O‘zbekistonda davlat tilining rivojlanish bosqichlari
Yurtimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan so‘ng davlat tilini izchil joriy etish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga mukammal o‘tishni ta’minlash maqsadida 1995-yil 21-dekabrda “Yangi tahrirdagi Davlat tili haqida” qonun qabul qilindi.
Shuningdek, o‘zbek yozuvining lotin alifbosidagi (1929-1940-yillar) ijobiy tajribasidan kelib chiqib va jahon kommunikatsiyasiga kirishni jadallashtirish maqsadida 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.
Mazkur qonun bilan mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan, 31 ta harf va 1 ta tutuq belgisi (apostrof)dan iborat o‘zbek alifbosi amalda bo‘ldi. 1995-yil 6-mayda unga o‘zgartirish kiritilib, 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasidan iborat o‘zbek alifbosi joriy etildi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-2-3-sinflari uchun lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida o‘quv dastur, darslik, metodik materiallar nashrga tayyorlandi.
1996-1997-o‘quv yilidan boshlab, ta’lim o‘zbek tilida olib borilayotgan barcha 1-sinf o‘quvchilari yangi alifboda o‘qishni boshladi va bosqichma-bosqich 2005-yilgacha ular yangi o‘zbek alifbosida o‘quv adabiyotlar majmuasi bilan ta’minlandi. Bugungi kunda ham barcha darsliklar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida chop etilmoqda.
O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Shuningdek, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21-oktabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi. Xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “O‘zbek tilim – iftixorim” tanlovi joriy etildi.
Umida Muslimova, Xalq ta’limi vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
Doniyor Ermatov, O‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlashni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i