O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir yoki repetitor mehnati kimlarga olqish olib kelmoqda?
Yoshlar o‘rtasida oliy ma’lumot olishga qiziqish yildan yilga kuchayib bormoqda. Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019/2020-o‘quv yili uchun bakalavriatga 1 mln 66 ming 925 abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, ulardan 99 ming 912 nafari (qo‘shimcha kontraktdan tashqari) talabalikka qabul qilingan. Shu o‘rinda qiziqib qolasiz, qaysi viloyat yoki tuman abituriyentlari eng yaxshi natija ko‘rsatmoqda, ko‘proq talabalik baxtiga erishmoqda? Viloyatlar kesimida Buxoro viloyati 18,7 foiz ko‘rsatkich bilan reytingda yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni Navoiy viloyati 16,8 foiz va Xorazm viloyati 13,1 foiz natija bilan egallab turibdi. Ushbu reytingni tumanlar miqyosida oladigan bo‘lsak, (“Ma’rifat”, 2020-yil, 5-fevral), Shofirkon tumani (Buxoro) 5 009 nafar abituriyentdan 1 176 nafari talabalikka tavsiya etilib, 23,48 foiz ko‘rsatkich bilan respublikada yetakchi. Bundan tashqari, Qiziltepa, G‘ijduvon, Vobkent, Peshku tumanlari ham yuqori ko‘rsatkichlar bilan keyingi o‘rinlarni band qilgan. Birgina Buxoro viloyatining o‘zidan 4 tuman kuchli beshlikka kirgan.
2018/2019-o‘quv yilida Buxoro viloyatidan 10 250 abituriyent hujjat topshirib, ulardan 2 110 nafari o‘qishga qabul qilingan. Tumanlar kesimida esa 22,8 foiz natija bilan (3 172 abituriyentdan 722 nafari talaba bo‘lgan) yana Shofirkon tumani birinchi. Buxoro viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ma’lumot berishicha, o‘tgan yili viloyat bo‘yicha 17 664 nafar 11-sinf bitiruvchilaridan 4 528 nafari (25,6 foiz) talabalikka qabul qilingan. Bu respublika miqyosidagi eng yaxshi natijadir. Har yili birinchilikni qo‘ldan bermayotgan Shofirkon tumaniga keladigan bo‘lsak, xalq ta’limi bo‘limining ma’lumotlariga qaraganda, tuman miqyosida 11-sinfni tugallagan 1 901 nafar o‘quvchidan 370 nafari (19,46 foiz) oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan. Bu esa tumanlar bo‘yicha respublikada eng yuqori ko‘rsatkich. Talabalikka tavsiya etilgan 370 nafar bitiruvchi tarkibiga 1 nafar xalqaro oliy ta’lim muassasasiga, 12 nafar xorijiy oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan abituriyentlar kiritilmagan. Jami 383 nafar talaba bo‘lganlardan 75 nafari davlat granti, 308 nafari esa shartnoma asosida o‘qiyapti.
Ushbu statistik ma’lumotlar bilan tanishib chiqqach, beixtiyor savol tug‘iladi: nima uchun Shofirkon tumani ko‘rsatkichlari har tomonlama yuqori? Ushbu natijani bitiruvchilar o‘z tamomlagan ta’lim muassasalarida olgan bilimlari ortidan qayd etmoqdami?
Afsuski, yo‘q. Shofirkondagi maktabda tahsil olganlardan biri sifatida aytishim mumkinki, tuman ta’lim muassasalarida ta’lim sifati boshqa joylarnikidan uncha ham yuqori emas. Hattoki shahar maktab-kollejlariga qaraganda pastroq. Ta’lim muassasalarida bilim saviyasi talabga javob bermaydigan o‘qituvchilar ham yetarlicha. Hatto o‘qituvchilar attestatsiya imtihonlaridan ko‘zbo‘yamachilik yo‘li bilan o‘tishi holatlariga ham guvoh bo‘lishingiz mumkin. Xo‘sh, unda qanday qilib o‘quvchilar bunday yuqori natijalarga erishmoqda? Javob aniq: hammasi repetitorlarning mehnati tufayli. Shu yil faoliyat boshlagan “Ziyo” yoshlar o‘quv markazini hisobga olmasa, Shofirkon tumanida abituriyentlarni tayyorlaydigan o‘quv markazlari mavjud emas. Ushbu markaz ham hali ma’lum bir natija ko‘rsatganicha yo‘q. Tumanda 50 dan ortiq repetitor shaxsiy faoliyat olib boradi. Barcha yuqori ko‘rsatkichlar aynan shularning mehnati bilan. Tumanda repetitorlarning faoliyat yuritishi, ular orqali abituriyentlar o‘z maqsadiga erishishi yaxshi, albatta. Ammo achinarlisi shundaki, kollejda tahsil oladigan o‘quvchilar repetitorga qatnashi oqibatida bir-ikki haftada bir demasa, umuman kollejdagi darslarga bormaydi. Maktab o‘quvchilarini esa 4-dars soatidan so‘ng qancha izlamang, maktab hududidan topolmaysiz. E’tiborlisi, hech bir o‘quvchi bekorchilik yoki ko‘chada daydish uchun darsdan qochmaydi. ULAR REPETITORGA QATNAYDI.
