirlar jamiyatdagi barcha oilalar ijtimoiy himoyasini ta’minlashni ko‘zda tutgan edi. Ma’lumki, o‘zbek oilasining katta qismini maktab o‘quvchilari tashkil etadi. Bu degani, karantin paytida barcha o‘quvchilar davlatimizning insonparvarlik siyosati panohida o‘z tahsil olish faoliyatini davom ettirdi. Xalqimizla “Ta’limda tanaffuslarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi” degan naql bor. Bu haqda Prezidentimiz ham barchani ogohlantirdi: “Bugun kun kutib turmaydi. Bugungi yo‘qotilgan vaqt va imkoniyatlarni ertaga tiklab bo‘lmaydi”.
Karantin davrida jahonda barcha davlatlarda maktab va universitetlarda ta’lim olish ularning yashash joylariga ko‘chirilib, barcha ta’lim oluvchi o‘quvchi va talabalar 1 mlrd. 520 mln. ni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekistondagi xalq ta’limi tizimida 5 mln. 800 mingdan ortiqroqni tashkil etdi.
Shaxsan Prezidentimiz, hukumatimiz topshirig‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi boshchiligida O‘zMTRK, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda, shuningdek, Toshkent shahri hokimligining ko‘magida qisqa vaqt ichida xalq ta’limi tizimidagi o‘quv darslarini onlayn tarzda tashkil etishga erishdi.
Shu yilning aprel oyidan boshlab barcha fanlardan iborat teledarslarning uchta tilda efirga uzatila boshlandi. Ayniqsa, ko‘p bolali oilalarga qulaylik yaratish uchun qo‘shimcha ravishda darslarni takroriy efirga uzatish choralari ko‘rildi. Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov “2020-o‘quv yili yakuniga qadar 5600 teledarsdan Khan Academy platformasi orqali o‘zbek tilida foydalanish imkoni bo‘lishi”ni e’lon qildi. Shu tariqa, MDHda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda onlayn ta’lim berish tizimida ishlash yo‘lga qo‘yildi.
Pandemiya sabab barcha xalq ta’limi muassasalarida joriy qilingan masofaviy ta’lim berish tizimi milliy ta’limda yangi bosqichni boshlab berdi: raqamli ta’limni joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratib berdi. Karantin davrida Internet ijtimoiy tarmog‘i vositasida har bir o‘qituvchi-o‘quvchining o‘ziga xos ijodiy aloqa qilish tajribasi shakllandi. Toshkent shahridagi maktablar o‘qituvchilari esa kundalik.com saytida “o‘qituvchi – o‘quvchi - ota-ona” hamkorligi sxemasida o‘zaro muloqotlarga asoslangan yangi pedagogik faoliyat shakli yaratildi. Ta’lim jarayoni manzaralari ham o‘zgardi: oldinlari o‘z farzandi bilan suhbatlashishga vaqt topolmayotgan ba’zi otalar bugun o‘z farzandlari bilan teledarslarida ishtirok eta boshladi, farzandi bilan dars tayyorlashga kirishdi, birgalikda kitob mutolaa qila boshladi, badan tarbiya bilan shug‘ullana boshladi.
Karantin davri uchun davlatimiz tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasi o‘laroq millionlab maktab o‘quvchilari o‘z oilalari bag‘rida bilim ola boshladi. “Har bir hodisada bir hikmat” deganidek, karantin bekor qilinganidan keyin jamiyatimizda o‘qituvchining maqomi, nufuzi yanada oshadi, deb o‘ylayman. Chunki, xalqimiz hozirgi tahlikali davrda tibbiyot xodimlariga yanada ko‘proq mehr qo‘yayotganidek, o‘qituvchi mehnati va fidoyiligi qadriga yetdi. Uylaymanki, kelgusida ota-onalar bilan maktab o‘rtasidagi faollik kuchayadi, ta’lim tizimini rivojlanishida jamoatchilikning o‘rni yanada yuksaladi.
Zero, Jahon banki prezidenti Jim Yon Kimning quyidagi fikri hozirgi davrda har bir davlatning ta’limga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirishga da’vat etadi: “Hukumat iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga intilar ekan jismoniy kapital – muhtasham ko‘priklar, yangi yo‘llar, zamonaviy aeroportlar va boshqa infratuzilmalarni barpo etishga investitsiya kiritishga e’tiborni qaratadi. Odatda, ular aholi salomatligi, bilim va ko‘nikmalari, tajriba va turmush tarzini o‘zida mujassam etgan inson kapitaliga investitsiya kiritishdan unchalik manfaatdor emas. Bu katta xato, negaki, inson kapitaliga investitsiya kiritishga nisbatan beparvolik mamlakat raqobatbardoshliligini keskin pasaytirib yuborishi mumkin. Zero, mamlakat iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishi uchun iste’dodli odamlarni tarbiyalash talab etiladi”.
Xulosa qilib aytganda, so‘nggi uch yil ichida mamlakatimiz ta’lim tizimi yangi rivojlanish bosqichiga kirdi. Ta’lim tizimini rivojlanishi yangi O‘zbekiston davlati siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Mamlakat rivojlangan davlatlarga xos bo‘lgan sifatlarga ega bo‘lib bormoqda. Xalqimizda kelajakka ishonch ruhiyati kuchayib bormoqda.
Suhrob QIRG‘IZBOYEV, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari