Mamlakatimizdagi eng zoʻr matematiklarga 50 ming dollardan mukofot beriladi
Prezident tomonidan “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi.
Hujjat bir qator yangiliklarni oʻz ichiga olgan.
Jumladan:
— Har bir tumanda (shaharda) matematika fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.
— Ixtisoslashtirilgan maktablar direktorlari tegishli tuman (shahar) hokimining iqtisodiy va boshqaruv jarayonlariga matematik usullar va modellarni joriy qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi hisoblanadi.
— 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan maktablar rahbar kadrlari va matematika fani oʻqituvchilarining bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik ustama haq toʻlanishi koʻzda tutilmoqda.
— 2021-yil 1-yanvarga qadar Matematika fanini bilish darajasini baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.
— Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega abituriyent davlat oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda matematika fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi va unga matematika fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.
— 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab Ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani boʻyicha oʻqituvchilari tegishli darajadagi milliy sertifikatga ega boʻlishlari majburiy hisoblanadi.
— Milliy sertifikatning tegishli darajasiga ega matematika fani oʻqituvchilariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 25 foizdan 50 foizgacha har oylik ustama haq toʻlanadi.
— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti taʼsis etiladi va u ikki yilda bir marta uchta yoʻnalish boʻyicha beriladi.
— Har bir yoʻnalish boʻyicha mukofot sovrindorlariga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 50 ming AQSH dollari ekvivalentidagi pul mukofoti beriladi.
— Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti hududiy boʻlinmalari tashkil etiladi.