Repetitor tahsilini ko‘rganlardan biri sifatida ayta olamanki, ularning darslari 4 soatdan kam bo‘lmaydi. Ustiga-ustak, aksariyat repetitorlar darsi soat 13:00 yoki 14:00 da boshlanadi. Repetitor dars o‘tadigan hududning uzoqligini hisobga oladigan bo‘lsak (aksariyati tuman markazlarida faoliyat yuritadi), o‘quvchilar darsdan qochmasa, ulgurmaydi. Aks holda, kechgacha och qolishi kerak. Bunday olib qarasak, 3 ta fanga tayyorlanib ham maktabga, ham repetitor mashg‘ulotiga ulgurish juda qiyin. Endi esa fanlar soni yana ikkitaga ortganini hisobga olsak, maktablardagi davomatni ko‘z oldingizga keltiravering. Xuddi shu bilimni maktabdan olsa ham bo‘ladi-ku, deydiganlar uchun aytib o‘tish joizki, maktabdagi o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lgan o‘qituvchilar repetitorlik bilan shug‘ullanishga o‘tib ketgan. Maktabda qolganlarining aksariyati esa “kunim o‘tsin”ga kelib-ketishadi. Ular uchun o‘quvchilarning repetitorga qatnashi afzalroq.
Shofirkon tumanida jami 55 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va bitta matematika-fizika fanlariga ixtisoslashgan maktab mavjud. Ushbu maktablarda umumiy hisobda 2 880 o‘qituvchi (2 091 nafari, ya’ni 72 foizi ayol o‘qituvchilar) ishlaydi. Bulardan: 2 707 nafari oliy (90,1 foiz), 267 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli (9,9 foiz). Toifasi bo‘yicha esa 71 nafari oliy toifali (2,5 foiz), 310 nafari 1-toifali (10,8 foiz), 932 nafari 2-toifali (32,4 foiz), 1 567 nafari mutaxassis (54,4 foiz).
2018/2019-yilida bo‘lib o‘tgan fan olimpiadalari natijalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak ham, respublika miqyosida faxrli o‘rinlarni (1-2-3-o‘rinlar) egallagan o‘quvchini uchratmaysiz. Birgina 2018-yil 10–16-yanvar kunlari Qozog‘istonning Almati shahrida o‘tkazilgan Xalqaro 14-Jautikov olimpiadasida Shofirkon tumanidagi 1-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Aziza Amrullayevaning faol ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlanganini hisobga olmasa, yuqori natijalar yo‘q. Bu o‘quvchi ham ushbu natijani o‘z matematika o‘qituvchisiga darsdan so‘ng qo‘shimcha repetitorlik mashg‘ulotlariga qatnagani tufayli qayd etgani ma’lum bo‘ladi. Shuning uchun Shofirkon tumani mutasaddilari repetitorlarining bilimi bilan qay darajada faxrlansa, ta’lim tizimi shu darajada sustligini tan olishi kerak. Chunki repetitorlar orasida o‘quvchilarini ko‘paytirish va ularning OTMlarga kirishi borasida o‘ziga xos raqobat borligi sababli ular o‘z ustida tinimsiz ishlaydi. Maktab o‘qituvchilari orasida esa bunday raqobat muhiti shakllanmagan. Chunki maktablar miqyosida o‘tkaziladigan fan olimpiadalariga tayyorlanishda ham ota-onalar va o‘quvchilar repetitor ta’limini afzal ko‘radi. Buning sababi esa o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan darsdan tashqari ishlamasligi, o‘quvchilarning talab qilmasligida. Ota-onalar ham o‘qituvchidan talab qilish o‘rniga, cho‘ntagidan pul to‘lab farzandini repetitorga yuborishni afzal ko‘rmoqda. Bu o‘qituvchilarning kundan kunga dangasa bo‘lishiga olib kelmoqda. To‘g‘ri, jon kuydirib ishlaydigan, maoshini halollab oladigan o‘qituvchilar ham yo‘q emas, ammo juda kam.
Menimcha, o‘qituvchilarning nafaqaga chiqqach ham ishni davom ettirsa, ham pensiya, ham maoshni to‘liq olishiga ruxsat berilganligi ta’lim sifatiga ta’sir o‘tkazmoqda. Keksa o‘qituvchilar yangilangan darsliklar orqali o‘quvchilarga ta’lim berishda bir qancha muammolarga duch kelishmoqda. Bu vaziyatda ham yana repetitor ta’limiga ehtiyoj kuchaymoqda. O‘qituvchilarning o‘zi esa bunday vaziyatlarni dars vaqtining chegaralangani, ushbu cheklangan vaqt davomida o‘qituvchi ham eski mavzuni so‘rashga, ham yo‘qlama qilishga, ham yangi mavzuni tushuntirish-u, mavzu yuzasidan taqdimotlar ko‘rsatishga ulgurmasligi, asosiy vaqti hujjatbozlig-u, konspekt to‘ldirish bilan o‘tib ketishi, dars jadvalida bir kunda bir-biriga muqobil bo‘lmagan 4–6 soat fan joylashtirilishi evaziga o‘quvchi miyasi ma’lumotlarni qabul qilishda qiynalishi, kerakli qo‘shimcha o‘quv qo‘llanmalari uchun maktab budjetidan yetarlicha mablag‘ ajratilmasligi bilan izohlaydi. Bir tomondan ularning fikrida ham jon bor. Repetitorlar darsni o‘zi ishlab chiqqan dastur va o‘zi belgilagan vaqt reglamenti asosida olib boradi. O‘tgan darsi yuzasidan ham hisobot tayyorlab yurmaydi. Bu esa repetitorga anchagina erkinlikni hadya etadi. O‘qituvchilar esa na o‘quv dasturida, na vaqt borasida erkin bo‘lolmaganliklari birmuncha noqulayliklar tug‘diradi. Bu esa ta’lim tizimimizning hali oqsoq jihatlari yetarlicha ekanligidan darak beradi. Bu birgina Shofirkon tumanidagi holat. Avval ko‘rsatkichlarga boqib, keyin parda ortiga nazar tashlasangiz, achchiq haqiqatga guvoh bo‘lasiz.
Bunday holatlarni kamaytirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi maktablarda 2020-yildan 10–11-sinf o‘quvchilari 3-chorakdan boshlab tanlagan ixtisosligi bo‘yicha fanlar doirasida ta’lim olish tizimini eksperiment sifatida yo‘lga qo‘ydi. Ammo ushbu tizim talablariga javob beradigan darajadagi mutaxassislar yetarli emas ekan, tizim naf berarmidi? Xo‘sh, tumanda ushbu masalalarga yechim topish uchun nima qilish kerak? Fikrimcha, maktablarda o‘qituvchilar o‘rtasida adolatli saralash ishlarini olib borish lozim. O‘qituvchilarni hujjatbozlik, tadbirbozlik, yo‘qlama va shu kabi bir qancha yuklardan to‘liq ozod etish, ularga o‘quv dasturi bo‘yicha ham birmuncha erkinliklar berish kerak. Maktabda o‘qitiladigan fanlarni optimallashtirib, mukammal dars jadvalini shakllantirish lozim. Bundan tashqari, xususiy tarzda faoliyat yuritadigan repetitorlarni yuqori maosh evaziga bo‘lsa ham maktablarga jalb qilish kerak. Shundagina o‘quvchilar tushlikkacha darsga, tushlikdan keyin repetitorga chopishdan xalos bo‘ladi. Moddiy tomonlama ota-onalarga ko‘mak, maktab o‘qituvchilari uchun esa professional repetitorlar bilan tajriba almashishga imkoniyat yaratiladi. O‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat yuzaga keladi. Bundan tashqari, maktablar ham saviyali o‘qituvchilar uchun kurash olib boradi. Ishi va maoshidan ayrilishni istamagan o‘qituvchilar o‘z ustida ishlay boshlaydi. Ana shunda faqat munosiblargina maktabda ishlay oladi. Repetitor mehnati ortidan qorni qappaygan direktorlarning rahmat eshitishi ham adolatdan emas-da.
Xullas, barcha o‘z mas’uliyatini his qilgan holda ish tutsa, Xalq ta’lim tizimida, jumladan, Shofirkon tumani maktablarida ham o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat, o‘z mehnatidan moddiy va ma’naviy manfaatdorlik muhiti shakllanadi. Ota-onalarning maktabga ishonchi qaytadi. Tuman yana bir necha yillar davomida birinchilikni qo‘ldan bermaydi. Zero, Shofirkon — akademik Ibrohim Mo‘minov, professor Ibrohim Haqqul va O‘zbekiston xalq shoiri, tarjimon Jamol Kamoldek buyuklarni tarbiyalagan maskan. Bu yerning xalqi och qolsa-da, yirtiq-yamoq kiysa-da, nima qilib bo‘lsa ham farzandini o‘qitadi. Biz umumta’lim maktablarida bu ta’riflarga munosib ta’limni yaqin yilllar ichida yo‘lga qo‘yishimiz zarur!
Guloro YUSUPOVA, O‘zJOKU talabasi